XALQ DEPUTATLARI YAKKABOGʼ TUMANI KENGASHINING
QARORI
Yakkabogʻ tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan koʻrsatiladigan obodonlashtirish va maishiy chiqindi xizmatlari uchun toʻlov tariflari miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida
Tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan shahar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha Yakkabog' tuman hokimining oʻrinbosari E. Begnayevning taklifi hamda ushbu masalani oʻrganish yuzasidan tuzilgan ishchi guruhning maʼlumotnomasi doimiy komissiyada koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, tumanmarkaziy koʻchalari boʻyida joylashgan tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga asosan, Xalq deputatlari Yakkabogʻ tumani Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-sonli qaroriga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalariga tuman va shaharlar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish huquqi berilganligi hamda mazkur xizmatlar tariflarini belgilash xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlari vakolatiga kiritilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Yakkabogʻ tuman Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining xulosasi hamda tuman hokimining oʻrinbosari E. Beknayevning tuman hududida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʼrsatganlik boʼyicha toʼlov tariflar miqdori taklifi maʼqullansin.
3. Yakkabogʻ tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan shahar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari (yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar) bilan tuziladigan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida koʻrsatiladigan xizmatlar tariflari miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Yakkabogʻ tuman obodonlashtirish boshqarmasi (S. Suyunov):
Yakkabogʻ tuman markaziy koʻchalari boʻyida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan belgilangan tariflar asosida shartnomalar tuzilishi va xizmatlar oʻz vaqtida, sifatli koʻrsatilishini taʼminlasin; koʻrsatilgan xizmatlardan tushgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ishchi-xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
5. Tuman hokimligi axborot xizmati (Sh. Xasanov) ushbu qaror bilan tasdiqlangan tariflarni keng jamoatchilik va tadbirkorlik subyektlariga rasmiy telegram kanal orqali maʼlum qilinishini taʼminlasin.
6. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari Yakkabogʻ tuman Kengashining Mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi A. Joʼrayev zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi S. ASHUROV
Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumani,
2026-yil 7-sentabr,
VII-27-118-4-68-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.