SURXONDARYO VILOYATI JARQOʻRGʻON TUMANI HOKIMINING
QARORI
Jarqoʻrgʻon tumani “Surxon sohili” MFY “Oʻzbekiston” koʻchasi hamda “Shifokor” koʻchasini bogʻlovchi ichki koʻchaning (180 metr) maʼlum qismini hududlarda servis va savdo infratuzilmasini rivojlantirish turizm va tuman markazi muhitini yaxshilash maqsadida saylgoh (bulvar) sifatida foydalanishni tashkil etish uchun mazkur koʻchani yopish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 va 25-moddalari, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga asosan hamda Jarqoʻrgʻon tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman hokimi nomiga 2026-yil 28-aprel kuni yuborilgan № 80-sonli xatni koʻrib chiqib qaror qilaman:
1. Jarqoʻrgʻon tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman hokimi nomiga 2026-yil 28-aprel kuni yuborilgan 80-sonli xat hamda mazkur xatni oʻrganish jarayonida masʼullar tomonidan tuzilgan dalolatnoma maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Jarqoʻrgʻon tumani “Surxon sohili” MFY “Oʻzbekiston” koʻchasi hamda “Shifokor” koʻchasini bogʻlovchi ichki koʻchaning (180 metr) maʼlum qismini hududlarda servis va savdo infratuzilmasini rivojlantirish turizm va tuman markazi muhitini yaxshilash maqsadida saylgoh (bulvar) sifatida foydalanishni tashkil etish uchun mazkur koʻchani yopish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
3. Jarqoʻrgʻon tumani Obodonlashtirish boshqarmasiga:
video kuzatuv va texnik xavfsizlik vositalari oʻrnatish;
ushbu hududdagi sanitariya va xavfsizlik meʼyorlari;
yongʻin xavfsizligi talablari, yoʻl harakati xavfsizligi talablari;
tungi yoritish (illyuminatsiya), jamoat xavfsizligi;
koʻngilochar tadbirlar vaqtida zarur boʻladigan sahna oʻrnatilishini taʼminlash;
bajariladigan ishlarning xarajatlari ushbu hududga chegaradosh va bundan manfaatdor boʻlgan tadbirkorlar hisobidan qonunchilikka zid boʻlmagan tartibda ixtiyoriy ravishda amalga oshirishlari tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Tuman hokimi I. SAPAROV
Surxondaryo viloyati, Jarqoʻrgʻon tumani,
2026-yil 22-may,
167-8-112-Q/26-son