Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
UY-JOY NIZOLARI BOʻYICHA SUD AMALIYOTI HAQIDA
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 21-maydagi 6-sonli qaroriga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining qabul qilinishi fuqarolar, davlat organlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning uy-joy munosabatlaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarini aniq chegaralab berdi.
(muqaddimaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur kodeks normalarini sud amaliyotida tatbiq qilish, uy-joy bilan bogʻliq nizolarni toʻgʻri va adolatli hal etish hamda kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida tushuntirishlar berish zarurati vujudga kelganligini hisobga olib Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning 17-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddimaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47-moddasiga koʻra, har kim uy-joyli boʻlish huquqiga ega ekanligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi belgilanganligi, uy-joy qonunchiligi normalariga rioya qilish fuqarolar, shuningdek, uy-joy fondini hisobga olish, saqlash, foydalanish va taʼmirlashni taʼminlash vakolati yuklatilgan davlat organlari, korxonalar, muassasa va tashkilotlarning uy-joyga boʻlgan huquq va manfaatlarini himoya qilishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun sudlar bunday toifadagi ishlarni hal etishda masʼuliyatni yanada oshirishlari, nizolarning qonuniy koʻrilishini toʻliq taʼminlashlari lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 32-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Sudlar uy-joy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha daʼvo arizalarini qabul qilishda avvalo daʼvo talabining sudga taalluqlilik masalasini hal etishlari, daʼvo qoʻzgʻatayotgan shaxsning vakolatini tekshirishlari lozim. Xususan, sudlar quyidagi uy-joy nizolarini hal etish vakolatiga ega:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
xususiy va davlat uy-joy fondlariga qarashli turar-joylarni ijaraga beruvchi hamda ijaraga oluvchilar oʻrtasidagi uy-joy munosabatlari boʻyicha vujudga kelgan nizolar;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi bilan fuqarolar oʻrtasidagi kelib chiqadigan nizolar;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
davlat uy-joy fondining turar-joyiga berilgan hujjatni (orderni) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar;
ijara shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish toʻgʻrisidagi nizolar;
Uy-joy kodeksining 71—74, 79, 85-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha turar-joydan koʻchirish bilan bogʻliq nizolar;
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolik huquq va majburiyatlaridan kelib chiqadigan uy-joy nizolari;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan vujudga keladigan nizolar.
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, yordamchi xonalarni qayta qurish va oʻzgartirishga rozilik berish masalalarini hal qilish mahalliy davlat hokimiyati organi va ijaraga beruvchilarning vakolatiga tegishli ekanligidan kelib chiqib, bunday masalalar boʻyicha daʼvolar sudga taalluqli emasligi sudlarga tushuntirilsin. Biroq, fuqarolar mahalliy davlat hokimiyati va ijaraga beruvchilarning qayd etilgan masalalarni hal qilishi bilan bogʻliq harakatlaridan norozi boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda tegishli shikoyat bilan sudga murojaat qilishlari mumkin.
(2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Sudlar uy-joy nizolarini hal qilishda uy-joyning huquqiy holatini, uning xususiy yoki davlat uy-joy fondiga tegishliligini aniqlashlari lozim.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Xususiy uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:
fuqarolarning mulki boʻlgan uy-joy fondi (yakka tartibdagi turar-joy binolari, xususiylashtirilgan, qurilgan hamda sotib olingan kvartiralar va uylar, uy-joy hamda uy-joy qurilish kooperativlariga qarashli uylardagi pay badallari toʻliq miqdorda toʻlangan kvartiralar, hadya, ayirboshlash shartnomalari hamda meros huquqi va Oʻzbekiston Respublikasi FKning 187-moddasi asosida olingan kvartiralar va uylar);
xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari hamda boshqa nodavlat yuridik shaxslarning mulki boʻlgan hamda ularning mablagʻlari hisobidan qurilgan yoki kim oshdi savdosida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda (oldi-sotdi, hadya, meros, va h.k. shartnomalar) olingan kvartiralar va uylar.
Davlat uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:
mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida boʻlgan, mahalliy budjetga tushgan soliqlar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha boshqa tushumlar hisobidan barpo etilgan uy-joylar fondi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida boʻlgan, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan barpo etilgan, xususiy, munitsipal uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam taʼminlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartnomalari asosida foydalanilayotgan aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi;
davlat korxonalari, muassasa va tashkilotlarning toʻla xoʻjalik yurituvida yoki operativ boshqaruvida boʻlgan idoraga qarashli boʻlgan uy-joy fondi;
4. Uy-joy fondi tarkibiga kirmaydigan binolardan (ishlab chiqarish binolari, sexlar, yigʻma inshootlar, palatkalar, oʻtovlar, vagon uycha va h.k.lardan) koʻchirishda yoki ularni boʻshatishda sudlar mulk ijarasi shartnomalarini tartibga soluvchi fuqarolik kodeksining normalarini tatbiq etishlari lozim.
Xususiy uy-joy fondidan foydalanish, tasarruf etish, egalik qilish bilan bogʻliq nizolar
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 32-moddasining sakkizinchi qismiga muvofiq, uy yoki kvartiraning mulkdori, uning oila aʼzolari, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar va sobiq oila aʼzosi oʻrtasidagi turar joydan foydalanish bilan bogʻliq nizolar (uyga kiritish, uydan koʻchirish, foydalanish tartibini belgilash, uy-joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb topish va h.k.) hamda qilingan xarajatlardagi ulush miqdori haqidagi nizolar sud tartibida hal etiladi.
Bunda sud, mulkdorning oila aʼzolari va u bilan birga yashayotgan fuqarolar turar joydan teng foydalanish huquqiga ega ekanligini inobatga olib, sarf qilingan xarajatlardagi ulush miqdorini uyda yashayotgan barcha shaxslarni inobatga olgan holda belgilashi mumkin.
Sud turar joyga majburiy tartibda kiritish haqidagi nizolarni hal etishda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega boʻlgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqi toʻlash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklashda taraflarning kelishuvga erishganligiga alohida eʼtibor qaratishi lozim.
Bunday kelishuvga erishilganligi taraflar oʻrtasida tuzilgan yozma kelishuv bitimi yoki mulkdor va kiritilayotgan shaxsning yozma arizalari bilan tasdiqlanadi. Kelishuvga qanday usulda erishilganligiga qarab sud ishni kelishuv bitimini tasdiqlab, ish yuritishni tugatadi yoxud hal qiluv qarori qabul qiladi.
Turar joyning mutanosib sharoitlarga ega ekanligi fuqaroning normal turmush kechirishi uchun yetarli boʻlgan shart-sharoitlar (kommunal tarmoqlarga ulangan, sanitariya va gigiyena talablariga javob beradigan va h.k) mavjudligi bilan baholanadi.
Sud ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqi toʻlash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklash masalasini hal etishda ijara shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 539 va 574-moddalari talablariga muvofiq tuzilganligi va tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi yoxud soliq organida hisobga qoʻyilganligini tekshirishi lozim.
Ijara shartnomasi bekor qilingan holatda turar joyga kiritishni talab qilayotgan shaxs mulkdorga nisbatan uyga kiritish haqidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilish huquqini saqlab qoladi.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, mulkdorga nisbatan uy-joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb topish haqidagi daʼvoni qanoatlantirish mumkin emas.
Tushuntirilsinki, sobiq mulkdor va uning oila aʼzolari uy-joyni oldi-sotdi shartnomasiga asosan begonalashtirganda, shartnomada koʻrsatilgan kundan, agar shartnomada ularning roʻyxatdan chiqish muddati kelishilmagan boʻlsa, shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran turar joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb hisoblanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 23-iyundagi 15-sonli qarori tahririda)
6. Ulushli mulkdagi uy-joylarni boʻlishda mulkdorlar oʻzaro kelisha olmagandagina sud tartibida hal qilinadi.
Ulushli yoki umumiy mulkda boʻlgan uy-joylarni boʻlishda sudlar, nizoli uy-joyda mavjud boʻlgan xonalar va foydalanishda boʻlgan umumiy maydonni hisobga olib, hissa boʻyicha teng yoki hissadan uncha koʻp, uncha kam boʻlmagan holda boʻlishni, yoxud ayrim xonalarni qayta qurish hisobidan uy-joyni boʻlish imkoniyati mavjudligi toʻgʻrisida tegishli ekspertiza xulosalarini inobatga olishlari zarur. Sud bunday mulkdagi uy-joylarni boʻlishda taraflarga ajratilgan barcha xona hamda qoʻshimcha va yordamchi imoratlarni oʻz qarorida aniq koʻrsatishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Ulushli mulkdagi turar-joy mulkdorlariga ularning ulushini asl holda ajratib berish oʻrniga kompensatsiya toʻlanishiga ularning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Mulkdorning turar-joydagi ulushi boshqa mulkdorlarning ulushidan ancha kam boʻlsa, ulushlarga teng taqsimlashning imkoni boʻlmasa, mulkdor nizoli uyda yashamayotgan boʻlsa, u boshqa uy-joy bilan taʼminlangan boʻlsa, mulkdan foydalanishda katta manfaatga ega boʻlmagan hollarda sud ushbu mulkdor rozilik bermagan taqdirda ham ulushli mulkning qolgan ishtirokchilari zimmasiga mazkur mulkdorga kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Umumiy foydalanishdagi turar-joyni ishtirokchilar oʻrtasida ularning ulushlariga mos ravishda boʻlishda alohida yashash xonasidan tashqari yordamchi xonalar, alohida kirish-chiqish yoʻllari mavjud boʻlganda yoki uy-joyning bir qismini tegishlicha qayta jihozlash yoʻli bilan ajratish imkoniyati mavjud boʻlgan taqdirdagina daʼvo qanoatlantirilishi lozim. Bunday imkoniyat boʻlmagan taqdirda, sud daʼvogarning iltimosiga koʻra, taraflarga turar-joydan foydalanish tartibini belgilab berishi yoki ushbu turar-joyni taraflar tegishli tartibda almashtirish yoxud ikkinchi tarafga hissasiga teng boshqa turar-joy olib berish huquqiga ega ekanliklarini tushuntirishi lozim.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 107-moddasi talabiga muvofiq turar-joyning mulkdori va uning voyaga yetgan oila aʼzolari, ijaraga oluvchi va uning voyaga yetgan oila aʼzolari, hamda u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosi va pay jamgʻarmasining qismiga huquqi boʻlgan uning oila aʼzolari oʻrtasida turar-joyni almashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishilmagan boʻlsa, ulardan har biri egallab turgan joyini turli uylar, kvartiralardagi turar-joylarga majburan almashtirishni sud tartibida talab qilishga haqlidirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Turar-joylarni almashtirishni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha ishlarni koʻrishda almashtirilayotgan turar-joylarda yashayotgan voyaga yetgan barcha shaxslarning ishga tegishliligicha jalb qilinib, almashtirish tartib qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilganligini, turar-joyni almashtirishga monelik qiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 109-moddasida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan-boʻlmaganligini, almashtirishni rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 112-moddasi talabi asosida amalga oshirilganligini har tomonlama tekshirishlari lozim. Koʻrsatilgan qoidalarga rioya qilmaganlik almashtirish shartnomasini haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlishi mumkin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, turar-joylarni almashtirish haqiqiy emas deb topilganda, taraflarga ilgari egallab kelgan turar-joylariga koʻchib oʻtish majburiyati yuklatilishi zarur.
Turar-joylarni almashtirishni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talab almashtirish amalga oshirilgan kundan boshlab olti oy mobaynida qoʻyilishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 114-moddasi).
Oldingi tahrirga qarang.
8. Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʻlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʻyicha va taraflar kelishuviga koʻra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʻlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻlanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek, yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati toʻliq hajmda toʻlanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda esa, ushbu farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 21-maydagi 6-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 21-maydagi 6-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Davlat uy-joy fondlaridan foydalanish bilan bogʻliq nizolar
Oldingi tahrirga qarang.
11. Fuqarolarni qonunda koʻzda tutilgan asoslar boʻyicha (Uy-joy kodeksining 71 — 73-moddalari) boshqa uy-joy bergan holda uy-joydan koʻchirish toʻgʻrisida daʼvo arizasini qabul qilishda, sudya daʼvo arizasida uydan koʻchirilayotgan fuqarolarga taqdim etilayotgan uy-joyning aniq manzili koʻrsatilganligini tekshirishi shart. Agar daʼvo arizasida manzil koʻrsatilmagan boʻlsa, bu holat FPK 195-moddasi birinchi qismining 4-bandiga muvofiq daʼvo arizasini qaytarish haqida ajrim chiqarish uchun asos boʻladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Sud, ishni koʻrishda ishning haqiqiy holatini, taraflarning huquq va majburiyatlarini har tomonlama toʻliq va xolisona oʻrganib chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli moddalarida bayon etilgan harakatlarni amalga oshirishi zarur, xususan, taraflar yoki ularning vakillarini suhbatga taklif etishi, ularning mazkur daʼvoga oid barcha dalil hamda eʼtirozlarini va ishni kelishuv bitimi tuzish yoʻli bilan hal etish imkoniyatlarini oʻrganib chiqishi, zarur hollarda, taraflarga ishni sudda koʻrishga tayyorlash va ish sudda koʻrilayotgan jarayonda ham kelishuv bitimi tuzish yoʻli bilan tugatishni taklif qilishi lozim.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlarga tushuntirilsinki, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar-joylar fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq ajratiladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 42-moddasiga muvofiq uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan bir kishi hisobiga oʻn olti kvadrat metrdan kam boʻlmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravalarda harakatlanayotgan nogironlar uchun esa yigirma uch kvadrat metrdan kam boʻlmagan hajmda belgilanadi. Er-xotindan tashqari turli jinsga mansub shaxslar bir xonaga yoki bir xonali kvartiraga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaslik maqsadida davlat uy-joy fondidan uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha turar-joy berilishi mumkin.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Qoʻshimcha uy-joy maydoni olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha qoʻshimcha uy-joy maydoni bir xona tarzida yoki oʻn sakkiz kvadrat metrli umumiy maydon miqdorida berilishi lozim.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 43-moddasi talabiga muvofiq korxona, muassasa, tashkilotlar tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan munitsipal va idoraviy uy-joy fondi uylarida boʻshayotgan turar-joylar, shuningdek, bu idoralarning ulushli ishtirok etish tartibida topshirilgan mablagʻlariga qurilgan uylarda boʻshayotgan turar-joylar birinchi navbatda ushbu korxona, muassasa, tashkilotlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan xodimlarga koʻchib kirish uchun berilishiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
Ushbu qonun talablariga rioya qilinmagan holda berilgan order hokimiyat, korxona, tashkilot va muassasalarning daʼvosi boʻyicha haqiqiy emas deb topiladi.
15. Turar-joy berish navbatining buzilishi sababli hujjat (order)ni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvolar bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda, sud, quyidagi holatlarni: turar-joy berish navbati haqiqatdan ham buzilganligini; javobgar mehnat shartnomasi tuzishda koʻzda tutilishi mumkin boʻlgan asoslarda navbatidan tashqari yoki birinchi navbatda turar-joy olish huquqiga ega ekanligini; belgilangan tartibda turar-joy sharoitini yaxshilashga muhtojlar roʻyxatida javobgardan oldin turgan fuqarolar hujjatda (orderda) koʻrsatilgan uyga daʼvogarlik qilmaganligini (masalan, kattaroq, kengroq uy olish istagini bildirganligi) yoki ishni koʻrib chiqish davriga kelib javobgarga turar-joy berishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar bekor boʻlganligini (masalan, turar-joy sharoitini yaxshilashga muhtojlar roʻyxatida javobgardan oldin turgan fuqarolar turar-joy olgan boʻlib, nizo kelib chiqishiga sabab boʻlgan, daʼvogarlikdan voz kechgan hollar) aniqlashi lozim.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 50-moddasi talabiga koʻra ijaraga oluvchining oila aʼzolari va u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar turar-joydan foydalanishda ijaraga oluvchi bilan teng huquqqa egadir va bu shaxslar ijaraga berish shartnomasi majburiyatlari yuzasidan ijaraga beruvchi oldida javobgardirlar.
Boshqa shaxslarni oila aʼzosi deb topish masalasini hal etishda (xotini, eri, bolalari, ota-onalaridan tashqari) sud ularning ijarachi va uning oila aʼzolari bilan munosabatlarini, umumiy xoʻjalik yuritganliklarini, bir-biriga oʻzaro yordam koʻrsatib kelganliklari va oilaviy munosabatlari mavjudligini guvohlantiruvchi holatlarni aniqlashi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
18. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 52-moddasiga muvofiq munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar-joyni ijaraga oluvchi, uning oila aʼzolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha boʻlmaganlarida (agar, turar-joy boʻyicha uzoq muddat saqlanishi koʻrsatilmagan boʻlsa) turar-joy olti oy muddat davomida uning hisobida saqlanadi. (Shu moddaning ikkinchi qismida bayon qilingan holatlar bundan mustasno).
Shaxsning belgilangan muddatdan ortiq davr mobaynida uyda boʻlmasligi oqibatida turar-joydan foydalanish huquqi manfaatdor shaxslarning daʼvosi boʻyicha sud yoʻli bilan yoʻqotgan deb topilishi mumkin. Agar, sud, shaxsning belgilangan muddatdan ortiq davrda yashamasligini uzrli sabablar oqibatida yuzaga kelgan deb hisoblasa, daʼvoni qanoatlantirmasdan rad etishi mumkin.
19. Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi uylarida ijaraga oluvchi va uning oila aʼzolarining talabi boʻyicha turar-joy ijara shartnomasini (turar-joyni boʻlish) oʻzgartirish mumkin. Bunday nizolarni koʻrishda, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 9-moddasi talabi mavjud boʻlgan sharoitdagina ijara shartnomasini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
20. Ijaraga beruvchi turar-joyni ijaraga berish shartnomasi shartlaridan kelib chiqadigan nizolar (kvartira haqi, xonalar va obodonlashtirish obyektlariga yetkazilgan shikast natijasida keltirilgan zararni qoplash va h.k.) boʻyicha taraf sifatida ishtirok etishi shart.
Davlat uy-joy fondini boshqarish bilan shugʻullanuvchi organlar esa, turar-joy berish, turar-joylarni almashtirish, turar-joylarni saqlash (bron qilish) kabi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha taraf sifatida qatnashishi lozim.
21. Davlat uy-joy fondidagi turar-joyning kapital taʼmirlanishi munosabati bilan fuqarolarga turar-joy berib koʻchirish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda, sud, fuqarolarni koʻchirmasdan taʼmirlash mumkin yoki mumkin emasligini, kapital taʼmirlash vaqtida taqdim qilinadigan turar-joy sanitariya, texnik, yongʻinga qarshi talablarga javob berishligini hamda shu aholi punkti chegarasi doirasida joylashganligini, koʻchirilayotgan fuqarolarning yoshi, sogʻligʻi va boshqa eʼtiborga sazovor holatlarni hamda kapital taʼmirlash muddatini eʼtiborga olishi lozim.
Agar ijarachilar fuqarolarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan uydan kapital taʼmirlanishi sababli chiqarilayotgan boʻlsalar, sud, uy kapital taʼmirlash ehtiyojiga muhtojligini, mulk egasi taʼmirlash imkoniyatiga ega ekanligini (masalan: mablagʻ, qurilish materiallarining mavjudligi), shuningdek taʼmirlash ishlarini amalga oshirish mumkin boʻlgan vaqtni inobatga olib, ijarachi va uning oila aʼzolarini maʼlum muddatga koʻchirib chiqarilayotganligini hal qiluv qarorida koʻrsatishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Sudlarga tushuntirilsinki, munitsipal va idoraviy uy-joy fondiga qarashli turar-joyni hamda yordamchi xonalarni qayta qurish, oʻzgartirish bilan bogʻliq nizolarni hal etishda bunday qurilishlarni amalga oshirish uchun ijaraga oluvchining, uning voyaga yetgan oila aʼzolarining, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning, ijaraga beruvchining roziligi olinganligini aniqlash lozim.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Agar, bunday qurilishlar ijaraga beruvchining ruxsatisiz oʻzboshimchalik bilan amalga oshirilganligi aniqlangan taqdirda, ijaraga oluvchi hisobidan bu qurilishlar buzib tashlanishi lozimligi sudlarga uqtirilsin.
Aniq maqsadli kommunal uy-joy fondiga qarashli uylardagi turar-joylarni va yordamchi xonalarni qayta qurish hamda oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar, bunday nizo fuqarolarga shaxsiy mulk sifatida tegishli boʻlgan turar-joylarda yashovchi ijarachilar oʻrtasida kelib chiqadigan boʻlsa, bu holatda sud nafaqat mahalliy hokimiyat, balki uyga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqiga ega boʻlgan mulkdorning ham roziligini hisobga olishi lozim.
23. Davlat uy-joy fondiga tegishli turar-joy uchun kommunal xizmat haqlarini undirish haqidagi daʼvolar boʻyicha ishga faqat ijaraga oluvchi javobgar sifatida jalb qilinadi.
Xususiy uy-joy fondiga tegishli turar-joylarga koʻrsatilgan xizmat xarajatlari yuzasidan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha esa, mazkur turar-joyning barcha voyaga yetgan mulkdorlari ishga javobgar sifatida jalb qilinishi, basharti, bu turdagi daʼvolar qanoatlantirilgan taqdirda, toʻlov ulardan solidar tartibda undirilishi mumkinligi masalasiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan ijarachi yashayotgan uyi (kvartirasi) buzilishi oqibatida uydan koʻchirilayotganda, sud, yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish haqidagi tegishli hokimlikning qarori mavjudligini tekshirishi lozim. Bunday qarorning mavjud emasligi daʼvoni rad etish uchun asos boʻladi.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, davlat uy-joy fondiga tegishli turar joy jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi ajratilishi munosabati bilan buzilgan taqdirda, shu uy-joylardan koʻchirilayotgan fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 9-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan boshqa obod turar joy beriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
25. Sud xizmat turar-joylaridan koʻchirib chiqarish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda, avvalo, nizoli turar-joy xizmat turar-joyi maqomiga ega ekanligini aniqlashi lozim. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylarida joylashgan, oʻz mehnat munosabatlari xususiyatiga koʻra ish joyiga bevosita yaqin yerda yashashi kerak boʻlgan fuqarolar koʻchib kirishiga moʻljallangan turar-joy boʻlib, koʻchirilishi lozim boʻlgan fuqaro xizmat vazifasini bajarishi sababli olganligi va uy-joy berilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xizmat turar-joylari olish huquqiga ega boʻlgan xodimlar roʻyxatida koʻrsatilgan xizmatchilar toifasiga tegishli boʻlganligini eʼtiborga olib daʼvoni hal etish lozim boʻladi.
Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondiga qarashli boʻlgan turar-joyga xizmat turar-joylari olish huquqiga ega boʻlgan xodimlar roʻyxatiga kirmaydigan shaxs berilgan hujjat (order) asosida joylashtirilgan boʻlsa, mazkur hujjat (order) haqiqiy emas deb topiladi va javobgar Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 47-moddasi talabiga muvofiq turar-joydan koʻchiriladi.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 80-moddasi talabiga muvofiq xizmat turar-joylarida istiqomat qiluvchi ayrim toifadagi fuqarolar boshqa turar-joy ajratilmasdan koʻchirilishi mumkin boʻlmaganligidan kelib chiqib, sud, bunday fuqarolar mazkur moddada koʻzda tutilgan imtiyozlarga ega ekanligini aniqlashi zarur. Bunday imtiyozga ega boʻlgan fuqarolar xizmat turar-joylaridan faqat boshqa sanitariya, yongʻinga qarshi, texnik talablarga javob beradigan, shu aholi punkti chegarasi doirasida boʻlgan turar-joy berilishi bilan koʻchirilishi mumkin.
27. Sud yotoqxonalardan koʻchirish toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishda javobgar egallab turgan xona yotoqxona maqomiga ega ekanligini tekshirishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud, xizmat lavozimi bilan bogʻliq ravishda berilgan yotoqxonadan koʻchirishda daʼvogar va javobgar oʻrtasida qanday mehnat shartnomasi tuzilganligi va u qanday asoslarga koʻra bekor qilinganligini aniqlashi zarur. Bunda, sudlar, shuni nazarda tutishlari lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 85-moddasiga muvofiq ishni tugatgan mavsumiy-vaqtinchalik ishchilar, muddatli mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchilar, shuningdek, uzrsiz sabablarga koʻra oʻz ixtiyori bilan yoki mehnat intizomini buzganligi sababli yoki jinoyat sodir etganligi sababli mehnat shartnomasi bekor boʻlib ishdan boʻshaganlar hamda oʻquv yurtida oʻqishni tugatganlar, oʻquv yurti talabasi safidan chiqarilganlar boshqa turar-joy berilmasdan koʻchirilishi lozim.
(27-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Boshqa asoslar boʻyicha mehnat munosabatlarini toʻxtatgan shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 80-moddasida qayd etilgan shaxslar, faqat, Uy-joy kodeksining 9-moddasi talablariga javob beradigan boshqa uy ajratilgan holda yotoqxonadan koʻchirilishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Agarda yotoqxonadan joy ajratish mumkin boʻlmagan fuqaroga yotoqxona berilgan boʻlsa, bunday shaxsni koʻchirish toʻgʻrisida daʼvo taqdim qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 46-moddasiga muvofiq yotoqxonadan joy berish toʻgʻrisidagi hujjat (order)ni haqiqiy emas deb topish masalasi hal etilishi lozim. Bunda sudlar Uy-joy kodeksining 47-moddasida koʻzda tutilgan qoidalar qoʻllanilishini eʼtiborga olishlari zarur.
(27-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
28. Sudlar uy-joy munosabatlaridan kelib chiqqan nizolarni hal qilishda davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilgan holatlarni aniqlaganda ularga nisbatan FPK 275-moddasiga binoan xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan tegishli munosabat bildirishlari lozim.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
29. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1984-yil 30-oktabrdagi “Oʻzbekiston SSR Uy-joy kodeksini sudlar tomonidan qoʻllash amaliyoti haqida”gi 11-sonli hamda shu qarorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi 1986-yil 25-aprel, 1988-yil 27-dekabrdagi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2001-yil 14-sentabr,
22-son