Keyingi yillarda mamlakatimizda sugʻurta xizmatlari va kredit-moliya masalalari boʻyicha isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi, shu jumladan tadbirkorlar uchun qoʻshimcha yengilliklar yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga aholining, shu jumladan tadbirkorlarning sugʻurtaga oid savodxonligini mustahkamlash uchun ommaviy axborot vositalari orqali keng qamrovli targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻyish, kredit mahsulotlari reklamasida oʻz toʻlov qobiliyatini toʻgʻri baholay olmaslik va qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi toʻgʻrisida isteʼmolchilar uchun ogohlantirish berilishini taʼminlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga aholining, shu jumladan tadbirkorlarning sugʻurtaga oid savodxonligini oshirishga qaratilgan axborot ijtimoiy axborot deb belgilanishini, sohalardagi vakolatli organlar ham ijtimoiy axborotning reklama beruvchilari jumlasiga kiritilishini, moliyaviy xizmatlar reklamasida mazkur xizmatlardan foydalanish va qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirish mavjud boʻlishi kerakligini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilmoqda.
Ushbu Qonun isteʼmolchilarni sugʻurta xizmatlari toʻgʻrisidagi keng qamrovli va ishonchli axborot bilan taʼminlash orqali ularning ushbu xizmatlardan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga hamda aholida sugʻurta xizmatlariga boʻlgan ishonch darajasini oshirishga, kredit bilan bogʻliq moliyaviy xatarlar toʻgʻrisida aholining, shu jumladan tadbirkorlarning xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan “Reklama toʻgʻrisida”gi OʻRQ-776-sonli
Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 6, 571-modda; 2024-yil, № 2, 108-modda, № 9, 964-modda, № 11, 1189-modda; 2025-yil, № 3, 372-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 5-modda birinchi qismining
toʻrtinchi xatboshisi “energetika resurslarini saqlash” degan soʻzlardan keyin “sugʻurtaga oid savodxonlikni oshirish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 20-moddaning
ikkinchi qismidagi “jismoniy va yuridik shaxslar” degan soʻzlar “sohalardagi vakolatli organlar, jismoniy va yuridik shaxslar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3)
43-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kredit, shu jumladan mikroqarz reklamasida bunday xizmatlar boʻyicha qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirish mavjud boʻlishi kerak. Bunday ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni va vaqtining kamida oʻn foizini tashkil etishi lozim”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Markaziy banki hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining
3-bandi ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.