|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.12.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining
buyrug‘i
OZUQABOP EKINLAR URUG‘CHILIGIGA IXTISOSLASHTIRILGAN XO‘JALIKLARNI TASHKIL ETISH VA OZUQABOP EKINLAR URUG‘LIGINI YETISHTIRISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 10-iyunda 1820-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining 2025-yil 24-noyabrdagi 41-sonli ““Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni tashkil etish va ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1820-1, 01.12.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi va “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-842-sonli qaroriga asosan buyuraman:
1. Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni tashkil etish va ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2008-yil 21-may,
89-son
Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni tashkil etish va ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida” va “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-842-son qaroriga asosan ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni tashkil etish va ozuqabop ekinlar urug‘ligi yetishtirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar tuman hokimligi qoshida tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tanlov asosida tuman hokimining qaroriga muvofiq tashkil etiladi. Komissiyaning ish faoliyati tuman hokimining qarori bilan tartibga solinadi.
2. Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar fermer, tajriba va boshqa xo‘jaliklar negizida tashkil etiladi.
3. Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarda bir mavsumda ikki turdan ko‘p bo‘lmagan ozuqabop ekin urug‘ligini yetishtirishga ruxsat etiladi.
Bir konturda bir turdagi ozuqabop ekinning ikkita navi urug‘ligini yetishtirishga ruxsat etilmaydi. Ozuqabop ekinlarni joylashtirishda mazkur hududlarning tuproq va iqlim sharoitlari va navlarning biologik xususiyatlari inobatga olinadi.
4. Tumanlarda ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish maydoni, urug‘lik uchun ekiladigan ozuqabop ekinlar urug‘ligi navlari va kutiladigan ozuqabop ekinlar urug‘ligi hajmlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tomonidan taklif etilgan rejaga asosan belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qaroriga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
5. Ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan fermer, tajriba va boshqa xo‘jaliklar qaysi navdan necha gektar ekishi va qancha hajmda urug‘lik yetishtirishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimining kelgusi yillar hosili uchun talab etiladigan urug‘lik tayyorlash hajmlari va navlarni joylashtirish to‘g‘risidagi qaroriga asosan belgilab beriladi.
II. Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarning vazifa va funksiyalari
6. Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarning vazifa va funksiyalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
a) asosiy vazifalari:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qarorining 3-ilovasida belgilangan ekin maydonlarini urug‘ bilan ta’minlashda navlar bo‘yicha zarur miqdordagi, standart talablariga mos keluvchi nav urug‘larining avlodlarini hisobga olgan holda yetishtirish;
ko‘paytirilayotgan navning qimmatli xo‘jalik va texnologik xususiyatlarini saqlab qolish;
yuqori sifatli va nav sofligiga ega bo‘lgan birinchi va keyingi reproduksiyadagi urug‘larni yetishtirish;
birinchi va keyingi reproduksiyadagi urug‘liklarni yetishtirish va qayta ishlash tartib va qoidalariga amal qilish;
nav mualliflari va nav originatorlari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va me’yorlarda sifatli o‘tkazilishini ta’minlash;
b) yuklatilgan vazifalarga asosan quyidagi funksiyalarni bajaradi:
urug‘lik maydonlari yuqori unumdor, mexanizmlar yordamida ishlov berishga qulay, suv bilan yaxshi ta’minlangan, sho‘rlanmagan va tekis dalalarda joylashtirish;
almashib ekish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish dasturini tuzish va ularning bajarilishini ta’minlash;
birinchi va keyingi reproduksiyadagi urug‘lik maydonlarini ixcham qilib joylashtirish, belgilangan tartibda va maqbul muddatlarda oraliq himoya masofani saqlagan holda ekish;
foydalanishga ruxsat etilgan preparatlar bilan zararsizlantirilgan urug‘larni ekish;
nav va tur tozaligi bo‘yicha dala ko‘rigi va begona nav turlari o‘tog‘ini o‘tkazishni tashkillashtirish.
Belgilangan navlarni o‘zboshimchalik bilan almashtirish taqiqlanadi.
III. Ozuqabop ekinlardan yetishtiriladigan urug‘liklar hajmini aniqlash va yetishtirish
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda kelgusi yil hosili uchun ekiladigan ozuqabop ekinlar navlarining urug‘liklari hajmiga bo‘lgan talabni, navlarni hududlar bo‘yicha joylashtirilishini va undan olinadigan hosilning prognoz hajmlarini aniqlaydi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
8. Urug‘lik yetishtirish maqsadida ekilgan ozuqabop ekinlar maydonlarida ularning avlodidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining buyrug‘iga asosan aprobatsiya o‘tkaziladi. Aprobatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, don mahsulotlari korxonalari hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining joylardagi bo‘limlari vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan aprobatsiya komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
9. Aprobatsiya komissiyalari tomonidan ozuqabop ekin urug‘ligi ekilgan maydonlarda o‘tkazilgan aprobatsiya natijalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining ozuqabop ekinlar urug‘larini navlar bo‘yicha xarid qilish to‘g‘risidagi hosil yili boshida qabul qiladigan qarorlariga o‘rim-yig‘im mavsumi boshlanishidan kamida 15 kun oldin o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
10. Urug‘chilik xo‘jaliklaridan xarid qilinadigan ozuqabop ekinlar urug‘ligining hajmi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qarorining 3-ilovasida ko‘rsatilgan ekin maydonlari uchun talab etiladigan miqdorda belgilanadi.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining ozuqabop ekinlar urug‘larini navlar bo‘yicha xarid qilish to‘g‘risidagi qarorlariga o‘zgartirish kiritilgandan keyin 10 kun muddatda urug‘chilik xo‘jaliklari bilan urug‘lik uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuziladi.
12. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari ozuqabop ekinlar navlarining elita urug‘liklarini ilmiy tadqiqot muassasalari va nav originatorlaridan, keyingi reproduksiyadagi urug‘larni esa ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklaridan shartnoma asosida sotib oladi.
13. Ozuqabop ekinlar urug‘larini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish urug‘chilikka ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar tomonidan tijorat banklariga berilgan buyurtmalari bo‘yicha kredit resurslari hisobiga amalga oshiriladi.
14. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar yetishtirilgan urug‘lik materiallarni aprobatsiya dalolatnomalari asosida belgilangan xo‘jaliklardan qabul qiladilar.
15. Yetishtirib berilgan urug‘liklar belgilangan tartibda konditsiya darajasiga yetkazilib so‘ngra chorvachilikka ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklariga ekish uchun sotiladi.
16. Elita urug‘larining xarid narxlari elita urug‘larini yetishtirishda qilingan xarajatlar kalkulyatsiyasi asosida nav-orginatorlari bilan kelishilgan holda aniqlanadi.
17. Kalkulyatsiyaga urug‘shunos va seleksionerning mualliflik gonorar xarajatlari ham qo‘shib hisoblanadi.
18. Ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tizimi mazkur Nizomda keltirilgan ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Shartnoma shartlari bajarilmaganda tomonlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 24-bobi.
20. Mazkur Nizomda belgilangan talablarni buzgan va unga amal qilmagan xo‘jaliklar urug‘chilik toifasidan chiqariladi.
IV. Yakuniy qoidalar
21. Ushbu Nizomda tartibga solinmagan masalalar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda hal etiladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasi.
22. Mazkur Nizom O‘zbekiston Fermer xo‘jaliklari uyushmasi va “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi A. ORIPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 16-may
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi E. QUDRATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 16-may
Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga
ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni
tashkil etish va ozuqabop ekinlar
urug‘ligini yetishtirish tartibi
to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni
tashkil etish va ozuqabop ekinlar
urug‘ligini yetishtirish tartibi
to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tizimi

(ilova O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 24-25-son, 229-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)