Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan Serbiya Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi oʻrtasida
Anglashuv memorandumi
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi va Serbiya Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, keyingi oʻrinlarda alohida “Ishtirokchi” va birgalikda “Ishtirokchilar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni inobatga olib,
atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida doimiy ikki tomonlama hamkorlikni boshlash istagini ifoda etib,
Ishtirokchilar oʻrtasidagi bunday hamkorlik oʻzaro manfaatli ekanligiga va ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirib,
har ikki mamlakatning milliy qonunchiligiga va xalqaro atrof-muhit huquqi tamoyillariga amal qilib,
atrof-muhitni muhofaza qilish va yaxshilash, shuningdek, hozirgi va kelajak avlodlarning sogʻligʻi hamda farovonligi uchun barqaror rivojlanishning muhimligini eʼtirof etib,
quyidagi oʻzaro anglashuvga erishdilar:
1-paragraf
Maqsad
Maqsad
Atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish va tabiatni muhofaza qilishni taʼminlash maqsadida, tenglik, oʻzarolik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari asosida Ishtirokchilar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni, shu jumladan, tajriba, axborot, bilim va texnologiyalar almashinuvini rivojlantiradilar va ragʻbatlantiradilar.
2-paragraf
Hamkorlik sohalari
Hamkorlik sohalari
Ishtirokchilar quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlik qilish niyatini bildiradilar:
a) tabiatni muhofaza qilish va muhofaza etiladigan hududlarni boshqarish,
b) atrof-muhit nazorati va monitoringi,
c) atrof-muhitni baholash,
d) suv va yer resurslarini boshqarish,
e) chiqindilarni boshqarish,
f) havo va ozon qatlamini muhofaza qilish,
g) iqlim oʻzgarishi,
h) Ishtirokchilar tarafidan birgalikda kelishilgan boshqa hamkorlik yoʻnalishlari.
3-paragraf
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Ishtirokchilar oʻrtasidagi mazkur Anglashuv Memorandumi (Memorandum) doirasidagi hamkorlik quyidagi tadbirlarni amalga oshirish orqali amalga oshiriladi:
a) har ikki Ishtirokchining ekspertlari va qaror qabul qiluvchilari hamda boshqa tegishli manfaatdor tomonlari oʻrtasida yuzma-yuz va onlayn tarzda oʻtkaziladigan qoʻshma seminarlar, treninglar va uchrashuvlar,
b) ekspertlarning almashinuv tashriflari, shu jumladan, davlat xizmatchilari va delegatsiyalar,
c) oʻzaro kelishilgan boshqa hamkorlik shakllari.
4-paragraf
Amalga oshirish
Amalga oshirish
Har bir Ishtirokchi mazkur Memorandum doirasidagi kelgusi hamkorlikni koʻrib chiqish va osonlashtirish, shuningdek, uni amalga oshirish boʻyicha ish rejalarini tuzish maqsadida mazkur Memorandumni amalga oshirish uchun muvofiqlashtiruvchi shaxslarni tayinlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish uchun masʼul vakolatli organlari mazkur Memorandum qoidalarini amalga oshirishni umumiy muvofiqlashtirishni taʼminlaydilar.
5-paragraf
Moliyaviy masalalar
Moliyaviy masalalar
Mazkur Memorandum doirasidagi hamkorlik Ishtirokchilarning tegishli mavjud resurslari doirasida amalga oshiriladi. Mazkur Memorandum hech bir Ishtirokchi uchun hech qanday moliyaviy majburiyat yuzaga keltirmaydi.
6-paragraf
Maqomi
Maqomi
Mazkur Memorandum xalqaro shartnoma hisoblanmaydi va Ishtirokchilar uchun huquq va majburiyatlar yaratmaydi.
Mazkur Memorandum Ishtirokchilarning har bir mamlakat ishtirokchisi boʻlgan boshqa ikki tomonlama va koʻp tomonlama bitimlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
7-paragraf
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Memorandumni talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq yoki undan kelib chiqadigan har qanday nizo Ishtirokchilar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali doʻstona tarzda hal etiladi.
8-paragraf
Oʻzgartirishlar
Oʻzgartirishlar
Mazkur Memorandumga Ishtirokchilarning oʻzaro roziligi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Qabul qilingan barcha oʻzgartirishlar mazkur Memorandumning ajralmas qismiga aylanadi.
9-paragraf
Axborot maxfiyligi
Axborot maxfiyligi
Mazkur Memorandumni amalga oshirish bilan bogʻliq holda Ishtirokchilar oʻrtasida almashilgan har qanday ommaviy boʻlmagan axborot maxfiy deb hisoblanadi va axborotni taqdim etgan Ishtirokchining oldindan yozma roziligisiz uchinchi tomonga oshkor qilinmaydi, bundan bunday oshkor qilish milliy qonunchilikka koʻra talab qilinadigan yoki axborot muqaddam ommaga oshkor boʻlgan hollar mustasno.
10-paragraf
Memorandumning amal qilishi, muddati va toʻxtatilishi
Memorandumning amal qilishi, muddati va toʻxtatilishi
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab amal qila boshlaydi.
Mazkur Memorandum besh (5) yil muddatga tuziladi va, basharti Ishtirokchilardan biri dastlabki besh (5) yillik muddat tugashiga kamida uch (3) oy qolganda boshqa Ishtirokchini mazkur Memorandumdagi ishtirokini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan navbatdagi besh (5) yillik muddatga uzaytiriladi.
Mazkur Memorandumning toʻxtatilishi, basharti Ishtirokchilar tarafidan boshqacha kelishilmagan boʻlsa, mazkur Memorandumga muvofiq kelishilgan va toʻxtatilishdan oldin boshlangan loyiha va tadbirlarning amal qilishi va muddatiga daxl qilmaydi.
Belgrad shahrida, 2026-yil 8-sentabrda, ikki (2) asl nusxada, oʻzbek, serb va ingliz tillarida imzolandi, bunda har bir nusxa teng autentikdir. Talqin qilishda har qanday tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)