OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAʼLIM MUASSASALARIGA QABUL QILISH BOʻYICHA DAVLAT KOMISSIYASINING
BAYONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAʼLIM MUASSASALARIDA IKKINCHI VA UNDAN KEYINGI TAʼLIMNI OLISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 21-avgustda 1844-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
[Koʻchirma]
13. “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi taʼlimni olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Adliya vazirligi mazkur Nizomni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin.”.
Taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi raisi R. QOSIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 13-avgust,
15-son
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan 2008-yil 13-avgustdagi 15-son bayon bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi taʼlimni olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga muvofiq, barcha oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga tegishlidir.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) muvofiq, oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan tartibda ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumotni olish huquqiga ega.
Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot boʻyicha oʻqitish toʻlov-kontrakt (shartnoma) asosida amalga oshiriladi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun kontrakt (shartnoma)ni tuzish tartibi va shartlari “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 795, 1999-yil 6-avgust) bilan belgilanadi.
2. Oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar quyidagi ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumotni olishlari mumkin:
oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli mutaxassis darajasiga ega boʻlgan shaxslar — oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha;
bakalavr va diplomli mutaxassis darajasiga ega boʻlgan shaxslar — bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha;
magistr darajasiga ega boʻlgan shaxslar — bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va turdosh magistratura mutaxassisliklari boʻyicha.
Oldingi tahrirga qarang.
Ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot olish mumkin boʻlgan turdosh magistratura mutaxassisliklari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
3. Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot olish boʻyicha kadrlar tayyorlash huquqiga ega taʼlim muassasalari roʻyxati hamda oliy taʼlim muassasalarida ularning bakalavriat va magistraturasiga qabul koʻrsatkichlari real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari uchun malakali kadrlarga boʻlgan talab-ehtiyojga hamda taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot olish uchun abituriyentlar qabulini taʼlim muassasasi qabul komissiyasi amalga oshiradi. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim boʻyicha qabul koʻrsatkichlari taʼlim muassasasi uchun muayyan taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha oʻrnatilgan qabul rejasidan (muvofiq ravishda bakalavriat va magistratura boʻyicha) ortiq boʻlishi mumkin emas.
4. Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot olmoqchi boʻlgan shaxslar taʼlim muassasasining qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
taʼlim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza;
oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot toʻgʻrisida davlat namunasidagi diplom (asl nusxasi) ilovasi bilan (xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari oʻrnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi lozim);
3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurat;
№ 086-U shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat nusxasi.
Pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat shaxsan koʻrsatiladi.
5. Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot olish uchun hujjatlar 20-iyuldan 20-avgustgacha qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Taʼlim muassasasining qabul komissiyasi kiruvchilarning bilim darajasini baholash maqsadida shakli va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishiladigan sinovlar oʻtkazish huquqiga ega.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
7. Taʼlim muassasasi quyidagilarni mustaqil hal qiladi:
hujjatlar qabul qilish;
hujjatlarni qabul qilishda va ularning haqiqiyligini aniqlashda qabul komissiyasi masʼuliyatini oshirish;
ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot olish boʻyicha kiruvchining birinchi maʼlumoti bilan taqqoslangan holda, oʻquv rejalari va dasturlaridagi farqlarni aniqlash;
oʻquv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlar asosida taʼlim muassasasida oʻqitish kursini belgilash (birinchi yoki ikkinchi kursdan yuqori boʻlishi mumkin emas);
kiruvchining tegishli kursda oʻqish uchun oʻquv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlarni topshirish tartibi va muddatlarini belgilash.
8. Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot boʻyicha oʻqishga kiruvchilarni talabalar safiga qabul qilish taʼlim muassasasining qabul komissiyasi qaroriga asosan oʻqish uchun kontraktda belgilangan mablagʻ miqdori belgilangan tartibda oʻtkazilgandan soʻng, 15-sentabrdan kechiktirilmay taʼlim muassasasining rektori (direktori) buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Ikkinchi oliy maʼlumot olish boʻyicha oʻquv jarayoni mazkur taʼlim muassasasida amalda kadrlar tayyorlanayotgan taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) va taʼlim shakli boʻyicha, shuningdek, talaba qabul qilingan kursga oid amaldagi normativ-uslubiy hujjatlar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
10. Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumot boʻyicha talabalar safiga qabul qilingan shaxslar oʻzlashtirishi ularning bilimini nazorat qilishning reyting tizimiga asosan baholanadi.
11. Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumotini olgan shaxslarga, davlat attestatsiyasi yakunlari boʻyicha, davlat namunasidagi hujjat (diplom, ilova bilan) beriladi.
12. Ikkinchi va undan keyingi oliy (oʻrta maxsus, kasb-hunar) maʼlumotini olish boʻyicha qabulni tashkil etish va amalga oshirish masʼuliyati taʼlim muassasasining rektori (direktori) zimmasiga yuklatiladi.
II. Yakuniy qoidalar
13. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat test markazi bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-iyul
Xalq taʼlimi vaziri G. SHOUMAROV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-iyul
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 20-iyul
Davlat test markazi direktori B. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 341-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)