XALQ DEPUTATLARI SHEROBOD TUMANI KENGASHINING
qarori
Sherobod tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2027-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-bobi, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi 126-son Farmoniga muvofiq, 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ish bilan taʼminlash uchun ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish maqsadida, tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining 2026-yil 09-oktyabrdagi 22-13-01-09/1614-sonli xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Sherobod tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2025-yil 23-iyundagi PF-98-son Farmoniga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish vakolatlari Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazilganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-son Farmoniga asosan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobiljoylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanilishi;
byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining takliflari maʼqullansin va 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish uchun jami 655 ta ish oʻrni zaxiraga qoʻyilsin, shundan davlat tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar boʻyicha 629 ta, xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni 100 nafardan ortiq boʻlgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar boʻyicha 26 ta ish oʻrni belgilansin.
3. 2027-yilda zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) boʻyicha manzilli roʻyxati 1-ilovaga;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) boʻyicha manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 foizini kalendar yil boshlanishidan oldin 10 kundan kechiktirmay tayyor holga keltirsin hamda bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga axborot taqdim etsin;
ish oʻrinlarining qolgan qismini kalendar yilning birinchi choragi davomida zaxiraga qoʻysin hamda birinchi chorak tugaganidan keyin 10 kun ichida bu haqda axborot taqdim etsin;
ishga joylashtirilgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oy hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar taqdim etib borsin.
Ish oʻrinlarini zaxirada saqlash “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 40-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi 64-son qaroriga muvofiq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslarni belgilangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan ish beruvchilar subsidiya olish huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 3, 13, 34, 38, 39, 40 va 41-moddalariga muvofiq mazkur qaror talablarini bajarmagan ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar. Jarima qoʻllanilishi ish beruvchini zaxiraga qoʻyilishi lozim boʻlgan ish oʻrinlarini yaratish majburiyatidan ozod etmaydi.
7. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (Sh.Sh. Egamberdiyev):
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini “Bandlik xizmati” axborot tizimi orqali ish beruvchining “YaMMT” IDAKdagi shaxsiy kabinetiga yuborsin;
qaror ijrosi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshirsin;
qaror talablarini bajarmagan yoki fuqarolarni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Sherobod tumani Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
10. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi O. TURSUNOV
Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani,
2026-yil 14-noyabr,
VII-28-112-8-119-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.