Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Serbiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
anglashuv memorandumi
turizm va madaniy sayohatlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Serbiya Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda alohida “Ishtirokchi” va birgalikda “Ishtirokchilar” deb ataluvchilar),
2025-yil 28-oktabrda Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Serbiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga asoslanib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasining sayyohlik operatorlari, mehmondoʻstlik kompaniyalari, ijodiy tarmoqlari va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlari manfaati yoʻlida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan oʻzaro manfaatdorligini eʼtirof etib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasining oʻzaro tashqi sayyohlik bozorlari uchun yuqori qiymatga ega madaniy, tarixiy-meros va tajribaga asoslangan maskanlar sifatidagi ortib borayotgan turizm salohiyatini tan olib,
Bevosita sayyohlik oqimlarini oshirish, aviatsiya bogʻliqligini mustahkamlash va barqaror turizmga investitsiya kiritish imkoniyatlarini ragʻbatlantirishning oʻzaro manfaatliligini qayd etib,
Xususiy sektor yetakchiligidagi turizm sohasidagi hamkorlik va bozorga kirishni qoʻllab-quvvatlovchi tijoratga yoʻnaltirilgan va moslashuvchan asos yaratishni istagida,
quyidagi oʻzaro anglashuvga erishdilar:
1-modda
Maqsad
Maqsad
Mazkur Memorandumning maqsadi Ishtirokchilar oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik uchun huquqiy jihatdan majburiy boʻlmagan asos yaratishdan iborat boʻlib, u quyidagilarga qaratilgan:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasi oʻrtasidagi sayyohlik oqimlarini oshirish;
(b) har ikki Ishtirokchi mamlakatlarning bozorlarida bozorga kirish va investitsiya imkoniyatlarini izlayotgan turizm, mehmondoʻstlik va ijodiy tarmoq kompaniyalarini qoʻllab-quvvatlash;
(c) yuqori qiymatga ega madaniy, tarixiy-meros va barqaror turizm mahsulotlarini ragʻbatlantirish; hamda
(d) sayohatlar va madaniy almashinuvlar orqali xalqlararo aloqalarni mustahkamlash.
2-modda
Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari
Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari
Mazkur Memorandum doirasidagi hamkorlik quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni oʻz ichiga olishi mumkin, ammo ular bilan cheklanmaydi:
1. Bozorga kirish va turizmni ragʻbatlantirish
(a) Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasini ularning tashqi sayyohlik bozorlarida sayyohlik maskanlari sifatida targʻib qilinishi / ragʻbatlantirilishiga koʻmaklashish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi, Serbiya Respublikasi va uchinchi mamlakatlarda qoʻshma marketing kampaniyalari, taqdimot tadbirlari (roadshow) hamda yirik xalqaro turizm koʻrgazmalarida ishtirok etishni qoʻllab-quvvatlash;
(c) Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasining xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlari ishtirokidagi raqamli platformalar va onlayn roʻyxatdan oʻtish ekotizimlaridan foydalanishni ragʻbatlantirish.
2. Xususiy sektorning jalb etilishi
(a) Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasining sayyohlik operatorlari, mehmonxona guruhlari, tadbir tashkilotchilari va boshqa turizm sohasidagi manfaatdor tomonlari oʻrtasidagi sheriklikni ragʻbatlantirish;
(b) oʻzbek va serb kompaniyalari uchun bir-birining bozorlarida mehmondoʻstlik, meros turizmi, ekoturizm va sayyohlik maskanlarini rivojlantirish loyihalariga investitsiya kiritish imkoniyatlarini yengillashtirish/osonlashtirish;
(c) turizm sohasida biznesdan biznesga hamkorlik va savdo missiyalarini qoʻllab-quvvatlash.
3. Aviatsiya va bogʻliqlik
(a) Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasi oʻrtasidagi havo qatnovi bogʻliqligini, shu jumladan, mavjud va istiqbolli yoʻnalishlar orqali yaxshilash boʻyicha muloqotni qoʻllab-quvvatlash;
(b) yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmat sifatini va bozor ochiqligini oshirish maqsadida aviakompaniyalar, aeroportlar va aviatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish.
4. Barqaror va tajribaga asoslangan turizm
(a) xalqaro standartlarga muvofiq barqaror turizm amaliyotlarini ragʻbatlantirish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasi sayyohlari uchun jozibador boʻlgan madaniy, gastronomik, ijodiy, ekoturizm va sarguzasht turizmi mahsulotlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash;
(c) turizmni rivojlantirish bilan bogʻliq tarixiy merosni asrash loyihalarini ragʻbatlantirish.
5. Koʻnikmalarni rivojlantirish va xizmat sifati
(a) oʻzbek va serb turizm taʼlimi muassasalari hamda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlari ishtirokidagi oʻquv dasturlari va kasbiy almashinuvlarga koʻmaklashish;
(b) sayyohlik maskanlarini boshqarish, mehmondoʻstlik standartlari va mijozlarga xizmat koʻrsatish sohasidagi ilgʻor tajribalar bilan almashish;
(c) turizm sohasidagi kichik va oʻrta korxonalarning salohiyatini oshirishni qoʻllab-quvvatlash.
3-modda
Amalga oshirish tartibi
Amalga oshirish tartibi
1. Ishtirokchilar mazkur Memorandum doirasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish uchun aloqa nuqtalarini belgilaydilar.
2. Hamkorlik oʻzaro kelishilganidek maqsadli loyihalar, biznes-forumlar, savdo missiyalari, pilot tashabbuslar va texnik hamkorlik tadbirlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
4-modda
Huquqiy maqomi
Huquqiy maqomi
1. Mazkur Memorandum xalqaro yoki milliy huquqqa muvofiq huquq yoki majburiyatlar yuzaga keltirishni nazarda tutmaydi.
2. Mazkur Memorandum doirasidagi faoliyat har bir Ishtirokchi davlatining amaldagi qonunchiligi va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq olib boriladi.
5-modda
Moliyaviy masalalar
Moliyaviy masalalar
1. Mazkur Memorandum hech bir Ishtirokchi uchun moliyaviy majburiyatlar yuzaga keltirmaydi.
2. Faoliyatlar mablagʻlar mavjudligiga qarab, xususiy sektor investitsiyalari, tijorat sheriklik aloqalari va mavjud hamkorlik dasturlari orqali qoʻllab-quvvatlanishi mumkin.
6-modda
Axborot almashinuvi va targʻibot
Axborot almashinuvi va targʻibot
Tegishli hollarda Ishtirokchilar oʻz davlatlarining qonunchiligi va siyosatiga muvofiq turizm imkoniyatlari, tartibga solish asoslari va investitsiya shart-sharoitlariga oid maxfiy boʻlmagan axborot bilan almashishlari mumkin.
7-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Mazkur Memorandumni talqin qilish yoki amalga oshirishdan kelib chiqadigan har qanday kelishmovchiliklar Ishtirokchilar oʻrtasida maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Oʻzgartirishlar
Oʻzgartirishlar
Mazkur Memorandumga Ishtirokchilarning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
9-modda
Amal qilish muddati va toʻxtatilishi
Amal qilish muddati va toʻxtatilishi
1. Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab amal qila boshlaydi.
2. U besh (5) yil muddat davomida amalda boʻladi va oʻzaro yozma rozilik bilan uzaytirilishi mumkin.
3. Har qanday Ishtirokchi diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish yoʻli bilan mazkur Memorandumni toʻxtatishi mumkin. Toʻxtatilish, basharti boshqacha kelishilmagan boʻlsa, amalga oshirilayotgan hamkorlik faoliyatiga daxl qilmaydi.
Belgrad shahrida, 2026-yil 8 sentabrda, ikki nusxada, oʻzbek, serb va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda har qanday tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)