Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan Serbiya Respublikasi Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vazirligi oʻrtasida
memorandum
Mehnatni muhofaza qilish va sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Serbiya Respublikasi Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda “Ishtirokchilar” deb ataluvchilar),
ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va umumiy sheriklikni chuqurlashtirishga hissa qoʻshish istagida,
quyidagi oʻzaro anglashuvga erishdilar:
1-modda
Ishtirokchilar oʻz hamkorligi mehnatni muhofaza qilish va sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga hamda ikki vazirlik oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni chuqurlashtirishga hissa qoʻshishiga intiladilar.
2-modda
Ishtirokchilar xodimlarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida mehnat sharoitlari, mehnatni muhofaza qilishning oldini olish choralari va madaniyati, mehnat jarayonida sogʻliqni saqlash, mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha nazorat va tekshiruv faoliyati sohalarida hamkorlikni rivojlantiradilar.
Zarurat hollarda, Ishtirokchilar oʻz vakolatlariga kiradigan mehnatni muhofaza qilish va sogʻliqni saqlashga oid alohida masalalarni ham koʻrib chiqadilar.
3-modda
Ishtirokchilar hujjatlar va boshqa materiallar almashish, konferensiya va seminarlar oʻtkazish, ekspertlar almashish hamda loyihalarni ishlab chiqish orqali hamkorlik qiladilar.
Mazkur Memorandum maqsadlariga erishish uchun zarur hollarda, Ishtirokchilar muhokamalarda qatnashish uchun xodimlar, ish beruvchilar va boshqa manfaatdor shaxslar vakillarini taklif qilishlari mumkin.
4-modda
Ishtirokchilar mazkur Memorandum qamrab olgan mavzular boʻyicha axborot va baholarni almashish maqsadida yiliga kamida ikki marta, navbatma-navbat oʻz davlatlaridan birining hududida uchrashuvlar oʻtkazadilar.
5-modda
Ishtirokchilar oʻrtasida tajriba almashish jarayonida ish tillari oʻzbek va serb tillari hisoblanadi.
6-modda
Mazkur Memorandum qoidalari Ishtirokchilarga mehnatni muhofaza qilish va sogʻliqni saqlash sohasidagi umumiy manfaatlarga oid boshqa masalalar boʻyicha kelishib olishlariga daxl qilmaydi.
7-modda
Ishtirokchilar mazkur Memorandumni amalga oshirish bilan bogʻliq oʻzlarining xarajatlarini mustaqil ravishda qoplaydilar.
8-modda
Mazkur Memorandum xalqaro shartnoma hisoblanmaydi hamda xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan huquq yoki majburiyatlar yuzaga keltirmaydi.
Mazkur Memorandumga Ishtirokchilarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Ishtirokchilar oʻrtasida mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday kelishmovchiliklar ikkala Ishtirokchining ekspertlari oʻrtasidagi maslahatlashuvlar yoki muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab 30 kun oʻtgach amal qila boshlaydi.
Mazkur Memorandum Ishtirokchilardan biri boshqa Ishtirokchiga yozma xabarnoma yuborish yoʻli bilan uni tugatguniga qadar amalda boʻladi. Mazkur Memorandum boshqa Ishtirokchi bunday xabarnomani olganidan keyin uch oy oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
Belgrad shahrida, 2026-yil 8 sentabr kuni, ikki nusxada, har biri oʻzbek, serb va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha tillardagi matnlar teng autentikdir. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)