1.18.00.00.00 PROKURATURA. ADVOKATURA. NOTARIAT. YURIDIK XIZMAT. ADLIYA ORGANLARI / 18.01.00.00 Prokuratura / 18.01.05.00 Jinoyatchilikka qarshi kurashishda faoliyatni muvofiqlashtirish]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini muhofaza qilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Respublikada kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash sohasida samarali raqamli nazorat, tahlil va prognozlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat organlari va tashkilotlarining mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlari samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklar omillarini ilmiy-amaliy tahlil qilish hamda jinoyatchilik holatini prognozlash asosida bu sohadagi boshqaruvning yangicha mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) kriminogen vaziyatni tahlil qilish amaliyotini jinoyatlarni qayd etish va umumlashtirishdan sunʼiy intellekt yordamida jinoyatchilik dinamikasini oldindan prognozlash, xavf omillarini erta aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan tizimga oʻtkazish;
(b) huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasini muvofiqlashtirish va nazorat qilish faoliyatiga xavf tahliliga asoslangan mexanizmlarni joriy etish, kriminogen vaziyatni baholashda aholining xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik indikatorlaridan foydalanishni nazarda tutish;
(v) vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jinoyatlarning barvaqt oldini olish sohasidagi masʼuliyatini natijadorlik mezonlari asosida baholash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
(g) prognozlash va sunʼiy intellekt texnologiyalarini huquqbuzarliklar profilaktikasi, huquq-tartibotning kuch va vositalarini maqbul taqsimlash, nazorat tadbirlarini rejalashtirish va ijtimoiy xizmatlarni manzilli yoʻnaltirish maqsadlarida, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish kafolatlariga qatʼiy rioya etgan holda qoʻllashni taʼminlash.
II. Kriminogen vaziyatni kompleks tahlil qilish va jinoyatchilikni prognozlash mexanizmlari
2. Bosh prokuraturaning quyidagilarni nazarda tutuvchi Yagona kriminogen maʼlumotlar platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma)ni ishlab chiqish va ishga tushirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
(a) jinoyatlarning obyektiv va subyektiv sabablari, masʼul idoralar, mansabdor shaxslar hamda bartaraf etish choralarining elektron reyestrini yuritish, koʻrilgan choralar natijalarini inson omilisiz oylik, yarim yillik va yillik nazorat qilish;
(b) hududlar, mahallalar va jinoyat turlari kesimida jinoyatchilik dinamikasini yarim yillik va yillik prognoz qilish hamda uning natijalari asosida kriminogen vaziyati ogʻir hududlarga vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan choralarni nazarda tutuvchi xabarnomalar yuborish;
(v) jinoyatchilik dinamikasi, unga taʼsir qiluvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar, infratuzilma xavflari, profilaktika samaradorligi va aholining xavfsizlik hissi indikatorini aks ettiruvchi kriminogen barqarorlik indeksini shakllantirish;
(g) vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ularning quyi tuzilmalari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini KPI asosida baholash va reytingini yuritish;
(d) masʼul idoralar uchun interaktiv maʼlumotlar paneli, kriminogen xaritalar, avtomatik hisobotlar, tahliliy maʼlumotnomalar va prokuror nazorati uchun tavsiyalar shakllantirish.
3. Vazirliklar va idoralar Platformaga quyidagi maʼlumotlarni Bosh prokuratura bilan kelishilgan format, muddat va sifat talablari asosida “E-integratsiya” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali avtomatlashgan tarzda taqdim etsin:
(a) “Elektron jinoiy-huquqiy statistika”, “E-material”, “E-muhokama”, “E-ijtimoiy profilaktika”, “112” yagona dispetcherlik xizmati, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa axborot tizimlari maʼlumotlari;
(b) profilaktik hisob, probatsiya, maʼmuriy nazorat, nizoli oilalar, himoya orderlari, voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash boʻyicha maʼlumotlar;
(v) ishsizlik, kambagʻallik, migratsiya, taʼlim, ijtimoiy yordam, oilaviy nizolar, sogʻliqni saqlash, ichkilikbozlik, giyohvandlik va ruhiy kasalliklar bilan bogʻliq xavf indikatorlari;
(g) hududiy infratuzilma, shu jumladan, yoritish, videokuzatuv, xavfli jamoat joylari, nazoratsiz obyektlar, transport va yoʻl infratuzilmasi boʻyicha maʼlumotlar;
(d) fuqarolar murojaatlari, ishonch telefonlari, ommaviy axborot vositalari va ochiq manbalar monitoringi, ijtimoiy soʻrovlar va viktimologik tadqiqotlar natijalari.
4. Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda Platformaga maʼlumot taqdim etuvchi boshqa tashkilotlar 2027-yil mart oyi yakuniga qadar:
(a) Platformaga integratsiya qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni mahalla, tuman (shahar) va viloyat kesimida raqamlashtirsin;
(b) maʼlumotlarning toʻliqligi, ishonchliligi, dolzarbligi va oʻzaro taqqoslanishini taʼminlasin, ularni yagona klassifikatorlar va mashinada oʻqiladigan formatlarga muvofiqlashtirsin;
(v) tegishli axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari va elektron reyestrlarni Platforma bilan avtomatlashtirilgan tarzda integratsiya qilishga texnik jihatdan tayyorlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi hamda “E-integratsiya” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali zarur maʼlumotlarni taqdim etmaslik, kechiktirish yoki notoʻgʻri maʼlumot kiritish holatlari huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi qonunchilik ijrosi buzilishi sifatida baholanadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi;
(b) Platformadan foydalanishda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish, tizimdagi amallar qaydini (audit-log) yuritish, axborot xavfsizligini taʼminlash va maʼlumotlarni egasizlantirish talablariga qatʼiy rioya etiladi;
(v) prognoz va sunʼiy intellekt yordamidagi tahlil natijalari shaxsga nisbatan huquqiy oqibat keltiruvchi qaror qabul qilish uchun mustaqil asos boʻla olmaydi.
6. Bosh prokuratura Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar Toshkent shahrining Olmazor tumanida Platformani sinov tariqasida ishga tushirib, 2028-yildan boshlab uni respublikaning barcha hududlariga bosqichma-bosqich joriy etish choralarini koʻrsin.
III. Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishni nazorat qilish
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) Bosh prokuratura tomonidan jinoyatchilik dinamikasini prognoz qilish natijasida mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuborilgan xabarnomalar boʻyicha quyidagi shoshilinch kompleks choralar amalga oshirib boriladi:
(i) xabarnoma qabul qilinganidan soʻng 3 sutka ichida tuman (shahar) hokimi rahbarligida idoralararo tezkor shtab tashkil etiladi;
(ii) bir oy ichida jinoyatchilikning xavf omillari, obyektiv va subyektiv sabablar hamda masʼul idoralar faoliyatidagi kamchiliklar aniqlanadi va yillik manzilli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi;
(iii) yarim yil yakuni bilan rejaga asosan faoliyat samaradorligi oraliq baholanadi va zarur hollarda yillik manzilli chora-tadbirlar rejasi qayta koʻrib chiqiladi;
(iv) yillik koʻrsatkichlar asosida natijalar yakuniy baholanadi hamda yillik manzilli chora-tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlamagan masʼul mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasi koʻrib chiqiladi;
(b) jinoyatlarning barvaqt oldini olish faoliyatida samaradorlikka erishish maqsadida vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari:
(i) Bosh prokuratura tomonidan beriladigan prognoz xabari asosida oʻz sohalarida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid vazifalar ijrosi hamda manzilli choralarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi;
(ii) har chorakda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi KPI koʻrsatkichlari, jinoyatlar sabablarini bartaraf etish holati va kriminogen vaziyat barqarorligiga taʼsir qiluvchi tizimli muammolar boʻyicha Bosh prokuraturaga hisobot kiritadi.
8. Kriminologiya tadqiqot instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi bilan hamkorlikda har yili:
(a) aholi oʻrtasida milliy viktimologik soʻrov;
(b) aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi boʻyicha ijtimoiy soʻrov;
(v) yoshlar, voyaga yetmaganlar, ayollar, muqaddam sudlangan va probatsiya hisobidagi shaxslar, “qizil” toifadagi mahallalar hamda boshqa masalalar boʻyicha manzilli kriminologik tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkil etish choralarini koʻrsin. Bunda soʻrovlar va tadqiqotlar rejasi Bosh prokuratura bilan kelishiladi hamda ularning natijalari muntazam ravishda taqdim etib boriladi.
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2028-yildan boshlab Bosh prokuratura tomonidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga quyidagilarni nazarda tutuvchi tahliliy axborotnoma kiritiladi:
(a) respublika va hududlar kesimida kriminogen vaziyat dinamikasi;
(b) kriminogen barqarorlik indeksi natijalari;
(v) jinoyatchilik yuzasidan prognozlar aniqligi va ular asosida koʻrilgan choralar samaradorligi;
(g) vazirlik va idoralarning profilaktika samaradorligi boʻyicha KPI koʻrsatkichlari;
(d) yashirin (latent) jinoyatchilik, fuqarolarning xavfsizlik hissi indikatorlari va viktimologik soʻrovlar natijalari;
(j) Oʻzbekiston Respublikasidagi kriminogen vaziyatning MDHga aʼzo davlatlar va boshqa xorijiy davlatlar bilan qiyosiy tahlili;
(z) kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish sohasida mavjud tizimli muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi taklif va tavsiyalar.
10. Mamlakatda tezkor vaziyatga taʼsir etuvchi holatlarni erta aniqlash faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Ichki ishlar vazirligining Tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
(a) respublika, viloyat, tuman va shahar hamda mahalla kesimida tezkor vaziyatga taʼsir etuvchi holatlarni doimiy oʻrganib borib, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va Bosh prokuraturani tezkor axborot bilan taʼminlash;
(b) oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar boʻyicha dastlabki tezkor-tahliliy oʻrganishni amalga oshirish, jinoyat sodir etilishiga imkon bergan obyektiv va subyektiv omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ichki ishlar organlariga topshiriqlar berish;
(v) tezkor vaziyat keskinlashishi mumkin boʻlgan hududlar, mahallalar, jinoyat turlari va shaxslar toifalari boʻyicha erta ogohlantiruvchi xabarlarni shakllantirish va ular asosida patrul-post, profilaktika va probatsiya xizmatlari, tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv boʻlinmalar faoliyatini maqsadli yoʻnaltirish;
(g) jinoyatchilik prognozlari va kriminogen vaziyat barqarorligi indeksi asosida ichki ishlar organlari uchun tezkor-profilaktik choralar rejasini ishlab chiqish hamda uning ijrosini kunlik nazorat qilish;
(d) har kuni ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar hamda tezkor vaziyat boʻyicha maʼlumot, har oyda kriminogen vaziyati ogʻir hududlar va jinoyat turlari boʻyicha umumlashtirilgan tahliliy hisobot tayyorlash.
11. Belgilansinki, Ichki ishlar vazirligining Tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi tomonidan berilgan topshiriqlar va taqdim etilgan tahliliy xulosalar barcha hududiy ichki ishlar organlari uchun koʻrib chiqilishi majburiy boʻlib, ularning birinchi rahbarlari tomonidan tezkor-profilaktik choralarni koʻrish uchun asos hisoblanadi.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Quyidagilar:
(a) 2026 — 2030-yillarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatchilik dinamikasini prognozlash faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026-2027-yillarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilik dinamikasini prognozlash va xavfga asoslangan nazorat tizimini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini toʻlaqonli muvofiqlashtirib borish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida:
(a) Bosh prokuraturaning Kriminogen vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari negizida tegishincha Kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash ustidan nazorat boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — Boshqarma) va uning hududiy boʻlimlari;
(b) Boshqarma tarkibidagi Tezkor-tahlil guruhi negizida Raqamli tahlil va prognozlash boʻlimi tashkil etilsin hamda ularning zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
(i) respublika, viloyat, tuman va shahar hamda mahalla kesimida kriminogen vaziyatni kompleks tahlil qilib, jinoyatchilik dinamikasini prognoz qilib borish;
(ii) oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning sabablari, shart-sharoitlari va ularni bartaraf etish choralari ijrosi boʻyicha yagona elektron monitoringni yuritish;
(iii) vazirlik va idoralarning huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid faoliyati samaradorligini xavfga asoslangan (risk control) tamoyil asosida baholab borish, shuningdek, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish;
(iv) huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari faoliyati ustidan prokuror nazoratini metodik taʼminlash va muvofiqlashtirish;
(v) jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha davlat siyosatini takomillashtirish yuzasidan, shu jumladan, ilgʻor xorijiy tajribalarni tizimli oʻrganish orqali ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishni tashkil etish.
14. Belgilansinki, Boshqarma kriminogen vaziyat barqarorligi indeksini yuritish, huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari faoliyati samaradorligini tahlil qilish hamda mazkur sohada prokuror nazoratini metodik taʼminlash va muvofiqlashtirish boʻyicha Bosh prokuraturaning vakolatli tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-son qaroriga3-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
16. Bosh prokuratura uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda amaldagi qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev belgilansin.
18. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻining birinchi oʻrinbosari A.X. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-noyabr,
PF-241-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-noyabrdagi PF-241-son Farmoniga 1-ILOVA
2026 — 2030-yillarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatchilik dinamikasini prognozlash faoliyati samaradorligini oshirish
KONSEPSIYASI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Konsepsiya kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilik dinamikasini prognozlash, profilaktika subyektlari faoliyati samaradorligini baholash, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash ustidan prokuror nazoratini kuchaytirish hamda ushbu sohada raqamli, ilmiy va dalilga asoslangan boshqaruv mexanizmlarini joriy etishning 2026 — 2030-yillarga moʻljallangan asosiy maqsad, vazifa, tamoyil va yoʻnalishlarini belgilaydi. Mazkur Konsepsiya qonunchilikda belgilangan strategik rejalashtirish hujjatlari sirasiga kirmaydi.
2. Konsepsiya jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi tahlil amaliyotini sodir etilgan jinoyatlarni qayd etish, hisobotlarni umumlashtirish va keyinchalik muhokama qilish bosqichidan jinoyatchilik dinamikasi, ishsizlik, kambagʻallik, migratsiya, oilaviy nizolar, taʼlim sifati va qamrovi, ichkilikbozlik, giyohvandlik va ruhiy kasalliklar, infratuzilma, jamoat xavfsizligi, ijtimoiy xizmatlar va mahalliy boshqaruv samaradorligi bilan bogʻliq jinoyatchilik xavflarini oldindan aniqlash, kriminogen omillarni bartaraf etish, profilaktika subyektlari faoliyatini KPI asosida baholash va prokuror nazoratini xavf tahlili asosida tashkil etish bosqichiga oʻtkazishga qaratilgan.
3. Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
(a) “Yagona kriminogen maʼlumotlar platformasi”ni (keyingi oʻrinlarda — Platforma) joriy etish va zarur axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;
(b) kriminogen maʼlumotlarni yagona elektron muhitda jamlash va idoralararo maʼlumot almashinuvini avtomatlashtirish;
(v) jinoyatchilik dinamikasini hudud, mahalla, vaqt, jinoyat turi va profilaktika subyektlari kesimida tizimli tahlil qilish;
(g) jinoyatchilik dinamikasini yarim yillik va yillik prognozlash hamda xavfli hududlarni erta aniqlash;
(d) kriminogen vaziyati ogʻir hududlarga vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan xabarnomalar yuborish orqali profilaktika resurslarini xavf darajasiga qarab yoʻnaltirish;
(j) oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning sabablari, masʼul idoralar va bartaraf etish choralarining elektron reyestrini yuritish;
(z) koʻrilgan choralar natijasini oylik, yarim yillik va yillik muddatlarda monitoring qilish;
(i) profilaktika subyektlari faoliyati samaradorligini KPI asosida baholash va reytingini yuritish;
(k) vazirlik va idoralarning profilaktika sohasidagi vazifalarini natijaga bogʻlash;
(l) kriminogen vaziyatga baho berishda kriminologik tadqiqotlar va ijtimoiy soʻrovnomalardan foydalanish;
(m) bu boradagi prokuror nazoratini xavfga asoslangan, manzilli va natijaga yoʻnaltirilgan nazorat tizimiga oʻtkazish;
(n) vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining jinoyatlarning barvaqt oldini olish sohasidagi shaxsiy va institutsional masʼuliyatini kuchaytirish;
(o) kriminogen vaziyatni baholashda rasmiy statistika bilan bir qatorda kriminologik tadqiqotlar, viktimologik oʻrganishlar, ijtimoiy soʻrovlar, aholining xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik indikatorlaridan foydalanish;
(p) prognoz algoritmlari va sunʼiy intellektdan foydalanishda inson huquqlari va shaxsga doir maʼlumotlar himoyasini taʼminlash;
(r) xalqaro tajribani oʻrganish, Oʻzbekiston sharoitiga mos ilgʻor amaliyotlarni pilot tartibida modellashtirish va joriy etish.
4. Konsepsiyada nazarda tutilgan vazifalar Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Oliy sud, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Milliy statistika qoʻmitasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa profilaktika subyektlari tomonidan bevosita va oʻzaro hamkorlikda amalga oshiriladi.
5. Konsepsiyani amalga oshirishda Bosh prokuraturaning Kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash ustidan nazorat boshqarmasi ushbu sohada vakolatli metodik, tahliliy va muvofiqlashtiruvchi tarkibiy tuzilma sifatida ishtirok etadi.
6. Mazkur Konsepsiyada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
kriminogen vaziyat — muayyan hudud, vaqt oraligʻi yoki ijtimoiy muhitda jinoyatchilik darajasi, jinoyatlarga taʼsir qiluvchi omillar, profilaktika subyektlari faoliyati, aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi bilan tavsiflanadigan holat;
kriminogen vaziyat barqarorligi — jinoyatchilik xavflari nazorat ostida boʻlgani, profilaktika subyektlari samarali ishlayotgani, jinoyat sabablari bartaraf etilayotgani va aholining xavfsizlik hissi taʼminlangan holat;
jinoyatchilik dinamikasi — jinoyatlar soni, tarkibi, ogʻirlik darajasi, hududiy va vaqt boʻyicha taqsimlanishi, takroriyligi, subyektlari va jabrlanuvchilari toifalaridagi oʻzgarishlar;
jinoyatchilik dinamikasi prognozi — maʼlumotlar tahlili, statistik usullar, kriminologik baholash va raqamli algoritmlar asosida muayyan davrda jinoyatchilik holati qanday oʻzgarishi mumkinligini baholash;
xavf xabarnomasi — Platforma tomonidan muayyan hudud, mahalla, jinoyat turi yoki profilaktika yoʻnalishi boʻyicha kriminogen xavf oshgani haqida shakllantiriladigan ogohlantirish;
kriminogen vaziyati barqaror hudud — prognozlash natijalariga koʻra jinoyat sodir etilishiga olib keluvchi ijtimoiy, iqtisodiy, demografik, maishiy va infratuzilmaviy xavf omillari past darajada boʻlgan, profilaktika subyektlarining imkoniyatlari mavjud xavflarni barvaqt bartaraf etish uchun yetarli deb baholangan hudud;
kriminogen vaziyati ogʻir hudud — prognozlash natijalariga koʻra jinoyat sodir etilish ehtimolini oshiruvchi bir nechta xavf omillari jamlangan, ularning taʼsiri yuqori deb baholangan hamda mavjud profilaktika choralari va resurslari xavflarni bartaraf etish uchun yetarli boʻlmagan, kechiktirib boʻlmaydigan kompleks choralar koʻrish talab etiladigan hudud;
kriminogen barqarorlik indeksi — jinoyat dinamikasi, sabab va shart-sharoitlar, profilaktika samaradorligi, ijtimoiy-iqtisodiy omillar, infratuzilma xavflari, aholining xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik indikatorlarini kompleks baholovchi koʻrsatkich;
oldini olish mumkin boʻlgan jinoyat — profilaktika subyektlari oʻz vazifalarini oʻz vaqtida, manzilli va samarali bajargan taqdirda sodir etilishining oldini olish imkoni mavjud boʻlgan jinoyat;
obyektiv sabablar — jinoyat sodir etilishiga sharoit yaratgan ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy, infratuzilmaviy, hududiy, tashkiliy yoki huquqiy omillar;
subyektiv sabablar — shaxs, oila, muhit, xulq-atvor, nazoratsizlik, profilaktik ishdagi kamchilik yoki masʼul shaxs harakatsizligi bilan bogʻliq omillar;
profilaktika subyekti — jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olishda qonunchilik bilan vazifa yuklatilgan davlat organi, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki boshqa ishtirokchi;
KPI — profilaktika subyekti faoliyati samaradorligini natija, sabablarni bartaraf etish va jinoyatchilik xavfini pasaytirish mezonlari asosida baholovchi asosiy koʻrsatkichlar;
yashirin jinoyatchilik — rasmiy statistikada aks etmagan, lekin viktimologik soʻrovlar, murojaatlar, ochiq manbalar va boshqa maʼlumotlar orqali mavjudligi haqida xulosa qilish mumkin boʻlgan jinoyatchilik holatlari;
milliy viktimologik soʻrov — aholining jinoyatdan jabr koʻrganligi yoki koʻrmaganligi, jinoyat haqida xabar bergan yoki bermaganligi sabablari va yashirin jinoyatchilik koʻlamini oʻrganishga qaratilgan tadqiqot;
aholining xavfsizlik hissi boʻyicha soʻrov — fuqarolar oʻz mahallasi, koʻchasi va jamoat joylarida oʻzini xavfsiz his qilishi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga ishonchi darajasini baholovchi ijtimoiy tadqiqot;
xavfga asoslangan prokuror nazorati — prokuror nazorati tadbirlarini xavf darajasi, jinoyatchilik dinamikasi prognozi, indeks va KPI natijalari asosida ustuvor yoʻnaltirish boʻyicha chora-tadbirlar majmui.
II. Konsepsiyaning maqsadi
7. Konsepsiyaning asosiy maqsadi kriminogen vaziyatni tahlil qilish tizimini jinoyatlar sodir etilgandan keyingi hisobot va umumlashtirish bosqichidan jinoyatchilik xavflarini oldindan aniqlash, prognozlash, masʼul idoralarni manzilli harakatga keltirish, sabablarni bartaraf etish va prokuror nazoratini xavfga asoslangan holda tashkil etish bosqichiga oʻtkazishdan iborat.
III. Asosiy tamoyillar
8. Konsepsiya quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
qonuniylik — barcha tahlil, maʼlumot almashish, prognoz, soʻrov, monitoring va nazorat choralari qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Maʼlumotlarni olish, qayta ishlash va uzatish faqat vakolat va belgilangan maqsad doirasida bajariladi;
dalilga asoslanganlik — profilaktika choralari statistika, jinoiy-huquqiy maʼlumotlar, ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar, kriminologik tadqiqotlar, soʻrovnomalar va natija bahosiga asoslanadi;
idoralararo javobgarlik — har bir xavf omili boʻyicha masʼul idora, mansabdor shaxs, bajarish muddati va natija indikatori belgilanadi. Sabablarni bartaraf etishda “umumiy masʼuliyat” emas, aniq ijrochi hamda maqsadli indikatorlar bilan baholanadigan natija talab etiladi;
mahallabay yondashuv — kriminogen vaziyatni baholashda mahalla asosiy tahlil birligi hisoblanadi. Hududiy choralar mahalla, koʻcha, jamoat joyi, xavfli obyekt va aholi guruhlari kesimida manzilli rejalashtiriladi. “Xavfli” toifaga tushgan hududlarda tezkor shtablar tashkil etiladi, kompleks rejalarga asosan kuchaytirilgan choralar koʻriladi;
shaffoflik va hisobdorlik — vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ularning quyi boʻgʻinlari profilaktika sohasidagi KPI natijalari, sabablarni bartaraf etish holati va kriminogen barqarorlikka taʼsir qiluvchi muammolar boʻyicha muntazam hisobot berib boradi;
raqamli xavfsizlik — Platformadan foydalanishda axborot xavfsizligi, tizimdagi amallar qaydi (audit-log), rolga asoslangan kirish huquqi, maʼlumotlarni egasizlantirish va shaxsga doir maʼlumotlar himoyasi majburiy shart hisoblanadi.
IV. “Yagona kriminogen maʼlumotlar platformasi”ning asosiy funksiyalari
9. Platforma kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilik dinamikasini prognozlash, obyektiv va subyektiv omillar reyestrini yuritish, xavf xabarnomalarini shakllantirish va prokuror nazorati uchun tavsiyalar tayyorlashga moʻljallangan yagona raqamli muhit hisoblanadi.
10. Platformada “E-integratsiya” yagona integratsiyalashuv platformasi orqali vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan avtomatlashgan tarzda maʼlumot almashiladi.
11. Platformada shakllantiriladigan prognoz va tahliliy tavsiyalar prokuratura, ichki ishlar organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa masʼul idoralar tomonidan profilaktik choralarni rejalashtirish, kuch-vositalarni yoʻnaltirish, nazorat tadbirlarini belgilash va ijtimoiy xizmatlarni manzilli tashkil etish uchun qoʻllanadi.
V. Prognozlash uchun maʼlumotlar manbalari
12. Jinoyatchilik dinamikasini prognozlashda quyidagi asosiy maʼlumot manbalaridan foydalaniladi:
(a) “Elektron jinoiy-huquqiy statistika”, “E-material”, “E-muhokama”, “E-ijtimoiy profilaktika”, “112” yagona dispetcherlik xizmati, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa axborot tizimlari maʼlumotlari;
(b) ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar;
(v) infratuzilma maʼlumotlari;
(g) taʼlim, yoshlar va oila yoʻnalishidagi maʼlumotlar;
(d) maxsus kriminologik tadqiqotlar, milliy viktimologik soʻrov va aholining xavfsizlik hissi boʻyicha ijtimoiy soʻrov natijalari.
13. Har bir maʼlumot manbai boʻyicha maʼlumot egasi, yangilanish davriyligi, texnik formati, huquqiy asosi, sifat mezoni va shaxsga doir maʼlumotlar bilan ishlash tartibi alohida reglament bilan belgilanadi.
VI. Indikatorlar va koʻrsatkichlarga qoʻyiladigan talablar
14. Prognoz, indeks va KPIni hisoblashda foydalaniladigan koʻrsatkichlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
(a) aniq va bir xil talqin qilinadigan boʻlishi;
(b) hudud, vaqt va manba bilan bogʻlanishi;
(v) avtomatik tekshirish imkoniyatiga ega boʻlishi;
(g) profilaktika chorasi bilan bogʻliqligi;
(d) natijani baholashga xizmat qilishi;
(j) maʼlumot sifati talablariga mos boʻlishi;
(z) hududlar va idoralar kesimida taqqoslash imkonini berishi.
15. Indikatorlar tizimi zarurat va samaradorlikdan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
VII. Prognoz algoritmlari va tahliliy modellar
16. Jinoyatchilik dinamikasi prognozlari statistik maʼlumotlar, belgilangan xavf mezonlari, aholi tarkibi, ijtimoiy-iqtisodiy omillar, infratuzilma maʼlumotlari, milliy viktimologik soʻrov va aholining xavfsizlik hissi boʻyicha ijtimoiy soʻrov natijalarini sunʼiy intellekt modellari yordamida kompleks tahlil qilish yoʻli bilan shakllantiriladi.
17. Prognoz algoritmlari quyidagi natijalarni shakllantiradi:
(a) hududlar boʻyicha yarim yillik va yillik xavf darajasi;
(b) jinoyat turlari boʻyicha oʻsish yoki pasayish ehtimoli;
(v) xavfli mahallalar va xavfli hududlar (hot spot);
(d) obyektiv va subyektiv omillarni bartaraf etish choralarining samaradorligi;
(j) ijtimoiy-iqtisodiy tavsiyalar;
(z) resurslarni qayta taqsimlash boʻyicha tavsiyalar;
(i) prokuror nazorati tadbirlari uchun ustuvor yoʻnalishlar.
18. Prognoz natijalari asosida hududdagi kriminogen vaziyat “barqaror” yoki “ogʻir” deb topiladi.
Kriminogen vaziyati “ogʻir” boʻlgan hudud boʻyicha tezkor shtab tashkil etish, xavf omillarini bir oy ichida aniqlash, yillik manzilli chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash, yarim yillik oraliq baholash va yil yakuni boʻyicha natijalarni koʻrib chiqish mexanizmi qoʻllanadi.
19. Prognoz algoritmlari muntazam ravishda aniqlik, ishonchlilik, maʼlumot sifati va adolat nuqtai nazaridan baholanadi.
20. Prognoz natijalari:
(a) profilaktika tadbirlarini rejalashtirish;
(b) patrul va profilaktika resurslarini taqsimlash;
(v) ijtimoiy xizmatlar va iqtisodiy manbalarni manzilli yoʻnaltirish;
(j) hududiy rahbarlar faoliyatini tahlil qilish uchun ishlatiladi.
VIII. Xavfga asoslangan prokuror nazoratini tashkil etish
21. Konsepsiya doirasida xavfga asoslangan prokuror nazorati jinoyatchilik xavfi, profilaktika samarasizligi, obyektiv va subyektiv omillar bartaraf etilmaganligi, maʼlumotlar ishonchsizligi, aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi pasayishi kabi obyektiv raqamli koʻrsatkichlarga qarab belgilanadi.
Bunda prokuror nazoratining asosiy maqsadi jinoyatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish, masʼul idoralar faoliyatini natijaga yoʻnaltirish va qonunchilik ijrosini tizimli taʼminlash hisoblanadi.
22. Xavfga asoslangan prokuror nazorati quyidagi maʼlumotlar asosida tashkil etiladi:
(a) jinoyatchilik dinamikasi prognozi;
(b) kriminogen barqarorlik indeksi;
(v) jinoyatlarning obyektiv va subyektiv sabablari hamda ularni bartaraf etish elektron reyestri;
(g) profilaktika subyektlari KPI koʻrsatkichlari;
(d) aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi boʻyicha ijtimoiy soʻrovlar natijalari;
(j) milliy viktimologik soʻrov natijalari va yashirin jinoyatchilik indikatorlari;
(z) fuqarolar murojaatlari, ishonch telefonlari, “112” xabarlari va ommaviy axborot vositalari monitoringi;
(i) profilaktik hisob, probatsiya va maʼmuriy nazoratda turgan shaxslar, himoya orderlari berilgan shaxslar va nizoli oilalar boʻyicha maʼlumotlar;
(k) Platformaga maʼlumotlarni taqdim etmaslik, kechiktirish, soxta, notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumot kiritish holatlari.
23. Xavfni baholashda har bir koʻrsatkich alohida emas, oʻzaro bogʻliq holda baholanadi. Bunda jinoyatlar sonidan qatʼi nazar, aholi murojaatlari koʻpayishi, xavfsizlik hissi pasayishi, profilaktik hisobdagi shaxslar bilan ishlash samarasizligi va maʼlumotlar kech kiritilishi hududda yashirin yoki kechikib namoyon boʻladigan kriminogen xavf borligini koʻrsatadi.
24. Xavfga asoslangan prokuror nazorati quyidagi xavf darajalariga muvofiq tashkil etiladi:
Xavf darajasi
Asosiy belgilar
Nazorat shakli
Natija
Past xavf
indeks va KPI koʻrsatkichi ijobiy, prognoz barqaror, jinoyat omillari oʻz vaqtida bartaraf etilgan
odatiy masofaviy monitoring
umumiy kuzatuv va profilaktik tavsiya
Oʻrta xavf
ayrim KPI koʻrsatkichi pasayishi, jinoyat omillarini bartaraf etishda kechikish, murojaatlar koʻpayishi
mavzuli tahlil, elektron ogohlantirish, masʼul idoradan maʼlumot talab qilish
kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha muddatli topshiriq
25. Xavf darajasi Platforma tomonidan avtomatik belgilanadi, biroq yakuniy nazorat shakli prokuror tomonidan huquqiy baholash asosida belgilanadi.
26. Xavfga asoslangan prokuror nazoratining vazifasi har bir jinoyat yoki xavf xabarnomasi ortidagi sababni aniqlash, masʼul subyektni belgilash, bartaraf etish choralari koʻrilganligini nazorat qilish va natija boʻlmagan hollarda prokuror nazorati hujjatlarini qoʻllash orqali profilaktika tizimini real natijaga yoʻnaltirishdan iborat.
IX. Kriminologik tadqiqotlar va ijtimoiy soʻrovlar
27. Konsepsiya doirasida kriminologik tadqiqotlar, viktimologik oʻrganishlar va ijtimoiy soʻrovlar jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid davlat siyosatida asosiy dalil manbalaridan biri sifatida qoʻllanadi.
28. Milliy viktimologik soʻrov orqali quyidagilar oʻrganiladi:
(a) aholining jinoyat qurboni boʻlish holatlari;
(b) jinoyat haqida xabar berish yoki bermaslik sabablari;
(v) yashirin jinoyatchilik koʻlami;
(g) jabrlanuvchilarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan munosabati;
(d) jinoyatdan keyin yordam va himoya olish holati;
(j) muayyan jinoyat turlari boʻyicha rasmiy statistika va haqiqiy holat oʻrtasidagi tafovut.
29. Aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi boʻyicha ijtimoiy soʻrovlar orqali quyidagilar oʻrganiladi:
(a) fuqarolarning oʻz mahallasi va jamoat joylaridagi xavfsizlik hissi;
(b) huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonch darajasi;
(v) jinoyat haqida xabar berishga tayyorlik;
(g) profilaktika choralaridan qoniqish;
(d) xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va boshqa guruhlar xavfsizligi darajasi.
X. Monitoring va baholash
30. Konsepsiya ijrosi quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
(a) Platformaga ulangan idoralar va axborot tizimlari soni;
(b) maʼlumotlarni avtomatik taqdim etish ulushi;
(v) maʼlumot sifati va toʻliqligi;
(g) prognozlarning haqiqatdagi jinoyatchilik dinamikasi bilan mosligi;
(d) kriminogen vaziyati ogʻir hududlar boʻyicha koʻrilgan choralar samaradorligi;
(j) sabablarni bartaraf etish monitoringi natijalari;
(z) KPI orqali baholangan profilaktika subyektlari ulushi;
(i) viktimologik soʻrovlar va xavfsizlik hissi koʻrsatkichlari;
(k) jinoyatchilik dinamikasi va takroriy jinoyatlar kamayishi.
31. Konsepsiya ijrosi boʻyicha har yili 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tahliliy axborotnoma kiritiladi va unda amalga oshirilgan ishlar, natijalar, muammolar, prognozlar aniqligi, jinoyatchilik holatiga oid xalqaro qiyosiy statistik tahlil, kelgusi chora-tadbirlar va takliflar aks ettiriladi.
XI. Kutilayotgan natijalar
32. 2030-yilga qadar quyidagi natijalarga erishish nazarda tutiladi:
(a) respublika boʻyicha kriminogen maʼlumotlarning yagona tahliliy platformasi toʻliq ishga tushadi;
(b) har bir tuman, shahar va mahalla boʻyicha kriminogen barqarorlik indeksi yuritiladi;
(v) yarim yillik va yillik jinoyatchilik dinamikasi prognozlari amaliyotga kiritiladi;
(g) oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sabablarini bartaraf etish boʻyicha oylik, yarim yillik va yillik monitoring yoʻlga qoʻyiladi;
(d) profilaktika subyektlari faoliyati KPI asosida baholanadi;
(j) bu boradagi prokuror nazorati tadbirlari xavf tahlili asosida rejalashtiriladi;
(z) milliy viktimologik soʻrov va aholining xavfsizlik hissi soʻrovi muntazam oʻtkaziladi;
(i) jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha davlat siyosati ilmiy va raqamli dalillarga asoslanadi;
(k) masʼul idoralar profilaktika sohasidagi natijalar uchun aniq hisobdor boʻladi;
(l) kriminogen vaziyati ogʻir hududlar boʻyicha shoshilinch kompleks choralar mexanizmi shakllanadi;
(n) aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi oshadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-noyabrdagi PF-241-son Farmoniga 2-ILOVA
2026-2027-yillarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilik dinamikasini prognozlash va xavfga asoslangan nazorat tizimini joriy etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r
Tadbir nomi
Amalga oshirish mexanizmi
Amalga oshirish shakli
Ijro muddati
Moliyalashtirish manbalari
Masʼul ijrochilar
I. Tashkiliy masalalar
1.
Farmon, konsepsiya va ushbu “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, vazirlik va idoralar bilan tashkiliy-texnik hamkorlikni yaratish maqsadida idoralararo ishchi guruh shakllantirish.
1. Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, vazirlik va idoralarning malakali xodimlaridan iborat idoralararo ishchi guruhni shakllantirish.
2. Ishchi guruh har bir aʼzosining vazifalari, vakolatlari, masʼuliyat sohalarini, shuningdek, axborot almashish, tashkiliy-texnik masalalarni kelishish, yigʻilishlarni oʻtkazish hamda qaror qabul qilish tartibini belgilash.
Idoralararo hujjat
1 oy muddatda
-
Bosh prokuratura,
Oliy sud,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Milliy gvardiya,
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
Milliy statistika qoʻmitasi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
2.
IIV Tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasining yangi vazifalarini amalga oshirish mexanizmlarini belgilash.
Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining axborot almashish va tezkor munosabat tartibini tasdiqlash haqidagi qoʻshma qarori va IIVning idoraviy buyrugʻini tasdiqlash.
Idoralararo hujjat
Buyruq
2026-yil dekabr
-
Ichki ishlar vazirligi,
Bosh prokuratura
3.
“Yagona kriminogen maʼlumotlar platformasi”ni amaliyotga joriy etish.
“Yagona kriminogen maʼlumotlar platformasi”ni amaliyotga joriy etishga doir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda kiritish.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi
2027-yil dekabr
-
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Raqamli texnologiyalar vazirligi
II. Asosiy chora-tadbirlar
4.
Amaldagi kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatchilik dinamikasini prognozlash imkonini beruvchi maʼlumotlarning raqamlashtirilganlik holatini xatlovdan oʻtkazish va elektron shaklda yuritilmaydigan maʼlumotlarni raqamlashtirish choralarini koʻrish.
1. Kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatchilik dinamikasini prognozlash imkonini beruvchi raqamlashtirilgan maʼlumotlarning koʻlami, formati, yangilanish davriyligi, arxiv davri, platforma bilan integratsiya talablariga javob berishi haqida texnik pasport tayyorlash.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2027-yil mart
Elektron hamkorlikni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Oliy sud,
Milliy gvardiya,
Milliy statistika qoʻmitasi,
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Yoshlar ishlari agentligi,
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi,
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi,
Kadastr agentligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
2. Xatlov natijasida aniqlangan elektron shaklda yuritilmaydigan maʼlumotlarni raqamlashtirish choralarini koʻrish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2027-yil dekabr
3. Axborot tizimlarini integratsiya qilish boʻyicha idoralararo texnik yoʻriqnomalarni ishlab chiqish.
Idoralararo hujjat
2027-yil aprel
5.
“Yagona kriminogen maʼlumotlar platformasi”ni ishlab chiqish va ishga tushirish.
1. Platformani yaratish boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish va tahliliy maʼlumot tayyorlash.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2026-yil dekabr
-
Bosh prokuratura,
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
2. Texnik topshiriqni ishlab chiqish.
Qoʻshma chora-tadbirlar
2027-yil aprel
3. Texnik topshiriqni vakolatli organlardan ekspertizadan oʻtkazish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2027-yil dekabr
4. Platformani kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha vakolatli organdan ekspertizadan oʻtkazish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2027-yil dekabr
5. Platformani ishlab chiqish va boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2027-2028-yillar
6. Platformadan foydalanish tartib-taomillarini belgilovchi idoralararo hujjatni ishlab chiqish.
Idoralararo hujjat
2027-yil dekabr
7.Platformaning sinov versiyasini Toshkent shahrining Olmazor tumanida ishga tushirish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2027-yil dekabr
8.Platformaning toʻliq versiyasini barcha hududlarda bosqichma-bosqich ishga tushirish.
Yoshlar, voyaga yetmaganlar, ayollar, muqaddam sudlangan va probatsiya hisobdagi shaxslar, “qizil” toifadagi mahallalar hamda boshqa masalalar boʻyicha manzilli kriminologik tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkil etish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
Har oyda
-
Kriminologiya tadqiqot instituti
7.
Kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha manzilli hamkorlikni tashkil etish.
Kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilik dinamikasini prognozlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari boʻyicha respublika ilmiy-amaliy anjumanlarini oʻtkazish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
Doimiy
-
Bosh prokuratura,
Kriminologiya tadqiqot instituti,
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi,
Jamoat xavfsizligi universiteti,
Toshkent davlat yuridik universiteti
III. Kriminologik prognozning ilmiy asoslarini rivojlantirish
Jinoyatchilik dinamikasini hududlar, mahallalar va jinoyat turlari kesimida prognozlash uchun zarur maʼlumot manbalari, indikatorlar va xavf omillarini belgilash, natijalarni shakllantirish, xavf balini hisoblash, algoritm natijalarini ekspert-kriminologik tekshirish hamda prognozlarni amaldagi jinoyatchilik koʻrsatkichlari bilan solishtirib borish mexanizmlarini belgilash.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi
2027-yil iyun
-
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Milliy gvardiya,
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
Milliy statistika qoʻmitasi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
9.
Kriminogen barqarorlik indeksini yuritish metodikasini tasdiqlash.
Indeksni mahalla, tuman (shahar), viloyat va respublika kesimida hisoblash formulasi, maʼlumotlar sifati va ishonchliligini baholash, natijalarni davriy qayta hisoblash tartibini belgilash.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi
2027-yil iyun
-
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Milliy gvardiya,
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
Milliy statistika qoʻmitasi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
10.
Milliy viktimologik soʻrovni oʻtkazish metodikasini tasdiqlash.
Milliy viktimologik soʻrovning maqsadi, qamrovi, davriyligi, uni shakllantirish tartibi, respublika, hudud, tuman (shahar), jins, yosh va boshqa muhim ijtimoiy-demografik kesimlarda oʻtkazish, maʼlumotlarni tekshirish, toifalash va tahlil qilish tartibini belgilash.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi
2027-yil iyun
-
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Milliy gvardiya,
Milliy statistika qoʻmitasi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
11.
Aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi boʻyicha ijtimoiy soʻrovni oʻtkazish metodikasini tasdiqlash.
Aholining yashash hududida, jamoat joylarida va kunning turli vaqtlarida oʻzini xavfsiz his etishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchini baholashga qaratilgan indikatorlar va yagona soʻrovnomaning davriyligi, uni shakllantirish tartibini belgilash.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi
2027-yil iyun
-
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Milliy gvardiya,
Milliy statistika qoʻmitasi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
12.
Oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning obyektiv va subyektiv omillarining elektron reyestrini yuritish tartibini tasdiqlash.
Oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning obyektiv va subyektiv omillarini yagona mezonlar asosida tasniflash, ularni jinoyat turi, hudud, obyekt, vaqt, xavf manbai va masʼul profilaktika subyekti kesimida elektron reyestrga kiritish uchun maʼlumotlar tarkibi hamda yagona klassifikatorlarni ishlab chiqish.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi
2027-yil iyun
-
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Milliy gvardiya,
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
13.
Profilaktika subyektlari faoliyati samaradorligini baholashning namunaviy KPI koʻrsatkichlari va reytingini yuritish metodikasini tasdiqlash.
Profilaktika subyektlarining manzilli profilaktika va idoralararo hamkorlik natijadorligini baholovchi namunaviy KPI koʻrsatkichlarini hisoblash formulasi, toifasi, maqsadli va chegaraviy qiymatlarini belgilash.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi
2027-yil iyun
-
Bosh prokuratura,
Ichki ishlar vazirligi,
Adliya vazirligi,
Milliy gvardiya,
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
Milliy statistika qoʻmitasi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
14.
Kriminogen vaziyatni tahlil qilish boʻyicha amaliy tadqiqot loyihalari tanlovini tashkil etish.
1. Kriminogen vaziyatni tahlil qilish boʻyicha dolzarb muammolardan kelib chiqib, amaliy tadqiqot loyihalari mavzularini shakllantirish hamda Innovatsion rivojlanish agentligiga taqdim etish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2027-yil fevral
Davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlar
Bosh prokuratura,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi,
Taʼlim va ilm-fan vazirligi
2. Taqdim etilgan mavzularni belgilangan tartibda koʻrib chiqib, davlat ilmiy dasturlari doirasida amaliy tadqiqot loyihalari tanlovini eʼlon qilish.
2027-yil aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-noyabrdagi PF-241-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 4-bandning beshinchi xatboshisi “har oy yakunida” soʻzlaridan keyin “ikkita viloyat kesimida” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
“mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijadorligi har oy yakunida viloyat prokurorlari va ichki ishlar organlari boshliqlari huzurida, har chorak yakunida esa ichki ishlar vaziri va Bosh prokuror huzurida tegishli viloyat va respublika rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga tahliliy axborot hamda masʼullarni ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazolash boʻyicha takliflar kiritib boriladi”.