Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN QAYTA IShLOVChI KORXONALARGA SUT, TIRIK MOL, JUN, QORAMOL VA MAYDA MOLLAR TERISI, MEVA-SABZAVOT VA POLIZ MAHSULOTLARINI XARID QILISh UChUN NAQD PUL BERISh VA ULARDAN FOYDALANISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 14-yanvarda 1198-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2005-yil 12-oktabrdagi 22/2-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2005-yil 7-noyabrdagi 167-mh-son buyrugʻi bilan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozorni isteʼmol mollari bilan toʻldirishni ragʻbatlantarish hamda ishlab chiqaruvchilar bilan savdo tashkilotlarining oʻzaro munosabatlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 13-noyabrdagi 390-sonli qaroriga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Tijorat banklari tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga sut, tirik mol, jun, qoramol va mayda mollar terisi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini xarid qilish uchun naqd pul berish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida Nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
3. Ushbu Qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran “Teri va moʻyna xom-ashyosini sotib olish uchun hisob-kitob qilish tartibi” (1999-yil 13-yanvardagi 592-sonli roʻyxat raqami, Meʼyoriy hujjatlar Axborotnomasi, 1999-yil, 1-son), shuningdek unga kiritilgan 1-sonli oʻzgartirish va qoʻshimchalar (2000-yil 21-avgustdagi 592-1-sonli roʻyxat raqami, Meʼyoriy hujjatlar Axborotnomasi, 2000-yil, 16-son) oʻz kuchini yoʻqotadi.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F.M. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-noyabr,
26/7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy
banki Boshqaruvining 2002-yil 30
noyabrdagi 26/7-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
banki Boshqaruvining 2002-yil 30
noyabrdagi 26/7-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Tijorat banklari tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga sut, tirik mol, jun, qoramol va mayda mollar terisi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini xarid qilish uchun naqd pul berish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 13-noyabrdagi 390-sonli “Bozorni isteʼmol mollar bilan toʻldirishni ragʻbatlantirish hamda ishlab chiqaruvchilar bilan savdo tashkilotlarining oʻzaro munosabatlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, tijorat banklari tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish maqsadlariga naqd pul berish tartibini belgilab beradi.
Ushbu hujjatda belgilangan tartib tayyorlov korxonalariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qayta ishlovchi korxonalar — sut, jun, qoramol va mayda mollar terisi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini (bundan keyingi matnda — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari) qayta ishlab, yarim fabrikat va tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, tirik mollarni goʻshtga soʻyish, goʻshtdan yarim fabrikat tayyorlash bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs maqomiga ega korxonalar.
bevosita ishlab chiqaruvchilar — oʻz tomorqa yer uchastkasidan shaxsiy mehnati asosida qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi jismoniy shaxslar va dehqon xoʻjaliklari, uzoq muddatga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda tovar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklari.
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash — sutni qayta ishlashdan sariyogʻ, pishloq va boshqa sut mahsulotlari, junni qayta ishlab kalava, jun gazlama va aholi isteʼmoli uchun boshqa jun mahsulotlari, qoramol va mayda mol terisini qayta ishlab charm va charm mahsulotlari, meva-sabzavot va poliz mahsulotlaridan quritilgan qoqi, konserva, tomat pastasi, sharbat, meva sharbatlaridan konsentratsiyalashtirilgan kukun ishlab chiqarish va boshqalar.
3. Mazkur Nizomda belgilangan tartib asosida bankdan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun naqd pul olish huquqiga faqat qayta ishlash quvvatlariga ega boʻlgan korxonalar hamda qushxonalar egadirlar.
Shu bilan bir vaqtda ushbu Nizom quyidagilarga nisbatan joriy etilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarga;
kreditorlik qarzlari (2-sonli kartotekasi) mavjud boʻlgan qayta ishlovchi korxonalarga;
paxta xomashyosi, tamaki bargi, kanop, pilla xarid qilishga;
kredit mablagʻlari hisobiga mahsulotlar xarid qilishga.
4. Qayta ishlovchi korxonalar rahbarlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun banklardan olingan naqd pullardan maqsadga muvofiq foydalanish boʻyicha shaxsan javobgardirlar.
II. BANKLARDAN NAQD PUL MABLAGʻLARI OLISh TARTIBI
5. Qayta ishlovchi korxonalar ushbu Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash maqsadida xarid qilishga naqd pul mablagʻlari olish uchun kalendar yilda bir marta uning asosiy depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga belgilangan tartibda tasdiqlangan hamda saqlash va qayta ishlashning tegishli quvvatlari koʻrsatilgan holda mahsulotlar tayyorlash va sanoat yoʻli bilan qayta ishlash uchun oʻz moddiy-texnika bazasi mavjudligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim etishlari kerak.
Qayta ishlovchi korxona tomonidan koʻchmas qayta ishlash quvvatlaridan ijara shartlarida foydalanilgan taqdirda ijara shartnomasining notarial tasdiqlangan nusxasi va ijara shartnomasining Davlat kadastrida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma taqdim etiladi.
6. Qayta ishlovchi korxona uning asosiy depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatuvchi bankka bevosita ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hisob-kitobi uchun naqd pulga boʻlgan ehtiyoji miqdori koʻrsatilgan buyurtmanomani naqd pul olinishi rejalashtirilayotgan yil choragi boshlanishidan ikki hafta oldin taqdim etadi. Buyurtmanomada ushbu maqsadlar uchun naqd pulga ehtiyoj korxona biznes-rejasidan kelib chiqqan holda yil choragi ichidagi haftalar qirqimida koʻrsatilishi lozim.
7. Qayta ishlovchi korxonalarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun naqd pul uning asosiy depozit hisobvaragʻidagi mavjud mablagʻlari doirasida beriladi.
8. Bank tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun beriladigan naqd pul summasi qayta ishlovchi korxonalar tomonidan bevosita ishlab chiqaruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida aniqlanadi va yetti kunlik ehtiyoj miqdorida beriladi.
9. Qayta ishlovchi korxonalarga qishloq xoʻjalik mahsulotlarini sotib olish uchun naqd pul har yetti kunda bir marta beriladi. Bunda qayta ishlovchi korxona xizmat koʻrsatuvchi bankka shu maqsad uchun ilgari olingan naqd puldan foydalanilganligini tasdiqlovchi qabul qilish kvitansiyalari reyestrini taqdim etadi.
Qayta ishlovchi korxona ilgari olingan naqd puldan foydalanilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etmagan taqdirda bank bundan keyin naqd pul berishni toʻxtatib qoʻyadi.
III. QAYTA IShLOVChI KORXONA TOMONIDAN BANKDAN OLINGAN NAQD PULNI IShLATISh TARTIBI
10. Qayta ishlovchi korxona tomonidan yuqoridagi maqsadlar uchun bankdan olingan naqd pul mablagʻlari shu kunning oʻzida korxona kassasiga kirim qilinadi.
11. Qayta ishlovchi korxona tomonidan kassa operatsiyalari yuritilishi, naqd pullarni saqlash va sarflash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankning “Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari”ga (Davlat roʻyxati 565-son, 1998-yil 17-dekabr) muvofiq amalga oshirilishi kerak.
12. Bankdan olingan pulning yetti ish kuni mobaynida sarflanmagan qismi yetti kunlik muddat tamom boʻlgandan keyingi kundan kechiktirmasdan qayta ishlovchi korxonaning talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga oʻtkazish uchun xizmat koʻrsatuvchi bankka topshirilishi shart.
13. Qayta ishlovchi korxona bilan bevosita ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida topshirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun hisob-kitob, mahsulot qabul qilib olish paytida korxona kassasidan bevosita ishlab chiqaruvchining oʻziga naqd pul berish yoʻli bilan yoki masʼul shaxs, yaʼni qayta ishlovchi korxona kassasidan mahsulot xarid qilish uchun naqd pullarni keyinchalik hisobot berish sharti bilan oluvchi, korxonada doimiy ishlovchi, xodimlar roʻyxatida mavjud boʻlgan va korxona bilan moddiy javobgarlik toʻgʻrisida Shartnoma tuzgan xodim (keyingi oʻrinlarda — masʼul shaxs) orqali amalga oshiriladi.
14. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qabul qilish kvitansiya bilan rasmiylashtiriladi. Kvitansiyada korxona rahbari, bosh buxgalteri va kassirining imzolari boʻlib, ular korxona muhri va kassir shtampi yoki kassa apparati belgisi bilan tasdiqlanadi.
15. Qayta ishlovchi korxonalarda bevosita ishlab chiqaruvchi dehqon yoki fermer xoʻjaligining nomi, yuridik manzili, bankdagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi qayd etilgan, agar jismoniy shaxs boʻlsa uning ismi, nasabi va otasining ismi, yashash manzili, pasport maʼlumotlari, sotib olingan xomashyoning hajmi, miqdori va narxi, toʻlangan pul summasi hamda mahsulot yetkazib beruvchining imzosi qoʻyilgan kundalik hisob daftar yuritilishi shart, Agar mahsulot masʼul shaxs tomonidan xarid qilingan boʻlsa ushbu daftarga uning imzosi qoʻyiladi.
16. Qayta ishlovchi korxonaning kassasidan bevosita ishlab chiqaruvchilarga yoki masʼul shaxsga berilgan naqd pullar korxona rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan chiqim orderlari orqali rasmiylashtiriladi.
IV. BANK TOMONIDAN QAYTA IShLOVChI KORXONAGA BERILGAN NAQD PULLARDAN MAQSADLI FOYDALANILIShINI NAZORAT QILISh TARTIBI
17. Qayta ishlovchi korxona har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-kunidan kechiktirmay xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga naqd pulga xarid qilingan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi, miqdori va narxi, toʻlangan pul summasini tasdiqlovchi, rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolangan hamda muhr bilan tasdiqlangan maʼlumotnomani taqdim etadi.
Qayta ishlovchi korxona rahbari va bosh buxgalteri maʼlumotnomaga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xarid qilishga naqd pul sarflanishi toʻgʻrisidagi tekshirilmagan kassa hisobotlari maʼlumotlari kiritilganligi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
18. Tijorat banklari har chorakda qayta ishlovchi korxona tomonidan taqdim etilgan dalolatnomalarni, shuningdek, qayta ishlovchi korxonaning hisobvaragʻiga qayta ishlangan mahsulotlarni sotishdan tushgan pul tushumini tahlil qiladilar.
19. Tahlil natijasida qayta ishlovchi korxonaga qayta ishlash uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlari sotib olish uchun naqd pul berilgandan keyingi 3 oy davomida uning talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni sotish natijasida tushumlar tushmaganligi yoki ushbu tushumlar nihoyatda kam miqdorda ekanligi aniqlangan taqdirda, tijorat banklari ushbu maqsadlarga naqd pul berishni toʻxtatib qoʻyadilar.
20. Qayta ishlovchi korxonalarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun berilgan naqd pullarni maqsadga muvofiq ishlatilishini tekshirish xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda, qayta ishlovchi korxona tomonidan bankka naqd pul berish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi kassa kitobi yozuvlari va qabul qilish kvitansiyalarida koʻrsatilgan xarid qilingan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini omborga kirim qilinganligi, kassa hujjatlari va kundalik hisob daftaridagi maʼlumotlarni oʻrganib chiqish yoʻli bilan tekshiriladi.
21. Bank tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun berilgan naqd pullarning maqsadli ishlatilishi yuzasidan joyida oʻtkazilgan tekshirishlar jarayonida naqd pullar maqsadga nomuvofiq ishlatilganligi, hisobga olish oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi va boshqa qoida buzishlar aniqlangan taqdirda qonunchilikka muvofiq tegishli jazo choralari qoʻllash uchun tekshirish maʼlumotlarini soliq organlariga, agar suisteʼmol hollari aniqlangan boʻlsa huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi.
Bunda tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar naqd pul berish toʻxtatiladi.
22. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri M.B. NURMURODOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-noyabr,
137-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Raisi J.B. SAYFIDDINOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-noyabr,
2002-89-son
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 1-2-son)