XALQ DEPUTATLARI ASAKA TUMANI KENGASHINING
QARORI
Asaka tumanida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun toʻlov tariflari miqdorini koʻrib chiqish va tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-son Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-son Qarori va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari Asaka tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi PQ-387-son Qarori 8-bandi “a” kichik bandida 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tuman (shahar)lar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatishga ruxsat berilganligi, bunda chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlarida koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritilishi belgilab qoʻyilganligi inobatga olinsin.
2. Asaka tumani hududida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar toʻgʻrisidagi tuman hokimligining tuman obodonlashtirish boshqarmasi va tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi bilan kelishilgan holda bergan taklifi maʼqullansin.
3. Asaka tumani hududida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimligi matbuot xizmati (X. Isroilov) Asaka tumani hududida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflarni matbuotda eʼlon qilsin hamda tuman hokimligi rasmiy veb-saytiga joylashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (E. Raxmonov) zimmasiga yuklatilsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy muddatdan soʻng kuchga kirishi belgilansin.
Kengash raisi I. SULTONOV
Andijon viloyati, Asaka tumani,
2026-yil 8-sentabr,
VII-23-67-1-17-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.