Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TOShQIN SUVLARINI, SEL OQIMLARINI OʻTKAZIB YuBORISh VA KOʻChKI HODISALARI BILAN BOGʻLIQ FAVQULODDA VAZIYATLARNING OLDINI OLISh HAMDA ULARNING OQIBATLARINI TUGATISh BORASIDAGI QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-fevraldagi PQ-279-sonli “Aholi va hududlarni sel-toshqin va koʻchki hodisalari bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
2004-2005-yil qish davrida respublikaning togʻli joylari va asosiy daryo havzalarida yogʻingarchilik miqdori oʻrtacha yillik meʼyoridan ancha (baʼzi mintaqalarda — ikki baravar) ortiqni tashkil etadi.
Yigʻilib qolgan qor zaxiralarining hajmlari vujudga kelayotgan gidrometeorologik vaziyatni mushkullashtirmoqda. Ayniqsa Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda respublikaning boshqa bir qancha mintaqalarining togʻli hududlarida sel, toshqin jarayonlari va koʻchki hodisalari kuchayishi, tabiiy, ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi xavfi mavjud.
Oʻtkazilayotgan muhofaza ishlari samaradorligini oshirish, toshqin va sel oqimlari, koʻchki hodisalaridan kutilishi mumkin boʻlgan zararni kamaytirish, shuningdek ularning oqibatlarini tezkorlik bilan tugatish maqsadida:
1. Toshqin suvlarini, sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborish va koʻchki hodisalarining oldini olishni taʼminlash boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi:
suv toshqinlarini, sel oqimlarini oʻtkazib yuborish va koʻchki hodisalari bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tugatish boʻyicha 2005-yilning bahor-yoz fasllariga moʻljallangan asosiy tadbirlar dasturini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va uning bajarilishini taʼminlasin;
15-martga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzgidromet” markazi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining tegishli xizmatlari maʼlumotlari asosida xavfli zonalardagi xoʻjaliklarning roʻyxatini aniqlasin, mazkur zonalarda istiqomat qiluvchi aholini doimiy yashash uchun respublikaning bexatar hududlariga vaqtincha yoki (zarur hollarda) bosqichma-bosqich koʻchirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
xatarli gidrometeorologik va geologik hodisalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish rejasida koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa manfaatdor muassasa va tashkilotlarning ishlarini muvofiqlashtirishni, ularning yaqin hamkorligini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzgidromet” markazi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:
5-martga qadar toshqinga qarshi Hukumat komissiyasiga, viloyatlar va shaharlar hokimliklariga xavfli zonalardagi odamlarni vaqtincha yoki doimiy koʻchirish hamda muhandislik-geologiya muhofaza tadbirlarini bajarish uchun shunday zonalardagi xoʻjaliklar, aholi punktlari va boshqa inshootlar toʻgʻrisida maʼlumot bersin; xatarli hududlardagi gidrometeorologiya vaziyati va geologik jarayonlarning uzluksiz monitoringini tashkil qilsin hamda toshqin suvlari, sel oqimlari va koʻchkilar zonasiga tushib qolgan yangi obyektlar toʻgʻrisida darhol axborot bilan taʼminlasin;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda obyektlari va xoʻjaliklari xavfli zonalarda boʻlgan hokimliklarga, korxonalar, tashkilotlarning rahbarlari va fuqarolarga aholi hamda hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan zarur choralar koʻrish toʻgʻrisidagi tegishli bildirishnoma va yozma koʻrsatmalar oʻz vaqtida berilishi hamda ularning ijrosi nazorat qilinishini taʼminlasin;
yozgi dam olish mavsumi va maktab taʼtili boshlanishidan oldin bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari, dam olish uylari, turistik bazalarni muhandislik-geologiya jihatidan tekshirib chiqsin va zarurat boʻlganda obyektlarni vaqtincha yopib qoʻyish yoki muhofaza tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisida tegishli yozma koʻrsatmalar bersin;
2005-yilning 15-martidan 1-sentabrigacha boʻlgan davrda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda qor zaxiralarini, sel va koʻchki xavfi boʻlgan zonalarni aniqlash, baland togʻlarda yorib chiqish xavfi boʻlgan koʻllar holatini tekshirish maqsadida togʻli va togʻoldi tumanlarini, shu jumladan chegaradosh davlatlar hududlarini (Oʻzbekiston Respublikasi TIV bilan kelishilgan holda) aviatsiya koʻmagida muntazam tekshirib chiqsin, shuningdek 1993 va 1998-yillardagi, xususan Shohimardondagi falokatli oqibatlarga yoʻl qoʻymaslik va ularning oldini olish maqsadida mazkur tumanlardagi gidrometeorologik vaziyat hamda geologik jarayonlar rivojini kuzatib borish ishlarini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda baland togʻlardagi yorib chiqish xavfi boʻlgan koʻllarni kuzatish maqsadida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi monitoringini amalga oshirish va ular toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabar berish uchun tegishli texnik vositalar va ishonchli aloqa bilan jihozlangan muvaqqat kuzatuv postlari oʻz vaqtida qoʻyilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir hafta muddatda xatarli gidrometeorologik va geologik hodisalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish boʻyicha yuzaga keladigan masalalarni tezkorlik bilan hal etish uchun viloyat va tuman (ayniqsa sel, toshqin va koʻchki xavfi boʻlgan zonalarda) shtablarini tashkil etsinlar, ularning ixtiyoriga zarur miqdorda avtotransport, yonilgʻi-moylash materiallari va aloqa vositalari ajratsinlar;
2005-yilning 25-martiga qadar Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda daryolar, kanallar, soylarning oʻzanlari hamda koʻpriklarni tekshirib chiqib, xavfli uchastkalarni aniqlasinlar hamda ularni mustahkamlash va tozalash boʻyicha zarur muhofaza tadbirlari, avariya-tiklash ishlarining bajarilishini taʼminlasinlar;
daryolarning qayirlarida oʻzboshimchalik bilan qurish, noruda materiallarni ruxsatsiz qazib chiqarish hamda xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boshqa ishlarni bajarish oqibatida daryo, kanal va soylarning suv oʻtkazish qobiliyatini kamaytirish ehtimoli boʻlgan hollarga qatʼiy chek qoʻysinlar;
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda “Oʻzgidromet”ning yozma buyruqlariga muvofiq, koʻchki, sel va toshqin xavfi mavjud boʻlgan zonalardagi barcha xoʻjaliklar aholisini bexatar va oʻz vaqtida tashkiliy ravishda koʻchirishni, shuningdek xavf-xatarsiz yashash joylariga koʻchirilayotgan odamlarning xavfsizligini, ularning normal turmushi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini hamda kerakli tushuntirish ishlari olib borilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
vazirlik hududiy boshqarmalari va boʻlinmalarining shaxsiy tarkibini kuchaytirilgan ish tartibiga oʻtkazsin, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda ularning avariya-qutqaruv ishlarini bajarishga, boshqa vazifalarni hal qilishga doimiy tayyor boʻlib turishlarini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfi toʻgʻrisidagi xabar oʻz vaqtida olinishini hamda uning manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari va aholiga yetkazilishini kafolatlaydigan xabardor qilish tizimining ishonchli ishlashini taʼminlasin;
xatarli gidrometeorologik va geologik jarayonlar oqibatida vujudga kelayotgan vaziyat boʻyicha maʼlumotlar yigʻish va tahlil qilish hamda favqulodda vaziyatlar paydo boʻlish xavfini minimallashtirish, ularning ehtimol tutilgan oqibatlarini tugatish borasidagi zarur chora-tadbirlar yuzasidan toshqinga qarshi Hukumat komissiyasiga takliflar berilishini taʼminlasin;
toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi qarorlarining bajarilishini samarali tarzda muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Davsuvxoʻjaliknazorat” inspeksiyasi:
ikki hafta muddatda kanallar, inshootlar, sel oʻtadigan oʻzanlar va dambalarning sel hamda toshqin suvlarini oʻtkazib yuborishga tayyorligini tekshirsinlar;
2005-yilning 1-apreligacha FVV, IIV va “Oʻzbekenergo” DAK bilan birgalikda oʻzanlardagi suv omborlarining holatini tekshirsinlar hamda sel va toshqin suvlarini qabul qilish va avariyasiz oʻtkazib yuborishga doim tayyor boʻlib turishi uchun ularning ish tartibi ustidan nazorat oʻrnatsinlar, toshqin suvlari oʻtishi boshlangunga qadar har bir suv omborida umumiy hajmining kamida 30 foiziga teng boʻsh joy mavjud boʻlishini taʼminlasinlar;
sel va toshqin suvlari oʻtadigan davrda vazirlikning joylardagi barcha boʻlinmalarida kecha-kunduz navbatchilik va suv xoʻjaligi obyektlarining ishi ustidan nazorat oʻrnatsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2005-yilning 15-apreligacha sel, koʻchki xavfi boʻlgan zonalarni aniqlash hamda ular holati monitoringini birgalikda tashkil qilish maqsadida Qirgʻiziston va Tojikiston hududlaridagi togʻoldi va togʻli tumanlarni “Oʻzgidromet” boʻlinmalari tomonidan aviatsiya koʻmagida tekshirish oʻtkazishga mazkur mamlakatlar hukumatlarining ruxsatnomalarini olish toʻgʻrisidagi masalani belgilangan tartibda ishlab chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi chegaradosh davlatlar hududlaridagi sel, koʻchki xavfi mavjud boʻlgan zonalarni aviatsiya yordamida tekshirib chiqish uchun “Oʻzgidromet”ga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan aniq maqsadlarga belgilangan tartibda 65 million soʻm miqdorda mablagʻ ajratsin.
8. Ichki ishlar vazirligi mahalliy hokimiyat organlari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda koʻchkilar oʻpirilishi, sel va toshqin suvlari oʻtishi xavfi paydo boʻlganda odamlar (shu jumladan koʻchirilgan aholining muddatidan oldin qaytib kelishi), transport vositalari va texnikaning xavfli uchastkalarga, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish ehtimoli boʻlgan zonalarga oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida yoʻllar, transport kommunikatsiyalarida qoʻshimcha postlar hamda ogohlantiruvchi yoʻl belgilari oʻrnatsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xavfli tumanlardan koʻchiriladigan aholiga tibbiy xizmat koʻrsatilishini tashkil qilsin hamda sel, koʻchki, toshqin xavfi mavjud boʻlgan zonalarda sanitariya-epidemiologiya nazoratini kuchaytirsin. Favqulodda vaziyatlar kelib chiqishi mumkin boʻlgan hollar uchun dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari va epidemiyaga qarshi vositalar zaxiralari yaratilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshqin suvlarini, sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborish va koʻchki hodisalarining oldini olish hamda ularning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 10-martdagi 117-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-fevral,
PQ-16-son