|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.11.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA AVTOBUSLARDA YO‘LOVChILAR TAShISh XAVFSIZLIGINI TA’MINLAShGA DOIR TALABLARNI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-sonli O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan
Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashishni tashkil etishni yaxshilash, ularning xavfsizligini ta’minlash va yangidan ochilayotgan hamda foydalanilayotgan avtobus yo‘nalishlarida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasida Avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir ilova qilinayotgan talablar tasdiqlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, konsernlar, avtotransport korxonalari, shuningdek yangidan ochilayotgan va amaldagi yo‘nalishlarda avtobusda yo‘lovchilar tashishni tashkil etuvchi shaxslar ko‘rsatib o‘tilgan talablarga rioya qilsinlar.
3. “O‘zavtoyo‘l” davlat konserni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yo‘lovchi tashish avtotransporti muntazam ravishda harakatlanadigan o‘zlariga qarashli avtomobil yo‘llari va ko‘chalarni zarur holdagi tartibga keltirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi avtotransport vositalarining texnik holati, ko‘chalar va avtomobil yo‘llari zarur darajada obodonlashtirilishi, avtotransport vositalari haydovchilari tomonidan yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalariga hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish vazirning o‘rinbosari K. Rahimov kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-iyul,
378-son
O‘zbekiston Respublikasida Avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir
TALABLAR
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Talablar avtobuslarda yo‘lovchilar tashish harakati xavfsizligini ta’minlash tartibini belgilovchi hujjat hisoblanadi.
2. Mazkur Talablar:
yanga avtobus yo‘nalishlari ochish va ishlab turganlaridan foydalanishni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari;
vazirliklar va idoralar avtotransport korxonalari va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, boshqa korxonalar, shuningdek, o‘z transporti bilan avtobuslarda yo‘lovchilar tashiydigan yoki ularning tizimiga* kirmaydigan korxonalar (tashkilotlar) bilan yo‘lovchilar tashish yuzasidan shartnomalar tuzuvchi xususiy shaxslar;
* O‘z tizimida shaxsiy tarkibni tashish tartibini belgilovchi normativ aktlar va hujjatlarga amal qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligidan tashqari.
O‘zbekiston Respublikasining sayohat-ekskursiya tashkilotlari;
avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar, temiryo‘l o‘tish joylari, paromlar qurilishi, rekonstruksiyasi, tuzatilishi va ularni saqlashni ta’minlovchi vazirliklar, idoralar;
yo‘l harakatini tartibga solish texnik vositalarini o‘rganuvchi va ulardan foydalanuvchi yo‘l, kommunal, boshqa tashkilotlar;
avtotransport va yo‘l tashkilotlarini, davlat avtomobil nazoratini ob-havo sharoitlarining noqulay o‘zgarishi to‘g‘risida xabardor qiluvchi gidrometeorologiya tashkilotlari;
yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativlar va qoidalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi, yo‘l harakatini tartibga solish va tashkil etishga oid tadbirlarni o‘tkazuvchi davlat avtomobil nazorati;
avtotransport korxonalarida qatnovdan oldin va qatnovdan keyin haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining tashkilotlari uchun tatbiq etiladi va majburiy kuchga egadir.
3. Avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligi bevosita yo‘nalishlarda:
avtobuslarning haydovchilari;
avtobuslarda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi avtotransport korxonalari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, boshqa korxonalar (tashkilotlar);
tasarrufida avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar, temiryo‘l o‘tish yo‘llari, paromlar, yo‘l harakatini tartibga solishning texnik vositalari bo‘lgan yo‘llardan foydalanish kommunal tashkilotlar, boshqa tashkilotlar (korxonalar);
davlat atomobil nazorati (DAN) bo‘linmalari tomonidan ta’minlanadi.
4. Avtobusda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi avtotransport korxonalari, mulkchilik shakllaridan qati nazar, boshqa korxonalar (tashkilotlar), shuningdek, xususiy shaxslarning ular tomonidan xavfsizlikni ta’minlashdagi asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
avtobuslarni tegishli malakaga ega bo‘lgan haydovchilar bilan butlash;
Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari bo‘yicha mashg‘ulotlarni belgilangan muddatlarda o‘tkazish va haydovchilarning kasb mahoratini oshirish;
haydovchilarning o‘z vaqtida tibbiy qayta tekshirishdan va yo‘lga chiqishdan oldin muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishi ustidan nazoratni tashkil etish;
haydovchilarning stajirovkasi o‘z vaqtida o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi;
haydovchilarni avtobuc yo‘nalishlari sxemalari, shuningdek, yo‘nalishdagi ob-havo sharoitlari, yo‘l holatining o‘zgarishi va yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risidagi axborot bilan ta’minlash;
haydovchilar tomonidan ish vaqtining yo‘l qo‘yiladigan muddatiga rioya etilishi, shuningdek ularning dam olishi va ovqatlanishi tashkil etilishini nazorat qilish;
avtobuslarni texnik jihatdan soz holatda saqlash;
yo‘lovchilar tashishni oqilona tashkil etish;
xavfsizlik ta’minlanishini, haydovchilar mehnati va dam olishini hisobga olgan holda yo‘lovchilar oqimini, harakat tezliklarini normalash va harakat jadvalini tuzish;
avtobuslardan foydalanish, haydovchilar tomonidan yo‘nalish bo‘yicha harakat jadvaliga va yo‘llarda harakatlanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish.
5. Yo‘llardan foydalanish, kommunal, temiryo‘l tashkilotlari va boshqa tashkilotlar (korxonalar)ning avtobusda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashdagi asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
o‘z tasarruflaridagi avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar, temiryo‘l o‘tish joylari, paromlar, yo‘l belgilari, harakatni boshqarishning boshqa vositalarini harakatning to‘siqsizligi va xavfsizligini ta’minlovchi texnik jihatdan soz holatda saqlash;
yo‘llarning xavfli uchastkalarini operativ aniqlash, xavf manbalarini belgilangan muddatlarda bartaraf etish yoki buning imkoni bo‘lmagan taqdirda, avtobus harakatini to‘xtatish choralarini ko‘rish;
avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar, temiryo‘l o‘tish joylari, paromlarni jihozlash va saqlashdagi avtobus yo‘nalishlarini tekshiruvchi komissiyalar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish.
6. Korxonalar (tashkilotlar), mansabdor shaxslar, haydovchilar va harakatning boshqa qatnashchilari tomonidan:
yo‘l harakati qatnashchilarining xulq-atvori va o‘zaro munosabatlarini;
avtobus haydovchilari malakasini;
avtobuslarning texnik holatini;
avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, yo‘l inshootlari va temiryo‘l o‘tish joylarini saqlashni;
yo‘l belgilarini, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini o‘rnatish va saqlash tartibini;
avtomobil yo‘llari, ko‘chalarda xavfli uchastkalarni operativ aniqlash va bartaraf etish tartibini;
yo‘l-transport hodisalari sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishni tartibga soluvchi normativlar va qoidalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish avtobusda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha DAN bo‘linmalarining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Avtobusda yo‘lovchilar tashishni tartibga soluvchi ko‘rsatib o‘tilgan normativlar va qoidalar bajarilmagan taqdirda DAN tomonidan ularni bartaraf etish hamda zarurat bo‘lsa avtobus harakatini to‘xtatish chora-tadbirlari ko‘riladi.
7. Avtobusda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi yoki ta’minlovchi avtotransport korxonalari va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, boshqa korxonalar (tashkilotlar) rahbarlari, shuningdek xususiy shaxslar mazkur Talablar bajarilmaganligi uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq shaxsan javob beradilar.
II. AVTOBUSDA YO‘LOVChILAR TAShIShNI TAShKIL ETIShDA HAYDOVChILARGA QO‘YILADIGAN TALABLAR
1. Haydovchilarga avtobuslarni boshqarishga ruxsat berish Haydovchilarga transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish, imtihonlar qabul qilish va fuqarolarga haydovchilik guvohnomalari berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Shaharlararo yo‘nalishlarga keyingi uch yilda avtobus haydovchisi bo‘lib uzluksiz ishlayotgan shaxslargina qo‘yiladi.
Tog‘ yo‘nalishlariga keyingi uch yilda haydovchi bo‘lib uzluksiz ishlayotgan hamda avtobus boshqarish huquqini beruvchi belgiga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yiladi.
2. Haydovchilar:
yo‘nalishlarda (muntazam tashishlarda) kamida 20 soat oldindan stajirovkani majburiy o‘tagan;
qatnovdan oldingi tibbiy nazoratdan muntazam o‘tgan;
avtomobillar haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti to‘g‘risidagi Nizom talablari bajarilgan;
haydovchi avval ishlamagan yo‘nalishga yuborilganda qatnov oldi yo‘l yo‘rig‘idan majburiy tarzda o‘tishi, haydovchining yo‘nalish sxemasi va harakat jadvali bilan ta’minlangan taqdirdagina avtobusni boshqarishga qo‘yiladi.
Umumiy foydalanishdagi transport yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashishni amalga oshirish uchun idoralarga qarashli avtobuslar jalb etilganda mazkur bandning 1, 3 va 4-talablari bajarilishi ushbu yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtokorxonaga yuklatiladi. Tibbiy nazoratni amalga oshirish avtobuslar tegishli bo‘lgan avtokorxonaga yuklatiladi. Avtokorxonada tibbiy punktlar mavjud bo‘lmagan taqdirda avtobuslar haydovchilarini marshrutlarda ishlashga qo‘yish ularning ahvoli harakat xavfsizligi muhandislari yoki muhandis-texnik xodimlar tomonidan majburiy baholangan taqdirdagina amalga oshirilishi kerak.
3. O‘z guvohnomalarida “VSDE” yoki “VSD” ruxsat beruvchi belgilarga ega bo‘lgan, biroq ilgari avtobuslarda ishlamagan (maxsus tayyorgarlik avtobuslari haydovchilaridan tashqari) haydovchilar 15 ish kuni (112 soat) davomida ishlab chiqarish stajirovkasidan o‘tgandan keyin avtobusni boshqarishga qo‘yilishi mumkin, maxsus tayyorgarlik avtobuslari haydovchilari stajirovkani 32 kun (224 soat) o‘taydilar. Haydovchi bir rusumli avtobusdan boshqa rusumli avtobusga o‘tkazilganda yoki bir yildan ortiq haydovchilik qilmagan haydovchi kamida 20 soat amalda haydash bo‘yicha stajirovka o‘taydilar.
4. Avtokorxona (tashuvchi)ning malaka komissiyasi tomonidan avtobuslar haydovchilarining kasb-kor sifatlari ularning mazkur toifadagi transport vositalarida bundan keyin ishlashi mumkinligi to‘g‘risidagi masala hal etilgan holda besh yilda kamida bir marta baholanadi.
5. Bir martalik buyurtmalar bo‘yicha sayohat-ekskursiya tashishlari, shuningdek bolalarni tashish avtobusda kamida uch yil uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan haydovchilar tomonidan amalga oshiriladi.
6. Avtokorxonada avtobuslar haydovchilari bilan kasb mahoratini oshirishga doir mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilishi kerak, u o‘z ichiga transportni boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni, yo‘l harakati qoidalarini bilishini tekshirishni, murakkab yo‘l-transport vaziyatlarida avtobusni xavfsiz boshqarish asoslarini o‘rganishni oladi.
III. AVTOBUSLARNING TEXNIK HOLATI VA ULARDAN FOYDALANISh
1. Avtobuslarning texnik holati va ularning jihozlari tegishli standartlar talablariga, texnik foydalanish qoidalariga, avtomobil transporti harakatdagi qismiga texnik xizmat ko‘rsatish va uni tuzatish to‘g‘risidagi Nizomga, tayyorlovchi korxonalarning yo‘riqnomalarga va boshqa normativ-texnik hujjatlarga javob berishi kerak.
2. I—III toifadagi avtomobil yo‘llarida barcha tur va rusumdagi avtobuslar ishlashiga ruxsat beriladi.
IV-V toifadagi avtomobil yo‘llarida yuk nagruzkasi 6 tonnagacha bo‘lgan avtobuslar ishlashiga ruxsat beriladi.
3. Tog‘ va ularga tenglashtirilgan yo‘nalishlarda foydalanadigan avtobuslar oldingi tumanga qarshi chiroqlar va orqa chiroqlar, shuningdek tegishlicha mahkamlash nuqtalariga ega bo‘lgan barcha yo‘lovchilar o‘rinlaridagi xavfsizlik tasmalariga, tayyorlovchi zavodning konstruksiyaciga muvofiq g‘ildirakning ostiga tashlash uchun kamida 2 ta tayanchga ega bo‘lishi kerak.
Sayohat-ekskursiyalarga ajratilgan avtobuslarning old tomonida “sayohatchi” yoki “ekskursiya” degan ko‘rsatkich, bir martalik buyurtmalar bo‘yicha maxsus tashishlar uchun esa “buyurtma” degan ko‘rsatkich o‘rnatiladi.
Bolalarni tashiydigan barcha avtobuslarda yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan tanitish belgisi o‘rnatilishi kerak.
IV. YO‘LOVChILAR TAShIShNI TAShKIL ETISh
1. Avtobusda yo‘lovchilar tashishni tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi vazirliklar, idoralar, avtotransport korxonalari va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, boshqa korxonalar, shuningdek xususiy shaxslar respublika avtomobil transporti ustavlariga, yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalariga, hududidan yo‘nalishlar o‘tadigan yo‘l harakati qoidalariga, avtomobil transporti sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizomga, avtobusda yo‘lovchilar tashishni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa nizomlarga va mazkur Nizomga amal qilishi kerak. Barcha sayohat-ekskursiya transport tashishlar majburiy tartibda sayohat-ekskursiya tashkilotlari orqali amalga oshiriladi.
2. Avtobusda yo‘lovchilar tashishni tashkil etish harakat xavfsizligini ta’minlash albatta hisobga olingan holda avtokorxonalarning foydalanish xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi. Agar yo‘lovchilar ikki yoki bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha tashilishi mumkin bo‘lsa, eng qulay yo‘l sharoitlariga ega bo‘lgan yo‘nalish tanlanadi (qatnovlar kam, yaxshi asfaltlangan, harakat qilinadigan va yo‘l chekkasi kengroq, temir yo‘llarni kamroq kesib o‘tadigan va hokazo).
3. Birlashmalar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar (tashkilotlar) haydovchilar tomonidan harakat jadvaliga va avtobuslarda tashish normalariga rioya etilishiga alohida e’tibor berishlari, qatnovning belgilangan yo‘nalishidan chetga chiqishlariga va harakat jadvalida nazarda tutilmagan joylarda to‘xtashlarga yo‘l qo‘ymasliklari kerak*.
* 3-bandning talablari yakka tartibdagi transport vositasi egalari bo‘lgan haydovchilarga ham tegishlidir.
4. Shahar va shahar atrofidagi yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashishda avtobusdagi yo‘lovchilar soni avtobuslarning to‘liq odam ketishidan ortiq bo‘lmasligi, shaharlararo, tog‘, sayohat-ekskursiya yo‘nalishlarida, bir martalik tashishlarda (shu jumladan, bolalarni tashishda) o‘tirish uchun belgilangan joylar sonidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchilarning bagaji (qo‘lda olib yuriladigan yukdan tashqari) bagaj bo‘lmalari mavjud bo‘lgan taqdirda faqat ularga joylashtiriladi.
Haydovchining ish vaqti 12 soatdan ortiqni tashkil etadigan avtobusda yo‘lovchilar tashishni tashkil etishda avtomobilda haydovchining dam olishi uchun joy jihozlanishi va qatnovga ikki haydovchi yuborilishi kerak.
5. Vazirliklar va idoralar harakatdagi sostavdan foydalanish sharoitlaridan kelib chiqib, o‘zlariga tegishli avtobuslarning eng yuqori harakat tezligini yo‘l harakati qoidalarida belgilangan darajadan past belgilashlari mumkin.
6. Avtobuslarning barcha turlarida yo‘lovchilar tashishda harakat jadvali ushbu tezliklar yo‘l harakati qoidalari, belgilar, shuningdek mazkur bo‘limning 5-bandini hisobga olgan holda belgilangan belgilarga muvofiq yo‘l qo‘yilgan shartlarda yo‘nalishlarning ayrim bosqichlarida harakat tezligining normativ qiymatlari asosida avtokorxonaning foydalanish xizmati tomonidan tuzilishi kerak*.
* Normativlar deganda tashishlarning xavfsizligi, aniqligi, muntazamligi va tejamliligini ta’minlovchi avtobuslar harakati tezligining o‘rtacha qiymati tushuniladi. Avtobuslar harakati tezliklari normativ qiymatlarini belgilash harakat tezligini normalashning tasdiqlangan metodikasi bo‘yicha yo‘nalishlarni tekshirish materiallari asosida yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi korxonalar (tashkilotlar) tomonidan amalga oshiriladi.
7. Avtobuslarning haydovchilari bekatlarni bosib o‘tish vaqti, tushlik va dam olish vaqti va joyi, yo‘nalish sxemasi ko‘rsatilgan harakat jadvaliga ega bo‘lishi kerak.
Shaharlararo yo‘nalishlarda harakat jadvalida qo‘shimcha ravishda tunash joyi va vaqti, shuningdek, aholi yashaydigan punktlarni va boshqa belgilarni bosib o‘tish vaqti ko‘rsatiladi.
Sayohat-ekskursiyalarga olib boruvchi avtobuslar harakati jadvalida har uch soatda o‘n minutdan dam olish, so‘ngra esa har ikki soatdan keyin o‘n minutdan dam olish (dam olishni tushlik tanaffus bilan birga qo‘shishga yo‘l qo‘yiladi), haydovchilarning dam olish vaqti va joyi, avtobusni texnik ko‘zdan kechirish (yo‘nalishning oxirgi punktida) majburiy tartibda nazarda tutilishi kerak.
8. Avtobus haydovchisi nazorat punktlarida (avtostansiyalar, avtovokzallar, avtokorxonalarda) agar ular harakat jadvalida nazarda tutilgan hollarda, chipta-hisobga olish varag‘ida kelish va jo‘nab ketish vaqti to‘g‘risida belgini qayd etishga majburdir.
9. Harakat xavfsizligiga xavf tug‘diruvchi nosozliklar paydo bo‘lganda, shuningdek haydovchi o‘zini yomon his etganda avtobus harakati darhol to‘xtatilishi kerak. Bu haqda eng yaqin avtovokzal (avtostansiya) dispetcheriga yoxud avtobus yoki haydovchini almashtirishi, tashishni bajarilishni ta’minlash choralarini ko‘rishi majburiy bo‘lgan avtokorxonaga xabar qilinishi kerak.
10. Shahar, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro aloqada avtobuslar bilan yo‘lovchilar tashish, shuningdek sayohat-ekskursiya, maxsus va bir martalik tashishlar faqat tasdiqlangan yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi kerak. Har bir yo‘nalishga (bir martalik buyurtma bo‘yicha yo‘nalishdan tashqari) yo‘nalish hujjatlari tuziladi. Bunday hujjatlar mavjud bo‘lmaganda avtobus yo‘nalishidan foydalanish taqiqlanadi. Sayohat-ekskursiya yo‘nalishi hujjatlari manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda sayohat-ekskkursiya tashkiloti tomonidan tuziladi.
Har bir yangidan ochiladigan yo‘nalishga quyidagi hujjatlar ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi:
pasport;
Davlat avtomobil nazorati bilan kelishilgan yo‘nalish sxemasi;
masofani o‘lchash protokoli va avtobus harakati vaqti xronometraji;
yo‘nalish bo‘yicha avtobuslar harakati jadvali;
kira haqi.
Shahar yo‘nalishlariga hujjatlar uch nusxada tuziladi, ulardan biri avtokorxonada bo‘ladi, ikkinchisi shahar hokimligiga, uchinchisi birlashmaga (konsernga) beriladi.
Viloyat ichida shahar atrofiga va shaharlararo yo‘nalishlarga hujjatlar besh nusxada tuziladi, bittasi avtokorxonada, ikkinchisi avtovokzalda (avtovokzallar birlashmasida va yo‘lovchilar tashish avtostansiyalarida), uchinchisi birlashmada (konsernda) bo‘ladi, to‘rtinchisi “O‘zavtotrans” korporatsiyasi Yo‘lovchilar tashish bosh boshqarmasiga, beshinchisi viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari Davlat avtomobil nazorati bo‘limlariga yuboriladi. Agar shaharlararo avtobus yo‘nalishlariga ikki korxona xizmat ko‘rsatsa, u holda yo‘nalish hujjatlari olti nusxada tuziladi.
Shaharlararo, viloyatlararo yo‘nalishlarga hujjatlar sakkiz nusxada tuziladi, ulardan bittasi avtokorxonada qoladi, birlashmalar (konsernlar)ga bittadan, tegishli avtovokzallarga ikkitadan beriladi, bittasi “O‘zavtotrans” korporatsiyasi yo‘lovchilar tashish Bosh boshqarmasiga beriladi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari DAN bo‘limlariga bittadan beriladi.
Xalqaro yo‘nalishlar hujjatlari nusxalari avtokorxonalar, birlashmalar (konsernlar), avtovokzallarga, hududidan yo‘nalish o‘tadigan viloyat DANlariga bittadan, bittasi avtomobilda yo‘lovchilar tashish to‘g‘risida hukumatlararo bitim tuzilgan respublika avtotransport boshqarmasi organlariga, bittasi — “O‘zavtotrans” korporatsiyasi yo‘lovchilar tashish Bosh boshqarmasiga, bittasi — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi DAN boshqarmasiga beriladi.
Yo‘nalish o‘zgarsa yoki harakat shartlari barqaror ravishda o‘zgarsa yo‘nalish hujjatlariga davlat avtomobil nazorati bilan oldindan kelishuv bo‘yicha tuzatishlar kiritiladi. Yo‘nalish hujjatlari har 5 yilda qayta tasdiqlanadi.
11. Avtobuslar ishi ustidan nazoratni tashkil etish, yo‘l-transport hodisalaridan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun oxirgi va oraliq (chiptalar kassa orqali sotilgan holda) bekatlar imkoni boricha telefon, telegraf, teletayp yoki radio aloqa bilan jihozlanadi.
V. SAYoHAT-EKSKURSIYA, MAXSUS TAShIShLAR VA BIR MARTALIK BUYuRTMALAR BO‘YIChA TAShIShLAR
1. Sayohat-ekskursiya, maxsus yoki bir martalik tashishlar uchun tashkilotlar, korxonalar va fuqarolarga avtobuslar ajratishga shartnomalarni va bir martalik buyurtmalarni rasmiylashtirish avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalariga, boshqa normativ hujjatlarga muvofiq avtotransport korxonasi (tashkilot) tomonidan amalga oshiriladi.
Shartnomalar va buyurtmalar buyurtmachidan borish joyi, borish yo‘nalishi, to‘xtash joyi, tashilayotgan yo‘lovchilar soni, tashish uchun mas’ul shaxs (guruh rahbari, ekskursovod) to‘g‘risidagi ma’lumotlar olingandan keyin rasmiylashtiriladi. Avtobusning buyurtmachida bo‘lishi muddati, tashish uchun mas’ul shaxsning familiyasi yo‘l varaqasiga kiritilishi kerak.
2. Mazkur korxona avtobuslari harakati yo‘nalishlariga muvofiq kelmaydigan sayohat-ekskursiya yoki maxsus tashishlar yuqori turuvchi avtotransport korxonasining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Bir martalik tashishlarga buyurtmalar avtokorxonada mo‘ljallanayotgan yo‘nalishning yo‘l sharoitlari haqida axborot mavjud bo‘lgan yoki bunday axborot buyurtmachidan olingandan keyin qabul qilinadi. Buyurtmachi berilgan ma’lumotlarning ishonchliligi uchun to‘liq javob beradi.
Agar yo‘nalishdagi yo‘l sharoitlari yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlamasa, avtobuslar ajratilmaydi.
3. Aholini sayohat-ekskursiyalarga transportda olib borish, odatda “O‘zbekturizm” milliy korporatsiyasining avtokorxonalari va tashkilotlari, shuningdek sayohat-ekskursiya faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan sayohat-ekskursiya tashkilotlarining buyurtmalari bo‘yicha umumiy foydalanishdagi avtokorxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan, shuningdek maxsus va bir martalik yo‘lovchilar tashish idoralarga qarashli transport bilan yo‘nalishlar bo‘yicha harakat xavfsizligini ta’minlovchi yo‘l sharoitlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar bo‘lgandagina amalga oshiriladi.
4. Ikki yoki undan ortiq avtobuslarda yo‘lovchilar tashilganda ularning harakati kolonna bilan amalga oshiriladi. Avtobus korxonasi (tashkilot) tomonidan mas’ul shaxs tayinlanadi. Mas’ul shaxsga yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalariga, avtobuslardan foydalanish qoidalariga, boshqa normativ hujjatlarga, harakat xavfsizligi va xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish yuklanadi.
Kolonnalarni davlat avtomobil nazorati transport vositalari bilan kuzatab borish haqidagi qaror ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari, harakat xavfsizligi xizmati avtomobillari bilan kuzatib borish haqidagi qaror esa — tegishli avtotransport korxonalari (tashkilotlari) rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.
5. Bir martalik buyurtmalar bo‘yicha sayohat-ekskursiyalarga yo‘lovchilar tashishda buyurtmanoma bergan tashkilotlar rahbarlari:
— guruh rahbari tanlanishi, tayyorlanishi va unga harakat xavfsizligi va xavfsizlik texnika masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berilishini;
— sayyohlar, bolalar guruhlariga yo‘lda yurish paytidagi xulq-atvor qoidalari va avtobuslardan foydalanish to‘g‘risida yo‘l-yo‘riq berilishini;
— guruh rahbarini yo‘lovchilarning tashkilot tomonidan tasdiqlangan ro‘yxati, bolalar olib borilayotganligi haqida davlat avtomobil nazorati bildirishnomasining nusxasi bilan;
— haydovchilarni joy (guruh xususiy sektorga joylashtirilganda alohida xona) ovqat bilan;
— avtobuslarning saqlanishini ta’minlovchi sharoitlarga ega bo‘lgan avtobus to‘xtash joylari bilan ta’minlashga majburdir.
Ko‘rsatib o‘tilgan shartlar bajarilmasa, tashishga ruxsat berilmaydi.
6. Viloyat (respublika) tashqarisiga sayohat-ekskursiyalarga muntazam olib borilgan hollarda buyurtmachi tashkilot (avtobusning egasi bo‘lgan tashkilot) avtobusning saqlanishini, orqaga qaytishga tayyor ekanligini, boshqa viloyatlar (respublikalar) hududida avtobusga texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatini nazarda tutishi kerak.
7. Guruhlarning rahbarlari avtobus harakati, o‘sha chiqish va tushish paytida hamda bekatlarda yo‘lovchilar orasida, ayniqsa bolalar orasida zarur tartibni ta’minlashga majburdirlar.
8. Yo‘lovchilar tashuvchi avtotransport korxonasi rahbarlari (tashkilot-avtobus egasi):
haydovchilarga yo‘nalish xususiyatlari to‘g‘risida yo‘l-yo‘riq berishga, harakat xavfsizligini ta’minlashga, sayohat-ekskursiyaga tashishga, shuningdek sayyohlar va ekskursiyachilarga xizmat ko‘rsatish qoidalari, bolalarni tashishda — bunday tashishlarni amalga oshirish qoidalari to‘g‘risida yo‘l-yo‘riq berishga, bu haqda yo‘l varaqasi hamda haydovchilar tarkibiga yo‘l-yo‘riq berish jurnalida qayd etishga;
avtobusning korxonaga qaytishining nazorat vaqtini tayinlashga, nazorat vaqti tamom bo‘lgandan keyin ikki soatdan so‘ng avtobus qayerda ekanligini aniqlash chora-tadbirlarini ko‘rishga majburdir.
9. Sayohat-ekskursiyalarga olib boruvchi yoki bir martalik buyurtmalar bo‘yicha tashishlarni amalga oshiruvchi haydovchilar, agar ular yo‘lovchilar tashish qoidalariga, yo‘l harakati qoidalariga zid bo‘lmasa, yo‘nalish o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lmasa, tashish uchun mas’ullarning (guruh rahbarlarining) ko‘rsatmalarini bajarishga majburdir.
10. Sayohat-ekskursiyalarga olib borish va bir martalik buyurtmalar bo‘yicha tashish sutkaning yorug‘ vaqtida tashkil etiladi, sayyohlar guruhlarini tungi vaqtda aeroportda, aholi punkti doirasida temiryo‘l vokzallarida kutib olish va kuzatish bilan bog‘liq hollardan tashqari.
11. Maxsus tashishlar (vaxta, mehnatkashlarni ishlab chiqarish obyektlariga, qishloq xo‘jaligi ishlariga olib kelish)ni tashkil etishda tashuvchi - avtotransport tashkiloti:
yo‘nalishni tanlashga (imkoni boricha qattiq qoplamali yo‘lda), mazkur Talablarning VIII bo‘limi 1—6-bandlariga muvofiq ushbu yo‘nalishdagi yo‘l sharoitlarini tekshirishga;
buyurtmachi bilan birgalikda tashish uchun avtobus modelini tanlashga, yo‘nalish masofasini belgilashga va harakat tezligini normalashtirishga, harakat xavfsizligi, haydovchilarning mehnati va dam olishi belgilangan rejimni hisobga olgan holda avtobuslar harakati jadvalini tuzish va tasdiqlashga;
mazkur Talablarning IV bo‘limi 4-5-bandlarini hisobga olgan holda tashish uchun zarur bo‘lgan avtobuslar sonini aniqlashga;
buyurtmachi bilan birgalikda yo‘nalish hujjatlarini tuzishga, ularni davlat avtomobil nazorati bilan kelishishga majburdir.
VI. BOLALARNI TAShISh*
* 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashish.
1. Bolalarni tashishni tashkil etish mazkur talablarning IV bo‘limi 1—11-bandlariga, V bo‘limi 1—10-bandlariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Bolalarni avtobuslarda tashish sutkaning yorug‘ paytida yaqin masofani yoritadigan chiroqlar yoqilgan holda amalga oshirilishi kerak. Harakat tezligi yo‘l, meteorologiya va boshqa sharoitlarga ko‘ra haydovchi (kuzatib borilganda — uning ta’minlanishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs) tomonidan tanlanadi. Bunda barcha hollarda harakat tezligi soatiga 60 km dan oshmasligi kerak.
3. Sayohat-ekskursiyalarga olib borish va bolalarni bir martalik tashishlar buyurtmachida xalq ta’limi mahalliy bo‘limlarining yozma ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirdagina tashkil etiladi.
Bunday tashishlar to‘g‘risida yo‘nalishdagi harakat ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlarini ko‘rish va kolonnaga maxsus transport vositalari hamrohlik qilishi to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun (bolalarni sog‘lomlashtirish dam olish zonalariga, turistik bazalarga, madaniy-ommaviy tadbirlarga va hokazolarga ommaviy ravishda tashishda) davlat avtomobil nazorati majburiy tartibda xabardor qilinadi.
Tashishda ruxsatnoma va davlat avtomobil nazoratiga bildirishnoma nusxalari tashishda buyurtmani rasmiylashtirishda avtotransport korxonasi (tashkilot)ga taqdim etiladi.
4. Sayohat-ekskursiyalarga olib borishga va bolalarni tashishga bir martalik buyurtmalarga shartnomalar avtotransport korxonalari (tapshkilotlar) tomonidan guruhga o‘qituvchilar yoki maxsus tayinlangan katta yoshdagi kishilar hamrohlik qilishi sharti bilan tuziladi. Avtobuslar kolonnasi bilan tashilayotgan bolalarga hamrohlik qilish uchun tibbiy xodimlar ajratish to‘g‘risidagi masala joylarda sog‘liqni saqlash organlari tomonidan qabul qilinadi.
5. Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarni shaharlararo sayohat-ekskursiyalarga olib borish taqiqlanadi.
6. Qishloq joylarda muntazam ravishda bolalarni avtobuslarda tashishni tashkil etishda avtokorxona:
avtobuslar harakati yig‘ma jadvallarida bolalarni borish joyiga o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlovchi maxsus qatnovlar ajratishga, ushbu qatnovlar ko‘p bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
bunday tashishlar bajarilishini, avtomobil yo‘llari holatini, bolalarni tushirish va chiqarish punktlarini muntazam nazorat qilishga;
yo‘nalishlarda bolalarni tashiyotgan avtobuslarning o‘tish vaqti ko‘rsatilgan maxsus to‘xtash belgilari o‘rnatishga majburdir.
VII. AVTOBUS YO‘NALIShLARIDAGI AVTOMOBIL YO‘LLARI, KO‘ChALAR, SUN’IY INShOOTLAR, TEMIR YO‘LDAN O‘TISh JOYLARI, PAROMLAR, BEKATLAR VA BOShQA INShOOTLAR
1. Avtobus yo‘nalishlari o‘tadigan avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar, temir yo‘ldan o‘tish joylari, parom orqali o‘tish joylarining texnik holati, ularning muhandislik jihozlanishi qurilish normalari va qoidalari, avtomobil yo‘llarini tuzatish va saqlashning texnik qoidalari, boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan harakat havfsizligi talablarini qondirishi kerak*.
* Izoh: Normativ hujjatlar talablariga to‘liq javob bermaydigan yo‘llar bo‘yicha vaqtinchalik marshrutlarda avtobuslar harakatini tashkil etishga istisno tariqasida yo‘l qo‘yiladi. Ushbu holda tegishli avtotransport, shuningdek yo‘l, kommunal tashkilotlari va tasarrufida yo‘llar bo‘lgan boshqa tashkilotlar tomonidan avtobuslar harakati xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilishi kerak (xavfli uchastkalar yo‘nalishlari aniqlanishi va sxemaga kiritilishi; avtobus to‘xtash joylari belgilanishi, haydovchilarga yo‘l-yo‘riq berilishi, harakat havfsizligini ta’minlovchi tezlik belgilanishi; xavfli joylarda to‘siqlar, yo‘l belgilari o‘rnatilishi va boshqalar). Agar yo‘llarning normativ hujjatlarga nomuvofiqligi mavsumiy tusda va ob-havo-iqlim omillarining ta’siri bilan bog‘liq bo‘lsa, unday holda avtobuslar harakati istisno tariqasida yilning yurish uchun qulay vaqtida amal qiluvchi yo‘nalishlarda tashkil etilishi mumkin. Bunday yo‘nalishlarni ochish tartibi mazkur Talablarning IX bo‘limi 3-4-bandlari bilan belgilangan.
2. Yo‘l, kommunal tashkilotlari, boshqa tashkilotlar transport harakatini qiyinlashtiruvchi avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar va boshqalarni qurish, rekonstruksiya qilish va tuzatish bo‘yicha rejali tadbirlarni o‘tkazishda:
bu haqda 10 kundan kechikmay tegishli davlat avtomobil nazorati organlarini xabardor qilishga, ularga tuzatish-qurilish ishlarini bajarish davrida aylanib o‘tishning kelishilgan variantlarini taqdim etishga;
aylanib o‘tish yo‘lini yo‘l harakatini tashkil etishning zarur texnik vositalari bilan jihozlab, ularni xavfsiz harakat uchun yaroqli holga keltirishga majburdir.
3. Avtobus yo‘nalishlari o‘tadigan avtomobil yo‘llarini yopish bilan bog‘liq tuzatish ishlari va ishlarning boshqa turlarini bajarishga ruxsatnomalar yo‘l-foydalanish tashkilotlari tomonidan, ko‘chalarga esa — kommunal tashkilotlar, hokimliklarning ma’muriy inspeksiyalari tomonidan beriladi. Ruxsatnoma bunday ishlarni bajarish joyi, vaqti, harakatni tartibga solishning vaqtinchalik texnik vositalarini joylashtirish vakolati bo‘yicha O‘zbekiston Rsspublikasi Ichki ishlar vazirligi viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari davlat avtomobil nazorati organlari bilan kelishilgan sxemasi mavjud bo‘dgan taqdirda beriladi.
4. Avtobuslar muntazam harakat qiladigan avtomobil yo‘llari, ko‘chalarni tuzatish va saqlash yo‘l, kommunal tashkilotlar va ushbu yo‘llar tasarrufida bo‘lgan boshqa tashkilotlar tomonidan avtomobil yo‘llarini tuzatish va saqlashning texnik qoidalariga, yo‘llardan foydalanish qoidalariga, O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining normativ hujjatlariga, shuningdek hokimliklar tomonidan belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.
Avtomobil yo‘llari, ko‘chalarni qishda saqlash ularni qordan tozalash talablarini tartibga soluvchi hujjatlar, yaxmalakka qarshi kurash tartibi asosida amalga oshiriladi.
Avtomobil yo‘llarining qish davridagi holati va qatnovga yaroqliligi to‘g‘risida ushbu yo‘llar tasarrufida bo‘lgan yo‘l tashkilotlari va boshqa tashkilotlar yo‘l harakati qatnashchilarini tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilganligi haqida o‘z vaqtida xabardor qilishga majburdirlar.
5. Yo‘l harakatini tartibga solishning texnik vositalarini o‘rnatish va ulardan foydalanish yo‘llar tasarrufida bo‘lgan tegishli yo‘l tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek ichki ishlar organlarining ixtisoslashtirilgan montaj-foydalanish bo‘linmalari (shahar va boshqa aholi punktlarida) tomonidan amalga oshiriladi. Boshqa hollarda bunday ish ichki ishlar organlarining ko‘rsatib o‘tilgan bo‘linmalari tomonidan ushbu yo‘llar balansida bo‘lgan tashkilotlar va idoralarning mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
Tartibga solishning texnik vositalarini o‘rnatish vakolati bo‘yicha davlat avtomobil nazoratining yozma ko‘rsatmasi yoki ruxsatnomasiga ko‘ra davlat standartlari talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6. Avtokorxonalar, vokzallar va avtostansiyalar, avtobuslarning haydovchilari yo‘l, kommunal organlari va boshqa organlarga tasarrufida avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, temir yo‘ldan o‘tish joylari, parom bilan o‘tish joylarining holatidagi, muhandislik uskunalaridagi harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchiliklar to‘g‘risida tasarrufida ular bo‘lgan organlarga hamda davlat avtomobil nazoratlariga darhol ma’lum qilishlari kerak.
Avtobuslarda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi avtokorxonalarda haydovchilarning yo‘l sharoitlarini, yo‘nalishdagi harakatni tashkil etish tizimini yaxshilashga oid takliflarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun maxsus jurnallar yuritilishi kerak.
AVTOBUS BEKATLARI
7. Avtobus bekatlarining joylashish o‘rnini tanlash qurilish normalari va qoidalari talablaridan kelib chiqib avtotransport korxonalari (tashkilotlari) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda yo‘lovchilarga eng ko‘p qulaylikni ta’minlash, avtobus bekatlari ko‘rinib turishi zarurligi hamda ularning hududida transport vositalari harakati va piyodalar xavfsizligi shartlariga rioya etilishi kerak. Avtobus bekatlari joylashgan joy yo‘l, kommunal tashkilotlar, shahar (tuman) bosh me’mori, davlat avtomobil nazorati bilan, temir yo‘ldan o‘tish joylari hududida esa temir yo‘l bo‘linmalari bilan kelishiladi va hokimliklar tomonidan tasdiqlanadi.
Shaharlarda avtobus bekatlarini obodonlashtirish kommunal tashkilotlar tomonidan, avtomobil yo‘llarida yo‘l tashkilotlari tomonidan normativ hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Kommunal va yo‘l organlari qurilish normalari va qoidalariga muvofiq shaharlarda va aholi punktlarida sutkaning qorong‘i vaqtida avtobus bekatlari hamda ularning atrofi yoritilishini tashkil etishni ta’minlashlari kerak.
9. Avtobus bekatlarini saqlash va tozalash tartibi hokimliklar, shuningdek ushbu ishni amalga oshiruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan belgilanadi.
To‘xtash pavilonlari va chiqish maydonlarini, o‘tish-tezlik polosalarini qordan tozalash shart.
TEMIR YO‘LDAN KESIB O‘TISh
10. Avtobus yo‘nalishlarini belgilashda yo‘lning temir yo‘lni kesib o‘tishini istisno etuvchi yechimlar qidirilishi kerak.
Bunday yechimga kelish imkoni bo‘lmagan istisno hollarda shlagbaumli va shlagbaumsiz amaldagi o‘tish joylarida avtobus harakatini (doimiy yoki vaqtincha) ochishga har bir alohida holatda yo‘l bo‘limi boshlig‘ining yoki o‘tish joyi bo‘ysunishida bo‘lgan boshqa tashkilotning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunda shlagbaumsiz o‘tish joylari va avtobus harakatiga ular avtomatik svetofor signalizatsiyasi bilan jihozlangandan keyin ruxsat beriladi. Shlagbaumsiz, avtomatik svetofor signalizatsiyasi o‘rnatilmagan o‘tish joylari bo‘yicha avtobus yo‘nalishlarini joriy etish taqiqlanadi.
11. Temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari kesib o‘tish joylarini qurish va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘riqnomasiga qat’iy muvofiq holda saqlanadi va jihozlanadi.
12. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi temir yo‘llari umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bilan kesishgan kesib o‘tish yo‘llari umumiy foydalaniladigan kesib o‘tish yo‘llari hisoblanadi va kompaniya mablag‘lari hisobiga saqlanadi.
Idoraviy kesib o‘tish temir yo‘llari umumiy foydalaniladigan yo‘llar yoki alohida korxonalarning yo‘llari bilan kesib o‘tish yo‘llari kesib o‘tish temir yo‘l yo‘llari qarashli bo‘lgan tashkilotlar hisobiga yoxud ulardan foydalanuvchi tashkilotlar hisobiga saqlanadi.
13. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va uning bo‘linmalari, tasarrufida temir yo‘llar bo‘lgan vazirliklar va idoralar avtobusda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi boshqa vazirliklarni, shuningdek davlat avtomobil nazoratini avtobusda yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarida transport vositalari o‘tishi qoidalari buzilayotgan yoki qiyinlashayotgan temir yo‘lni kesib o‘tish yo‘llari yoki yo‘llarni rekonstruksiya va tuzatish bo‘yicha rejali tadbirlar to‘g‘risida 5 kun oldin xabardor qilishlari kerak.
14. Temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari orqali yoki ularda transport vositalari o‘tishi buzilganda yoki qiyinlashganda tuzatish ishlarini bajarish vaqtida ularni aylanib o‘tishdagi harakat tartibi tuzatishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, davlat avtomobil nazorati bilan, o‘tish joyining piyodalar yuradigan qismini tuzatishda esa tegishli yo‘l tashkilotlari bilan kelishiladi. Temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari orqali avtobuslar harakati Yo‘l harakati qoidalari talablarini qat’iy bajargan holda alohida ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi kerak.
15. Temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari hududida to‘xtash punktlari eng yaqin temir yo‘l relsidan kamida 100 m masofada joylashtirilishi, ularning texnik yechimi esa avtobus to‘xtagan taqdirda transportning asosiy harakat yo‘li bo‘ylab to‘siqsiz harakatini ta’minlashi kerak.
KO‘PRIKLAR, KESIShGAN YO‘L USTIDAN O‘TKAZILGAN KO‘NDALANG YO‘LLAR, ESTAKADALAR VA BOShQA SUN’IY INShOOTLAR
16. Avtobus yo‘nalishlaridagi ko‘priklar, kesishgan yo‘l ustidan o‘tkazilgan ko‘ndalang yo‘llar, estakadalar va boshqa sun’iy inshootlar qurilish normalari va qoidalari hamda boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan harakat xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
VIII. YO‘LLARNI TEKShIRISh
1. Yangi ochilgan avtobus yo‘nalishlarining harakat xavfsizligi talablariga muvofiqligini aniqlash hokimliklar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “O‘zavtoyo‘l” konserni, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi tomonidan tasdiqlanadigan manfaatdor tashkilotlar (transport, yo‘l, kommunal va boshqa), shuningdek davlat avtomobil nazorati vakillaridan iborat komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiyaning tavsiya etilayotgan tarkibi yo‘nalishlarning vazifasiga bog‘liq ravishda ilovada keltirilgan. Yo‘nalishlarni tekshirish ular ochilishidan oldin, keyinchalik esa 1 yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Komissiya a’zolari o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha ishlab turgan va yangidan ochilayotgan avtobus yo‘nalishlarining harakat xavfsizligi talablariga muvofiqligini baholash uchun shaxsan javob beradilar.
2. Yo‘nalishlarning harakat xavfsizligi talablariga muvofiqligi:
transport tashkiloti yoki yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan yo‘nalish to‘g‘risidagi axborot;
yo‘l, kommunal tashkilotlar hamda ixtiyorida yo‘llar, sun’iy inshootlar, temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari va boshqalar bo‘lgan boshqa tashkilotlar tomonidai taqdim etiladigan yo‘nalishdagi yo‘l sharoitlari haqidagi ma’lumotlar (yo‘l chetlari o‘tish joylari parametrlari va ularning holati, yo‘l rejasi va profili elementlari, harakat tig‘izligi va tarkibi, sun’iy inshootlar, temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari, parom va muzliklar orqali o‘tish yo‘llarining holati, harakatni tashkil etish vositalari mavjudligi va boshqalar);
davlat avtomobil nazoratining yo‘l-transport hodisalari ko‘p bo‘ladigan joylar, ularning sabablari to‘g‘risidagi ma’lumotlari;
yo‘nalishda ishlovchi haydovchilardan so‘rab-surishtirish;
yo‘nalishni bevosita tekshirish asosida baholanadi.
Tegishli tashkilot rahbarlari ko‘rsatib o‘tilgan axborotni komissiyalarga o‘z vaqtida taqdim etishga majburdir.
3. Tekshirish davomida harakat sharoitlariga ko‘ra yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlar talablarini qoniqtirmaydigan uchastkalarni aniqlashda harakat uchun xavf tug‘diruvchi aniq yo‘l omillari aniqlanadi; yo‘lning parametrlari, uning texnik toifasi aniqlanishi kerak, yo‘nalishning va uning ayrim bosqichlarining uzunligi o‘lchanadi.
4. Tekshirish natijalari dalolatnomada aks ettiriladi. Dalolatnomada avtobus yo‘nalishining harakat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida komissiyaning xulosasi beriladi. Dalolatnoma shuningdek harakat sharoitlarini yaxshilashga va yo‘nalishda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan va istiqboldagi tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha komissiyaniig xulosalari ham kiritiladi. Tekshirish dalolatnomasi yo‘nalish hujjatlari bilan birgalikda avtokorxonaning foydalanish bo‘limida saqlanadi.
5. Tekshirish dalolatnomalari yo‘nalishni ochish yoki yo‘nalishdan foydalanishni davom ettirish masalasini hal etish, yo‘lovchilar tashishni takomillashtirish va ularning xavfsizligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish, avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar holatidagi asbob-uskunalaridagi va saqlanishidagi kamchiliklarni bartaraf etish ustidan nazoratni tashkil etish uchun tegishli hokimliklarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, “O‘zavtoyo‘l” konserni bo‘linmalari va davlat avtomobil nazoratlariga berilada.
6. Dalolatnoma nusxalari kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish va ishlarni rejalashtirishda hisobga olish uchun yo‘l, kommunal tashkilotlarga hamda ixtiyorida avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar, temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari bor bo‘lgan boshqa tashkilotlarga yuboriladi. Dalolatnomalar nusxalari shuningdek harakatlanadigan tarkibning yo‘l sharoitlariga muvofiqligini ta’minlash, haydovchilarga yo‘l-yo‘riq berishda foydalanish, avtobuslar harakati tizimini normalash uchun avtokorxonaga hamda nazorat uchun davlat avtomobil nazoratlariga beriladi.
7. Zimmalariga dalolatnomada qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuklangan tashkilotlar rahbarlari yo‘nalishni ochish yoki undan foydalanishni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organlarga mo‘ljallangan ishlarning bajarilishi to‘g‘risidagi axborotni muntazam taqdim etishlari kerak.
IX. UMUMIY FOYDALANIShDAGI AVTOBUS YO‘NALIShLARINI OChISh VA YoPISh
1. Yangi avtobus yunalishlari ochishni tashkil etish va ishlab turganlaridan foydalanish tegishli avtotransport korxonalari (tashkilotlari) tomonidan hududi bo‘ylab yo‘nalishlar o‘tadigan respublikalarning avtomobil transporti ustavlari bilan belgilangan tartibda, avtomobil transportida yo‘lovchilar va yuk tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Avtobus yo‘nalishini ochish (yopish) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimlik, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi davlat avtomobil nazoratlari qarorlari yoki ushbu qoidalarning qo‘shma qarorlari asosida avtotransnort korxonasi (tashkiloti)ning buyrug‘iga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
2. Avtobus yo‘nalishlarini ochishda avtotransport korxonalari (tashkilotlari) tomonidan ularning temir yo‘lni kesib o‘tish yo‘llari orqali o‘tishini istisno etuvchi yechimlar qidirilishi kerak. Buning imkoni bo‘lmagan hollarda temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari orqali qatnov avtobuslari (doimiy yoki vaqtancha) harakatini ochishga har bir alohida holatda yo‘nalishni tekshirgan komissiyaning taqdimnomasiga ko‘ra temir yo‘l boshlig‘ining yoki kesib o‘tish yo‘li qarashli bo‘lgan tashkilot rahbarining ruxsatnomasi bilan yo‘l qo‘yiladi.
3. Vaqtinchalik (mavsumiy) avtobus marshrutlari agar:
past qoplamali yo‘llar bo‘ylab avtobus harakatini ochish talab etilsa;
avtobuslarning og‘irlik parametrlari va hajmlarining avtomobil yo‘llari haqiqiy toifalariga muvofiqligini ta’minlash imkoniyati bo‘lmasa;
avtomobil yo‘llari, ko‘chalar uchastkalari bo‘ylab, sun’iy inshoot, temir yo‘ldan kesib o‘tish yo‘llari va parom orqali o‘tish bo‘yicha ularning texnik holati, muhandislik uskunalari, saqlash darajasi normativ hujjatlar talablaridan chetga chiqilganda avtobus harakatini ochish zarur bo‘lganda hokimliklarning yozma ruxsatnomasiga ko‘ra va davlat avtomobil nazoratlari bilan kelishuv bo‘yicha avtotransport korxonasi (tashkiloti) tomonidan tashkil etilishi mumkin.
4. Vaqtinchalik (mavsumiy) avtobus yo‘nalishini ochishga ruxsatnoma uni tekshirgan komissiyaning xulosasi asosida beriladi. Bunda ushbu yo‘nalishning amal qilish muddati (davri), shuningdek avtobuslar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli avtokorxonalar va ixtiyorida avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, sun’iy inshootlar va boshqalar bo‘lgan yo‘l, kommunal tashkilotlar va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar kompleksi aniq ko‘rsatilishi kerak.
5. Avtobus yo‘nalishlari harakat xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda komissiyaning taqdimnomasi yoki davlat avtomobil nazoratining ko‘rsatmasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi tomonidan avtobus harakatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin. Ushbu qaror uch kun muddatda ko‘rib chiqilishi kerak va qabul qilingandan keyin kuchga kiradi. Hokimlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi qabul qilingan qarorni avtobusda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi avtotransport tashkilotlariga yetkazadi.
6. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda (tabiiy hodisalar sababli yo‘llar, yo‘l inshootlari buzilishi, yo‘l yoki meteorologiya sharoitlarining harakat xavfsizligi ta’minlanmaydigan darajagacha yomonlashishi, issiqlik, gaz, elektr kommunikatsiyalarida va boshqa kommunikatsiyalardan avariyalar) yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi korxona (tashkilot), yo‘l, kommunal tashkilotlar, davlat avtomobil nazoratlari, shuningdek hokimliklar, Koraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi avtobus harakatini darhol to‘xtatish, bu haqda tegishli yo‘l, avtotransport, kommunal tashkilotlarga, davlat avtomobil nazoratlariga bir vaqtning o‘zida xabar bergan holda, huquqiga egadirlar. Avtobuslar harakatini vaqtincha to‘xtatish tartibi tegishli hujjatlar bilan belgilanadi.
Izoh: Noqulay yo‘l va meteorologiya sharoitlari mavjud bo‘lgan ayrim hollarda avtobusda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi korxonalar (tashkilotlar) rahbarlari tomonidan avtobuslar harakatiga harakatning erkin rejimida (jadvaldan tashqari) pasaytirilgan tezliklarda yurishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
7. Mazkur Talablarning IX bo‘limi 6-bandida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra avtobuslar harakatini bir sutkadan ortiq muddatga yopish yoki yo‘nalishni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni avtobusda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi avtotransport korxonasi (tashkilot) hokimlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi va davlat avtomobil nazoratining hududiy bo‘linmalari e’tiboriga yetkazada.
8. Yo‘l, kommunal tashkilotlar, avtokorxonalar, davlat avtomobil nazoratlari, gidrometeorologiya xizmatlaridan harakat uchun xavfli bo‘lgan tabiiy ofatlar to‘g‘risidagi ogohlantirish olinganligi to‘g‘risida darhol bir-birlariga xabar qiladilar.
Dovullar to‘g‘risida ogohlantirish olingach, avtotransport korxonasi (avtovokzallar birlashmasi. avtostansiyalar, avtovokzallar) avtobuslarda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi barcha avtokorxonalarni tabiiy ofat hududiga harakatning vaqtincha to‘xtatilganligi to‘g‘risida xabardor qilish uchun uni yuqori turuvchi tashkilotga berishi shart.
9. Yangi avtobus yo‘nalishlarini ochish, ishlab turganlarini yopish, ularni o‘zgartirish, avtobuslar harakatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida avtotransport korxonalari (tashkilotlari) aholini, manfaatdor korxonalar (tashkilotlar)ni xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida Avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarga
ILOVA
ILOVA
Avtobus yo‘nalishlarini tekshirish bo‘yicha komissiyaning tavsiya etiladigan
tarkibi
1. Shahar hokimligining qarori bilan tasdiqlanadigan shahar, shahar atrofiga qatnovchi avtobus yo‘nalishlarini tekshirish bo‘yicha komissiya avtotransport korxonasi, yo‘l, kommunal tashkilotlar, temir yo‘l yoki tasarrufida temir yo‘lni kesib o‘tish yo‘llari bo‘lgan boshqa tashkilotlar, shuningdek ichki ishlar shahar bo‘limlari, davlat avtomobil nazorati rahbarlaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar hokimliklarining qarori bilan tasdiqlanadigan viloyat ichida, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi shaharlari o‘rtasida shaharlararo avtobus yo‘nalishlarini tekshirish bo‘yicha komissiyalar viloyat avtotransport birlashmalari, konsernlar, yo‘l va kommunal tashkilotlar, temir yo‘l yoki tasarrufida temir yo‘lni kesib o‘tish yo‘llari bo‘lgan boshqa tashkilotlarning, shuningdek ichki ishlar viloyat bo‘limlari davlat avtomobil nazorati rahbarlarining o‘rinbosarlaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
3. “O‘zavtotrans” korporatsiyasi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan “O‘zavtoyo‘l” konserni, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi bilan kelishuv bo‘yicha tasdiqlanadigan viloyatlararo, shaharlararo, respublikalararo va turistik avtobuslarni tekshirish bo‘yicha komissiyalar ushbu vazirliklar va idoralarning: Yo‘lovchilar tashish bosh boshqarmasi, transport bo‘limi, Davlat yo‘l nazorati, Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi, yo‘l xizmati vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
4. “O‘zavtotrans” korporatsiyasi tomonidan tasdiqlanadigan davlatlararo avtobus yo‘nalishlarini tekshirish bo‘yicha komissiya va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi boshqa davlatlarning avtomobil transportini boshqarish organlari hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishuv bo‘yicha tasdiqlaydigan davlatlararo turistik marshrutlarni tekshirish bo‘yicha komissiyalar 3-bandida ko‘rsatilgan tarkibda tashkil etiladi.