Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Zamonaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi PF-5721-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining zamonaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonani tashkil etish va yangi ish joylarini yaratish boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-noyabrdagi PQ-3406-sonli qarori 2-ilovasining 56-bandini bajarishni taʼminlash yuzasidan:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Fonon” Davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi (keyingi oʻrinlarda — “Fonon” DIIChK) bilan “Hwachon Plant” (Koreya Respublikasi) va “Gemco Jewelry Co., Ltd” (Koreya Respublikasi) kompaniyalari konsorsiumi oʻrtasida “Stronghold Reserves Inc.” (AQSh) kompaniyasining ham ishtirokida 2017-yil 23-noyabrda imzolangan Bitimga muvofiq Toshkent shahrida umumiy qiymati 18,0 million AQSh dollariga teng boʻlgan zamonaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqariladigan korxonani tashkil etish boʻyicha “UzGold and Jewelry” MChJ (keyingi urinlarda — “UzGold and Jewelry” MChJ QK deb yuritiladi) qoʻshma korxonasi barpo etildi;
“Fonon” DIIChK mulklari hamda “1-Zargarlik korxonasi” davlat korxonasi bino va inshootlarining bir qismi negizida “Zamonaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — loyiha)ning biznes-rejasi tayyorlandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “Fonon” DIIChKning belgilangan tartibda amalga oshiriladigan quyidagi ulushlar hisobiga ustav jamgʻarmasi 18,0 million AQSh dollari miqdoridagi “UzGold and Jewelry” MChJ qoʻshma korxonasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
“Fonon” DIIChK — Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 50-uy manzilida joylashgan “Fonon” DIIChK binolari va inshootlari hamda mulkining bir qismi, shuningdek, Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Zargarlik koʻchasi 46-b uy manzilida joylashgan “1-Zargarlik korxonasi” davlat korxonasining (maydoni 322 kv. metrli ofis xonasidan tashqari, ilgari sobiq “Kumush” MChJ QKDga tegishli boʻlgan) binolari va inshootlarining bir qismi tashkil etilayotgan “UzGold and Jewelry” MChJ QKning ustav jamgʻarmasiga qoʻshiladigan ulush sifatida belgilangan bozor qiymati boʻyicha 5, 94 million AQSh dollari miqdoridagi 33 foizi;
“Gemco Jewelry Co., Ltd” (Koreya Respublikasi) korporatsiyasi — 7,2 million AQSh dollari miqdoridagi mashinalar, uskunalar va pul mablagʻlaridan iborat toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar tarzida 40 foizi;
“Stronghold Reserves Inc.” (AQSh) kompaniyasi — 4,86 million AQSh dollari miqdoridagi toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar tarzida 27 foizi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi ushbu qaror 2-bandining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan “1-Zargarlik korxonasi” davlat korxonasining, “Fonon” DIIChKning tashkil etilayotgan “UzGold and Jewelry” MChJ QKning ustav jamgʻarmasiga keyinchalik oʻtkazish uchun topshirilayotgan bino va inshootlariga operativ boshqarish huquqi rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “UzGold and Jewelry” MChJ QKning biznes-rejasiga muvofiq zargarlik buyumlari 2018-yilda kamida 200 kg hajmda ishlab chiqarilishi taʼminlanadi, 2022-yilga borib ishlab chiqarish hajmlari yiliga 5,0 tonnagacha yetkaziladi.
5. Belgilansinki, loyihaning amalga oshirilishi belgilangan muddatlarda taʼminlanmagan taqdirda, “Fonon” DIIChKning ushbu qaror 2-bandining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan obyektlar tarzida “UzGold and Jewelry” MChJ QK ustav jamgʻarmasiga qoʻshgan hissasi yana maqsadli foydalanish uchun qaytariladi va “Fonon” DIIChK muassislar tarkibidan chiqariladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi “UzGold and Jewelry” MChJ va “Fonon” DIIChK bilan birgalikda bir oy muddatda loyihani amalga oshirishning tarmoq jadvalini tasdiqlasin va foydalanishga topshirishning belgilangan muddatlarini nazarda tutsin.
7. “Asaka” ATBning ilgari sobiq “Kumush” MChJ QKga tegishli boʻlgan moddiy boyliklar hamda kumushni qayta ishlash va ishlab chiqarish uskunalarini “UzGold and Jewelry” MChJ qoʻshma korxonasiga sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik buyumlarining zamonaviy mahalliy ishlab chiqarishlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 17-oktabrdagi PQ-3334-sonli karori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmurodov va “Fonon” DIIChK Bosh direktori M.X. Ashurov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-avgust,
PQ-3921-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2018-y., 07/20/3921/0889-son)