Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.06.2018
ELEKTR ENERGETIKADA NAZORAT BO‘YIChA DAVLAT INSPEKSIYASI “O‘ZDAVENERGONAZORAT” BOShLIG‘INING
BUYRUG‘I
ELEKTR BILAN ISITISh MAQSADIDA ELEKTR ENERGIYASIDAN FOYDALANIShNI KELIShISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 29-fevralda 1775-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2018-yil 28-maydagi 6-sonli “Elektr bilan isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1775-1, 31.05.2018-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-apreldagi 210-sonli “Sobiq SSR Ittifoqining qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi) to‘g‘risidagi nizomga asosan, buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan Elektr bilan isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
3. Ushbu buyruq kuchga kirgan kundan boshlab, SSSR Energetika va elektrlashtirish vazirligi va SSSR Gosplani tomonidan tasdiqlangan “Elektr qozonlari va boshqa elektr isitish asboblarining qo‘llanishini kelishish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma” O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilmasin.
Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiya boshlig‘i B. G‘ULOMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-yanvar,
10-son
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining
2008-yil 30-yanvardagi 10-son buyrug‘i bilan
TASDIQLANGAN
Elektr bilan isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-apreldagi 210-son “Sobiq SSR Ittifoqining qonunga oid hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori, 2004-yil 1-martdagi 96-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi) to‘g‘risidagi nizom”ga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 9 son, 105-modda) va 2005-yil 27-yanvardagi 32-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-yil, 3-4 son, 26-modda) muvofiq, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali foydalanish borasidagi davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida texnologik jarayonlarda hamda uylarni isitish va issiq suv ta’minoti uchun elektr energiyasidan foydalanilishini kelishish tartibini belgilaydi.
1 §. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yangi ishga tushirilayotgan va ishlayotgan obyektlarda isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanuvchi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va elektr energiyasi iste’molchilari bo‘lib hisoblanuvchi yuridik hamda jismoniy shaxslarga taalluqlidir.
2. Iste’molchilar o‘z obyektlarida elektr qozonlari va boshqa elektr isitish asboblarini (bundan keyin matnda elektr isitish asboblari deb yuritiladi) o‘rnatishda loyihalash va qurilish-montaj ishlarini boshlashdan oldin elektr energiyadan foydalanilishini Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi “O‘zdavenergonazorat”da (bundan keyin matnda “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi deb yuritiladi) va uning hududiy bo‘limlarida kelishishi lozim.
3. Tijorat va ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladigan elektr isitish asboblari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirish organlari tomonidan majburiy tartibda sertifikatlashtiriladi.
2 §. Elektr isitish asboblaridan foydalanishda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish tartibi va kelishish uchun kerakli hujjatlar
4. Elektr isitish asboblaridan foydalanishda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish uchun arizachi “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
elektr isitish asboblarini o‘rnatish zarurligi to‘g‘risida ariza;
elektr isitishning qo‘llanishi uchun mazkur Nizomda ko‘zda tutilgan hollarda texnik-iqtisodiy asoslanish;
pasport ma’lumotlari: nomi, turi, quvvati, ishlab chiqaruvchi zavodni ko‘rsatgan holda o‘rnatilishi mo‘ljallanayotgan elektr isitish asboblarining ro‘yxati;
muvofiqlik sertifikati;
energiya tizimining eng katta yuklamali soatlarida elektro-termik uskunaning yuklamasi kamayishini ta’minlovchi chora-tadbirlarning ro‘yxati, unda yuklamaning kamaytirilayotgan miqdori, yuklama kamayishini nazorat qiluvchi asboblar va uskunalar ko‘rsatilishi lozim. Ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni o‘tkazishdan bosh tortish texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslab berilishi kerak.
5. “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi mazkur Nizom bilan belgilab berilmagan qo‘shimcha hujjatlarning taqdim etilishini talab qilish huquqiga ega emas.
6. Taqdim etilgan hujjatlar to‘plami hujjatlar hajmiga bog‘liq ravishda olingan kunidan boshlab yetti kundan bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
7. Qabul qilingan qaror haqidagi xabarnoma arizachiga uch kun ichida yozma ravishda topshiriladi, bunda elektr isitish asboblarini o‘rnatishda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish yuzasidan rad javobi beriladigan bo‘lsa, rad javobining asoslangan sababi ham ko‘rsatilishi lozim.
Hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishda ilgari arizachiga yozma ravishda bayon qilinmagan yangi kamchiliklar bildirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3 §. Elektr isitish asboblaridan texnologik maqsadlarda foydalanishda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish tartibi
8. Mazkur Nizomning 15-bandida ko‘rsatilganlardan tashqari elektr isitish asboblaridan texnologik maqsadlarda foydalanilganda, elektr energiyasini qo‘llanilishi kelishilishi lozim:
bir donasining quvvati 1000 kW gacha bo‘lgan elektr isitish asboblari uchun “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining hududiy bo‘limlarida;
bir donasining quvvati 1000 kW va undan ortiq bo‘lgan elektr isitish asboblari uchun “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasida.
9. Elektr isitish asboblaridan texnologik maqsadlarda foydalanish uchun elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish uchun elektr energiyasi iste’molchilari mazkur Nizomning 2-paragrafida belgilangan hujjatlardan tashqari energiya tashuvchi sifatida elektr energiyasi qo‘llanishining zaruriyatini va uni isitishning boshqa (olovli pechlar, bug‘li isitish, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish) usuliga almashtirish mumkin emasligini yoki texnik-iqtisodiy jihatdan maqsadga nomuvofiqligini asoslab beruvchi hujjatlarni taqdim etishlari lozim, xususan:
a) elektr bilan isitish tanlanganligini texnik-iqtisodiy asosi (bundan keyin matnda TIA deb yuritiladi);
b) elektrotermik texnologiyaning turlari ro‘yxatini belgilab beruvchi loyiha yoki loyihaviy topshiriqning texnologik qismidan ko‘chirma (qora va rangli metallarni eritish, metall, mahsulotlar va ashyolarga termik ishlov berish, betonni qizdirish, idishlardagi suyultirilgan gazni isitish, ovqat tayyorlash).
4 §. Qishloq xo‘jalik texnologik jarayonlari uchun elektr isitish asboblaridan foydalanishda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish
10. Quyidagi hollarda TIAni taqdim etgan holda qishloq xo‘jaligida issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan texnologik jarayonlarga elektr isitish asboblari uchun elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish shart:
yosh chorva mollari va jo‘jalarni boqish uchun xonalarda mikroiqlimni yaratishda;
emlarni ivitish, sutli idishlarni bug‘latish uchun suvni isitish hamda bug‘ olishda;
mevalar, sabzavotlar va urug‘lik donlarni saqlash omborlarida kerakli haroratni ushlab turishda.
11. Quyidagi hollarda TIAni taqdim etmagan holda kelishish amalga oshiriladi:
jo‘jalar inkubatsiyasi va mahalliy isitishda;
yosh chorva mollarini nurlantirish va mahalliy isitishda;
bitta joyda o‘zaro bog‘langan yoki alohida chorvachilik, parrandachilik komplekslari yoki boshqa obyektlarni tashkil etuvchi chorva mollarini va parrandalarni saqlash xonalarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash omborlarida, elektr isitish asboblarining o‘rnatilgan umumiy quvvati 400 kW dan yuqori bo‘lganda kiruvchi havoni isitishda;
elektr isitish asboblarining o‘rnatilgan umumiy quvvati 30 kW dan yuqori bo‘lganda maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, do‘konlar, poliklinikalar, dorixonalar va boshqa ishlab chiqarish hamda noishlab chiqarish obyektlarini elektr isitish asboblari bilan isitishda;
iste’molchilar tomonidan issiqlik manbaidan 600 m va undan ortiq masofada joylashgan, umumiy maydoni 100 m2 dan oshmaydigan ishlab chiqarishga mo‘ljallangan xonalarni (maishiy vagonchalar, ustaxonalar, veterinariya-sanitariya o‘tish joylari, omborlar binolari, artezian quduqlari, tozalash inshootlari, yoqilg‘i quyish stansiyalari) isitish va issiq suv ta’minoti uchun o‘rnatilgan umumiy quvvati 20 kW dan oshmaydigan (sug‘orish stansiyalarida 30 kW dan oshmaydigan) elektr isitish asboblaridan foydalanishda.
12. Qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarishlarda elektr isitish asboblari tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasi hajmi elektr energiyasi iste’molchisi va elektr ta’minoti tashkiloti o‘rtasidagi energiya ta’minoti shartnomasida kelishilgan umumiy hajmiga kiritiladi.
5 §. Ovqat tayyorlash uchun turg‘un elektr plitalarini o‘rnatish uchun elektr energiyasidan foydalanilishini kelishish
13. Qurilish normalari va qoidalari bilan gazda ovqat tayyorlash ruxsat etilmagan hollardan tashqari, umumiy ovqatlanish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari mavjud bo‘lgan turar joylarda ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari va tijorat maqsadlarida ishlatiladigan boshqa elektr isitish asboblarini o‘rnatishda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish lozim.
6 §. Elektr isitish asboblaridan xonalarni isitish va issiq suv ta’minoti uchun foydalanilganda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish
14. Quyidagi hollarda xonalarni isitish va issiq suv ta’minoti uchun elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishish zarur:
TIA mavjud bo‘lganda, birlamchi yoqilg‘ini tejash uchun quvvati 10 kW gacha elektr isitish asboblari o‘rnatilganda;
qurilish obyektlarida maishiy vagonchalarni, turli kiosklar, pavilonlar, do‘konlarni va boshqa mayda iste’molchilarni hamda tortish podstansiyalari va elektrlashtirilgan temir yo‘l obyektlarini, o‘rnatilgan quvvatidan qat’i nazar, isitishda;
o‘rnatilgan quvvatidan qat’i nazar, “Qish-yoz” turidagi konditsionyerlar o‘rnatilganda va ulardan tijorat maqsadlarida isitish uchun foydalanilganda;
barcha iste’molchilarga quvvati 10 kW dan yuqori bo‘lgan elektr isitish asboblari o‘rnatilganda.
15. Quyidagilarni isitish va issiq suv ta’minoti uchun kelishish talab etilmaydi:
o‘rnatilgan quvvati 30 kW gacha bo‘lgan bir vaqtda ishlaydigan elektr isitish asboblariga doimiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarsiz ishlaydigan va issiqlik manbalaridan 600 m va undan ko‘proq masofada joylashgan suv ta’minoti, sug‘orish, oqovaning mayda nasos stansiyalarini;
o‘rnatilgan quvvati 300 kW gacha bo‘lgan elektr isitish asboblariga ega radio, televideniye stansiyalari va kosmik aloqa stansiyalarini, o‘rnatilgan quvvati 25 kW gacha bo‘lgan elektr isitish asboblariga ega radiorele va kabel tarmoqlarining oraliq stansiyalarini;
har bir podstansiyada elektr isitish asboblarining quvvati 1000 kW gacha bo‘lgan 110 kW kuchlanishli podstansiyalarning ishlab chiqarish xonalarini;
ulangan quvvatidan, idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, quruq bug‘ olish uchun (sauna) hammomlarni;
har punktida o‘rnatilgan quvvati 10 kW va undan ortiq bo‘lgan elektr isitish asboblariga ega temir yo‘lda bir izni boshqa izga o‘tkazishni masofadan boshqarishni;
ventilatsiya oqimi tizimlari tomonidan t = +50 uzatiladigan tashqi havoni isitish uchun qo‘llaniladigan, o‘rnatilgan quvvati 10 kW gacha bo‘lgan elektr kalorifyerlarni o‘rnatishda jamoat binolarini isitish va issiq suv ta’minoti uchun elektr isitish asboblaridan foydalanilganda elektr energiyasi qo‘llanilishini.
16. Issiq suv olish uchun foydalaniladigan elektr isitish asboblari butun yil davomida ishlatiladigan quyoshli issiq suv ta’minoti tarmoqlariga, geliotizimlar tomonidan ta’minlanmaydigan qo‘shimcha issiq suv hajmlari zarurligini tasdiqlovchi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar mavjud bo‘lganda, faqat zaxira manbalari sifatida ulanishi va foydalanilishi mumkin.
7 §. Elektr isitish asboblariga qo‘yiladigan talablar
17. O‘rnatilgan quvvati 10 kW dan yuqori bo‘lgan elektr isitish asboblari issiqlik akkumulyatorlari bilan jihozlanishi va energetika tizimining eng kam yuklamali soatlarida ishga tushirilishi lozim.
Avtomatik qurilmali mazkur issiqlik akkumulyatorlaridan foydalanishni rad etish har bir alohida holatda texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslab berilishi lozim.
18. Elektr isitish asboblaridan foydalanilganda, ularni energetika tizimining ertalabki va kechki eng ko‘p yuklamali soatlarida tarmoqqa ulanishiga yo‘l qo‘ymaydigan avtomatik qurilmalar ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak, iste’molchini, ishlab turgan issiqlik tarmoqlaridan 600 m va undan uzoqroq masofada joylashgan obyektida isitish maqsadida quvvati 2 kW gacha bo‘lgan bitta isitish asbobidan foydalaniladigan hollar bundan mustasno.
19. Elektr isitish asboblari ulanganda, energiya iste’molining hisobini alohida olib borish uchun elektr energiyasini hisobga olish tizimi ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak.
20. Foydalanishi kelishilgan elektr isitish asboblari va ularning keluvchi simlari Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalariga, Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalariga (2004-yil 9-iyul, ro‘yxat raqami 1383 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 27-son, 317-modda) va Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga (2004-yil 20-avgust, ro‘yxat raqami 1400 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 33-son, 379-modda) talablariga hamda mazkur Nizomda bayon etilgan talablarga muvofiq bo‘lishi lozim.
21. Qo‘lbola (xonaki tayyorlangan) elektr isitish asboblaridan foydalanish man etiladi.
8 §. Elektr isitish asboblarini energiya tizimining tarmoqlariga ulash tartibi
22. Elektr isitish maqsadida elektr isitish asboblaridan foydalanilishda elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishishdan so‘ng, elektr uskunalarini energiya tizimining tarmoqlariga ulash uchun energiya ta’minoti tashkilotidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, texnik shartlar olinishi kerak.
23. Elektr isitish asboblarini ulash uchun elektr montaj ishlari, oldindan “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan energiya ta’minoti loyihasiga qat’iy rioya qilgan holda, Iste’molchi obyektlarini elektr ta’minoti loyihalarining kelishuvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (2007-yil 20-oktabr, ro‘yxat raqami 1731 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-yil, 43-son, 436-modda) hamda elektr energiyasi hisobini tashkil etish borasida energiya ta’minoti tashkilotlarining talablariga muvofiq bajarilishi lozim.
24. Qo‘llanilishi “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan va transformator quvvati oshirilishini talab qiladigan elektr isitish asboblarini tarmoqqa ulash energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan berilgan texnik shartlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
25. Elektr isitish asboblarini, ularga elektr energiyasi qo‘llanilishini kelishmasdan, energiya ta’minoti tashkilotining tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
26. Elektr isitish asboblarining tegishli texnikaviy holati va xavfsiz ekspluatatsiya qilinishi, hamda elektr energiyasini iste’mol qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibga rioya etilishi uchun javobgarlik obyektlarida mazkur elektr uskunalari o‘rnatilgan iste’molchi zimmasida bo‘ladi.
9 §. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom “O‘zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda “O‘zstandart” agentligi bilan kelishilgan.
“O‘zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruvining raisi B. TEShABOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 3-yanvar
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasining raisi v. b. B. ULAShEV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-yanvar
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining raisi A. TOXTAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 21-yanvar
“O‘zstandart” agentligining Bosh direktori R. BO‘RIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 25-yanvar
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 8-9-son, 53-modda)