Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan Serbiya Respublikasi Axborot texnologiyalari va elektron hukumat idorasi oʻrtasida
Anglashuv memorandumi
Raqamlashtirish, elektron hukumatni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Serbiya Respublikasi Axborot texnologiyalari va elektron hukumat idorasi, keyingi oʻrinlarda birgalikda “Tomonlar”, alohida holda “Tomon” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona va yaqin munosabatlarni, oʻzaro hurmatni hamda hamkorlikning muvaffaqiyatli rivojlanishini, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashdan umumiy manfaatdorlikni inobatga olib;
raqamlashtirish, elektron hukumatni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, iqtisodiy oʻsish va umumiy ijtimoiy taraqqiyotning muhim omillari ekanligini eʼtirof etib;
bilim, gʻoya, tajriba va ilgʻor amaliyotlar almashinuvi orqali raqamlashtirish, elektron hukumat hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (keyingi oʻrinlarda — AKT) sohalarida hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash istagida;
har ikki Tomon zamonaviy raqamli yechimlarni tadqiq etish, ishlab chiqish va qoʻllash sohalarida faoliyat yuritishini, tenglik, oʻzarolik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan hamkorlik ularning yanada rivojlanishiga hissa qoʻshishi mumkinligini nazarda tutib;
raqamlashtirish, elektron hukumat va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash sohalarida davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar va sheriklikni, shuningdek, oʻzaro manfaatli qoʻshma tashabbuslar va loyihalarni ishlab chiqishni ragʻbatlantirish va kengaytirishga qatʼiy intilib;
Tomonlar quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Hamkorlik maqsadlari
Hamkorlik maqsadlari
Mazkur Anglashuv Memorandumining (keyingi oʻrinlarda “Memorandum” deb ataluvchi) maqsadi quyidagilardan iborat hisoblanadi:
1. Elektron xizmatlarning sifati, samaradorligi va ochiqligini oshirish maqsadida raqamlashtirishni yanada joriy etish va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllashda Tomonlar muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish.
2. Raqamlashtirish, elektron hukumat hamda raqamli va innovatsion infratuzilmani rivojlantirish sohalarida bilim, gʻoya, tajriba va ilgʻor amaliyotlar almashinuviga koʻmaklashish.
3. Zarur hollarda, Tomonlarning har biri tarafidan tashkil etiladigan xalqaro tadbirlarda ishtirok etish.
2-modda
Hamkorlik yoʻnalishlari
Hamkorlik yoʻnalishlari
Mazkur Memorandumning maqsadi Tomonlar oʻrtasida davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron hukumatni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash sohalarida, xususan, quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni ragʻbatlantirishdan iborat hisoblanadi:
1. Elektron hukumatdan foydalanishda sifat, samaradorlik, ochiqlik va foydalanuvchi tajribasini yaxshilashga qaratilgan qoʻshma faoliyat orqali, shuningdek, ushbu maqsadlarga erishish uchun davlat sektorida zamonaviy AKT yechimlarini qoʻllash orqali elektron xizmatlarni takomillashtirish;
2. Elektron hukumatni rivojlantirish va joriy etish, shu jumladan, axborot tizimlari va xizmatlarining oʻzaro moslashuvi konsepsiyasi, shuningdek, maʼlumotlarni standartlashtirish hamda xavfsiz va samarali maʼlumot almashinuvi tartib-taomillari boʻyicha bilim, gʻoya va kasbiy tajriba almashish;
3. Davlat sektorida sunʼiy intellekt va boshqa ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash sohasida, shu jumladan, innovatsion raqamli yechimlar va xizmatlarni ishlab chiqishda tajriba va ilgʻor amaliyotlar almashish;
4. Ochiq maʼlumotlardan jamoat foydasi uchun foydalanishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, fuqarolar, biznes va ilmiy-tadqiqot jamoatchiligi ehtiyojlari uchun ochiq maʼlumotlar platformalarini yaratish va ulardan foydalanish boʻyicha ilgʻor amaliyot namunalarini almashish;
5. Axborot va kiberxavfsizlik sohasida, shu jumladan, elektron hukumat tizimlarida kiber tahdidlarni erta aniqlash, monitoring qilish va ularga javob choralarini koʻrish mexanizmlarini ishlab chiqishda tajriba almashish;
6. Raqamli koʻnikmalarni rivojlantirish va inson salohiyatini mustahkamlash sohalarida hamkorlik qilish, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy taʼminot ishlab chiqish va sunʼiy intellekt sohalarida bilimlarni rivojlantirishga qaratilgan oʻquv dasturlari va boshqa tadbirlarni yaratish hamda amalga oshirish boʻyicha tajriba almashish;
7. Umumiy manfaatdorlik doirasidagi yoʻnalishlarda bilim, tajriba va ilgʻor amaliyotlar almashish maqsadida qoʻshma seminarlar, konferensiyalar, forumlar, seminar-treninglar, oʻrganish safarlari va boshqa ekspert uchrashuvlarini tashkil etish va oʻtkazish;
8. Tomonlarning ehtiyojlari va ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq, davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron hukumat va axborot tizimlarini rivojlantirish bilan bogʻliq xalqaro va mintaqaviy tashabbuslar hamda tadbirlarda ishtirok etishni ragʻbatlantirish.
3-modda
Moliyalashtirish va xarajatlar
Moliyalashtirish va xarajatlar
Tomonlar ushbu Memorandum qoidalarini amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan xarajatlarni qoplash masalasini oʻzlarining mavjud moliyaviy va boshqa resurslariga muvofiq, har bir alohida holatda birgalikda hal qiladilar.
4-modda
Huquqiy majburiyatlar
Huquqiy majburiyatlar
Tomonlar ushbu Memorandumda nazarda tutilgan hamkorlikni amalga oshirish hukumatlarning oldindan roziligi bilan Tomonlar oʻrtasida keyingi bosqichda muzokara qilinadigan va imzolanadigan alohida yoki ayrim bitimlar orqali belgilanishiga rozilik bildiradilar.
Mazkur Memorandum huquqiy jihatdan majburiy kuchga ega bitim hisoblanmaydi; u har ikki Tomon tarafidan faqat ularning hozirgi niyatlari ifodasi sifatida nazarda tutilgan boʻlib, hech bir Tomon boshqa Tomon uchun biron-bir huquq yoki majburiyat, shu jumladan, keyinchalik majburiy bitim sifatida ijro etilishi mumkin boʻlgan har qanday daʼvoni yuzaga keltirishni nazarda tutmaydi.
5-modda
Intellektual mulk huquqlari
Intellektual mulk huquqlari
Har ikki Tomon ushbu Memorandum qoidalariga yoki amaldagi qonunchilikka, shuningdek, har ikki davlat ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiq ikki davlat tarafidan amalga oshiriladigan qoʻshma faoliyat natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha intellektual mulk huquqlari himoyasini taʼminlashni oʻz zimmalariga oladilar.
Mazkur Memorandum boshqa Tomondan oldindan yozma rozilik olingan hollar va doirada boʻlmasa, hech bir Tomonga boshqa Tomonning belgisi, logotipi, gerbi, boshqa har qanday farqlash belgisi yoki boshqa intellektual mulk huquqidan foydalanish huquqini bermaydi.
6-modda
Axborotning maxfiyligi
Axborotning maxfiyligi
Har bir Tomon ushbu Memorandumni yoki unga muvofiq tuzilgan har qanday bitimlarni amalga oshirish jarayonida boshqa Tomondan olingan hujjatlar, axborot va maʼlumotlarning maxfiyligi hamda sirini saqlashga rozilik bildiradi.
Har ikki Tomon ushbu moddada nazarda tutilgan maxfiylik majburiyatlari ushbu Memorandum tugatilganidan keyin ham kuchda va majburiy boʻlib qolishini tasdiqlaydilar.
7-modda
Maʼlumotlarni himoya qilish
Maʼlumotlarni himoya qilish
Tomonlar ushbu Memorandum doirasidagi hamkorlikni amalga oshirishda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish, elektron aloqa va korrupsiyaning oldini olishga oid barcha amaldagi qoidalarga, shuningdek, ushbu Memorandum predmetini tartibga soluvchi boshqa barcha amaldagi milliy qonunchilikka rioya qilishlarini oʻzaro tasdiqlaydilar.
8-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Mazkur Memorandumga har ikki Tomonning oʻzaro roziligi bilan yozma ilova tuzish orqali oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Ilova Tomonlar tomonidan birgalikda belgilangan sanada kuchga kiradi va ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi.
9-modda
Kuchga kirishi, amal qilish muddati va tugatilishi
Kuchga kirishi, amal qilish muddati va tugatilishi
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi.
Har qaysi Tomon diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga yozma bildirishnoma yuborish orqali ushbu Memorandumni tugatishi mumkin. Mazkur Memorandum bunday yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab oʻttiz (30) kun oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Memorandumning tugatilishi unga muvofiq amalga oshirilgan yoki davom etayotgan har qanday bitimlar, dasturlar, loyihalar yoki boshqa hamkorlik tadbirlariga daxl qilmaydi. Bunday hollarda Tomon shunday bitimlar, dasturlar, loyihalar yoki tadbirlar qoidalariga muvofiq oʻz majburiyatlarini bajarishda davom etadi.
10-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Memorandumni talqin qilish, amalga oshirish yoki qoʻllash yuzasidan Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan har qanday kelishmovchilik yoki nizolar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar yoki muzokaralar orqali doʻstona tarzda hal etiladi.
11-modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
Mazkur Memorandum oʻzbek, serb va ingliz tillarida tuzildi. Matnlar oʻrtasida farqlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
Mazkur Memorandum ikki (2) bir xil nusxada tuzildi, ulardan bir (1) nusxa har bir Tomonda saqlanadi.
Belgrad shahrida, 2026-yil 8-sentabrda tuzildi.
(imzolar)