Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINI QOʻLLAB-QUVVATLASH VA RIVOJLANTIRISH SOHASIDA BEGʻARAZ KOʻMAKNI JALB ETISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Ichki va tashqi homiylarning ommaviy axborot vositalari faoliyatiga begʻaraz koʻmagini jalb etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida begʻaraz koʻmakni jalb etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.N. Aripov va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 8-noyabr,
232-son
Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida begʻaraz koʻmakni jalb etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalarining (keyingi oʻrinlarda “OAV” deb yuritiladi) iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash maqsadida ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasiga begʻaraz koʻmakni jalb etish tartibini belgilaydi.
2. OAVni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida begʻaraz koʻmak (keyingi oʻrinlarda “begʻaraz koʻmak” deb yuritiladi) deyilganda:
yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy ehsonlari va boshqa ehsonlari;
tashkilotlarning moliyaviy mablagʻlari va texnik koʻmaklashish doirasidagi mol-mulki, grantlari va boshqa begʻaraz yordami, shu jumladan safarlar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida va chet elda oʻtkaziladigan treninglar, seminarlar, konferensiyalar bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni qoplash;
begʻaraz xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish tushuniladi.
Ommaviy axborot vositasi deyilganda ommaviy axborotni davriy shaklda tarqatishning doimiy nomga ega boʻlgan va olti oyda kamida bir marta bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) chiqarish va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, kino-, videodasturlar, Internet-nashrlar va boshqalar) efirga berish shakli (keyingi oʻrinlarda “chiqarish” deb yuritiladi) hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari tushuniladi.
Ommaviy axborot vositasi tahririyati deyilganda ommaviy axborot vositasini chiqaruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi tushuniladi.
II. Mablagʻlarni jalb etish qoidalari
3. OAV tahririyatlari yuridik va jismoniy shaxslardan begʻaraz koʻmak olish huquqiga egadir, mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan hollar bundan mustasno.
4. OAV tahriyatlariga:
xorijiy davlatlar;
xalqaro, xorijiy hukumat tashkilotlari va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar, ularning vakolatxonalari va filiallari;
chet ellik qatnashchining ulushi 30 foizdan ortiq boʻlgan xorijiy investitsiyalar jalb etilgan korxonalar;
xorijiy fuqarolar;
fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
diniy tashkilotlar, ular yuridik shaxs — OAVning tahririyati ustav fondida qatnashgan hollar bundan mustasno;
nomi yashirilgan shaxslar yoki taxallus ostidagi shaxslar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri begʻaraz koʻmak berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Koʻrsatib oʻtilgan toifalar OAV tahririyatlariga Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi orqali koʻmaklashish huquqiga egadir.
5. OAV tahririyatlari tomonidan bir yil mobaynida koʻmakning bir manbaidan olingan begʻaraz koʻmak mablagʻlari summasi (natura ifodasida koʻmak berilgan taqdirda — pul ifodasida qayta hisoblab chiqiladi) tahririyatning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq yillik xarajatlar umumiy summasining 35 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
OAV tahririyatlari begʻaraz koʻmak olingan kundan boshlab bir oy mobaynida belgilangan miqdordan ortiqcha summani koʻmaklashgan shaxsga qaytarishi shart.
Belgilangan miqdordan ortiq mablagʻlar summasini qaytarish koʻmaklashgan shaxsning hisob-kitob raqamiga oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Qaytarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda ushbu summa Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining hisob-kitob raqamiga oʻtkaziladi.
Natura ifodasida olingan begʻaraz koʻmakning bir qismini (pul ifodasida qayta hisoblab chiqilgandan keyin) qaytarish zarur boʻlganda, tahririyat tegishli mol-mulkni Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga beradi. Fond undan oʻz ustav faoliyatini amalga oshirish maqsadida foydalanadi.
OAVni chiqarish uchun zarur boʻlgan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq belgilanadi.
6. OAV tahririyatlari begʻaraz koʻmakdan qatʼiy ravishda oʻz ustav faoliyatini amalga oshirish maqsadida foydalanadilar.
Begʻaraz koʻmakdan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
7. Begʻaraz koʻmaklashayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning OAVni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashga, tahririyatlarning ijodiy faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari pul mablagʻlari shaklida ehson berayotganda ushbu pul mablagʻlarini yuridik shaxslar uchun naqd boʻlmagan hisob-kitoblar qoidalarida nazarda tutilgan rekvizitlarni koʻrsatgan holda OAV tahririyatlarining vakolatli bankdagi hisob-kitob raqamlariga oʻtkazadilar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari pul mablagʻlari shaklida ehson berayotganda ushbu pul mablagʻlarini fuqaroning pasportini yoki uning oʻrnini bosadigan hujjatni koʻrsatgan va toʻlov hujjatida oʻzining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasportdagi boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda OAV tahririyatlarining vakolatli bankdagi hisob-kitob raqamlariga oʻtkazadilar.
10. OAV tahririyatlariga naqd pul mablagʻlarini bevosita berish yoʻli bilan begʻaraz koʻmaklashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
III. Hisobga olish va nazorat qilish
11. Oʻzbekiston Respublikasi jamoatchiligi va davlat organlarining OAVni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida begʻaraz koʻmak olinishi va foydalanilishi toʻgʻrisidagi axborotga erkin ega boʻlishini taʼminlash maqsadida tegishli OAV tahririyatlari:
yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasining davriy bosma nashrlarida begʻaraz koʻmak olinishi hajmi va manbalari (begʻaraz koʻmak olingan taqdirda) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladilar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan muddatda va tartibda davlat soliq xizmati organlariga hisobot davrida tushgan va sarflangan begʻaraz koʻmak toʻgʻrisida belgilangan shakl boʻyicha hisobot taqdim etadilar.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Begʻaraz koʻmak puldan boshqa shaklda (natura ifodasida) olingan taqdirda oluvchi (OAV tahririyati yoki Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi) qonunchilikka muvofiq uni pul ifodasida baholaydi va tegishli maʼlumotlarni, shu jumladan koʻmaklashish manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni matbuotda eʼlon qilinadigan va vakolatli organlarga taqdim etiladigan hisobotlarga kiritadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
13. OAVni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida begʻaraz tashqi koʻmakni hisobga olish va nazorat qilish masalalari Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro, xorijiy hukumat tashkilotlaridan va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlardan olinadigan texnik koʻmak, grantlar va muruvvat yordami moliyaviy mablagʻlarini hisobga olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 4-fevraldagi 56-son va “Investitsiya loyihalarini tasdiqlash va amalga oshirish monitoringi mexanizmlarini takomillashtirish, muruvvat yordami yuklarini va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini hisobga olish va nazorat qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 15-noyabrdagi 251-son qarorlari bilan belgilangan tartibda tartibga solinadi.
IV. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
14. Mazkur Nizomga rioya etilishi ustidan nazorat qilishni qonunchilikka muvofiq tegishli vakolatli davlat organlari amalga oshiradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining IX bobi (Canoatdagi, qurilishdagi va issiqlik hamda elektr energiyasidan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 45-son, 447-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)