Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza haqidagi axborotini eshitib, 2025-yilda mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, 2025-yil 5-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Oliy Majlis palatalari qoʻmitalari boshchiligida ishchi guruhlar tuzilib, barcha hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar oʻrganildi va tahlil qilindi.
Oʻrganish va tahlillar natijalari Milliy kengashning 8 ta hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlari) hamda 2 ta vazirlikda (Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi) oʻtkazilgan sayyor majlislarida tanqidiy muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda “yoʻl xaritalari” tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid 7 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi tashkil etilib, vazirlik va idoralarning 43 835 nafar xodimi, 3 milliondan ortiq maktab oʻquvchilari hamda 220 mingga yaqin oliy taʼlim muassasalari talabalari korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻqitildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlar soni 800 ta yetkazilib, 500 dan ortiq xizmatlar davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi, 21 ta proaktiv hamda 70 ta kompozit shakldagi xizmatlar joriy etildi.
Davlat xaridlari sohasida 667 mlrd soʻmlik 189 ta holatda yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 117 ta taqdimnoma, 109 ta soʻrovnoma yuborilgan.
Davlat organlari va tashkilotlarida 196 ta korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmasi faoliyati qayta tashkil etilib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlik mexanizmlari kuchaytirildi.
“Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimida “Big Data” texnologiyalari asosida katta hajmdagi maʼlumotlarning xavf (risk) tahlilini amalga oshirish tizimi yaratilib, 75 ta vazirlik va idoraning 259 ta maʼlumot bazasi integratsiya qilindi.
Oʻtkazilgan masofaviy tahlillar natijasida 6,2 trln soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar bartaraf etildi, shundan 929 mlrd soʻmlik 318 ta holatning oldi olindi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarini korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga faol ravishda jalb qilish maqsadida 34 ta amaliy mashgʻulot va seminar treninglar oʻtkazilib, 840 nafar ishtirokchi qamrab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamda xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan jami 3,4 mlrd soʻmlik (2024-yilda 2,3 mlrd) grantlar ajratilgan.
Grantlar boʻyicha jami 45 ta loyiha (2024-yilda 30 ta) amalga oshirilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 50 foizga oshgan.
Shu bilan birga, sohada qator tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Jumladan, 2025-yilda respublika boʻyicha sudlar tomonidan 7 517 nafar shaxs 4 768 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishi boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 2,9 trln soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan.
Sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar tahliliga koʻra eng koʻp holatlar oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish (4 191 ta), mansab vakolatidan foydalangan holda firibgarlik va pora berishga dalolatchilik qilish (1 587 ta), firibgarlik (689 ta), pora olish va pora berish (451 ta), mansab soxtakorligi (187 ta) va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish (186 ta) hisobiga toʻgʻri kelgan.
Hududlar kesimida aksariyat jinoyatlar Andijon (946), Toshkent (793), Qashqadaryo (745) va Samarqand (709) viloyatlariga, sohalar kesimida esa maktabgacha va maktab taʼlimi (357), sogʻliqni saqlash (276), mahalliy hokimliklar (270), tijorat banklari (157) va oliy taʼlim (113) hissasiga toʻgʻri kelgan.
Shuningdek, 2 233 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 560 tasida yoki 25 foizida 1 490 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.
Eng koʻp takrorlanayotgan korrupsiyaviy omillar maʼmuriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki toʻliq emasligi (37 foiz), diskretsion vakolatlarning kengligi (10 foiz), normativ-huquqiy hujjatlarda qarama-qarshiliklarning mavjudligi (8 foiz) va boshqa korrupsiyaviy omillar (45 foiz) hisoblanadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining 2025-yilda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini baholash (100 ballik tizim asosida) natijalariga koʻra eng past natijalarni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (38 ball), Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi (49 ball), Raqamli texnologiyalar vazirligi (49 ball), Madaniyat vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (50 ball) qayd etgan.
Vazirlik va idoralar tomonidan 530 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish belgilangan boʻlsa-da, shundan 340 ta (64 foizi) normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilgan.
Vazirlik va idoralar tomonidan oʻzlariga ajratilgan budjet va jamgʻarmalar mablagʻlaridan 546 mlrd soʻmi maqsadsiz sarflangan.
Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan xavf-tahlillar asosida amalga oshirilgan audit tadbirlarida jami 12,6 trln soʻmlik qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.
Xususan, shartnomalarni asossiz ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri tuzish, manfaatlar toʻqnashuvi, davlat xaridlari hajmini qismlarga boʻlish, shartnomalarni kompleks ekspertizadan oʻtkazmaslik, xarid qilish tartib-taomillarining buzilishi va boshqa kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra baholashdan oʻtkazilgan 128 ta davlat tashkilotidan 10 tasining faoliyati “qoniqarsiz” (55 balldan past) baholangan.
Jumladan, “Oʻzsuvqurilish” AJ (9 ball), “Toshkent invest kompaniyasi” AJ (15 ball), “Oʻzbekekspertiza” AJ (21 ball), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (28 ball), “Koʻprikqurilish” AJ (28 ball), Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi (30 ball), “OʻzAssets investitsiya kompaniyasi” AJ (38 ball) faoliyati qoniqarsiz baholangan.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini baholash tizimi (ochiqlik indeksi) natijasiga koʻra 2025-yil yakuni boʻyicha baholashdan oʻtkazilgan 97 ta davlat organi va tashkilotlaridan 13 tasining faoliyati “qizil” (55 balldan past) samaradorlik koʻrsatkichini qayd etgan.
Xususan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (45 ball), Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (48 ball) va Sudyalar oliy kengashi (48 ball), hududlar kesimida esa Toshkent shahar (40 ball), Andijon (43 ball) va Toshkent viloyati (47 ball) hokimliklari eng past koʻrsatkichlarni qayd etib, “qizil” toifada baholangan.
2023-2024-yillarda va 2025-yilda Ochiqlik indeksi natijalari tahlili shuni koʻrsatadiki, Andijon viloyati hokimligi uch yil davomida ketma-ket past natijani qayd etgan.
Bu esa mazkur hududda ochiqlik boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar kutilgan samarani bermayotganini hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan faoliyatni yanada kuchaytirish borasida tegishli chora-tadbirlar koʻrish zarurligini koʻrsatadi.
Yuqoridagilarga asosan Oʻzbekiston Respublikasining “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuni 82-moddasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonuni 252-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. Burxanovning Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza haqidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ikki oy muddatda:
korrupsiyaga oid jinoyatlar soni yuqori boʻlgan sohalar va hududlar kesimida ularning kelib chiqish sabablari hamda korrupsiyaviy xavflarni kompleks tahlil qilib, har bir soha boʻyicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin;
korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan normativ-hujjat loyihasi ishlab chiqilishini taʼminlasin;
ichki nazorat tuzilmalari faoliyati samarasiz deb topilgan tashkilotlar rahbarlari hamda komplayens xizmati rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin;
komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari hamda xodimlarini ularning egallab turgan lavozimiga loyiqligi, kasbiy bilim va koʻnikmalari, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda komplayens-nazorat sohasidagi bilimlari va amaliy salohiyatini yil yakuniga qadar baholab, kelgusidagi faoliyati boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
Ochiqlik indeksida “qizil” toifaga tushgan davlat organlari va hududlar boʻyicha alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishini taʼminlasin hamda ularning ijrosi yuzasidan maʼlumotlarni har chorak yakuni boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga kiritsin;
korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijasiga koʻra “qoniqarsiz” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat organlari faoliyatini muntazam monitoring qilib borsin;
ikki oy muddatda korrupsiyaviy omillar eng koʻp uchrayotgan sohalar boʻyicha namunaviy huquqiy yechimlar ishlab chiqsin hamda davlat organlariga metodik yordam koʻrsatsin;
uch oy muddatda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha masʼul mansabdor shaxslarning javobgarligini taʼminlashga qaratilgan takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi:
uch oy muddatda davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuvi, xaridlarni sunʼiy ravishda boʻlish, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish tartibini buzish va boshqa qonunbuzilishlarga eng koʻp yoʻl qoʻyayotgan korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori buyurtmachilar roʻyxatini shakllantirsin;
kelgusi nazorat tadbirlarini rejalashtirishda ushbu tashkilotlarning davlat xaridlari sohasidagi faoliyatining audit tadbirlari birinchi navbatda belgilanishini taʼminlasin;
davlat xaridlari sohasida takroran qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan davlat buyurtmachilari rahbarlari va xarid komissiyalari faoliyatini tanqidiy oʻrganib, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
davlat xaridlari sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida avtomatik risk-indikatorlar qamrovini kengaytirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi doimiy ravishda:
korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning toʻliq qoplanishi ustidan nazorat oʻrnatsin;
korrupsiyaviy jinoyatlardan olingan daromadlarni aniqlash va qaytarish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrsin;
korrupsiyaga oid jinoyatlar toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish, ular yuzasidan tezkor va qonuniy qarorlar qabul qilish hamda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha taʼsirchan choralarni taʼminlasin.
6. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ, Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi, “Aloqabank” ATB, Sudyalar oliy kengashi, Sirdaryo, Toshkent va Andijon viloyatlari hokimliklari hamda Toshkent shahar hokimligi:
bir oy muddatda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini baholash natijasida aniqlangan kamchiliklarni har bir baholash mezoni kesimida tahlil qilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq maqsadli koʻrsatkichlar, masʼul ijrochilar va amalga oshirish muddatlarini nazarda tutuvchi manzilli “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin;
doimiy ravishda aholi uchun majburiy eʼlon qilinishi lozim boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga ega maʼlumotlarni toʻliq, oʻz vaqtida va ochiq maʼlumotlar formatida rasmiy veb-saytlar hamda Ochiq maʼlumotlar portalida joylashtirish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda ochiqlik sohasida qonunchilik talablarining bajarilishi yuzasidan ichki monitoring va idoraviy nazorat tizimini yoʻlga qoʻysin, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda ularga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarning masʼuliyatini koʻrib chiqsin;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini baholashda 2026-yil yakuni boʻyicha “qizil” toifadan chiqish chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga axborot taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi:
bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishda aniqlangan kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilib, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida maʼmuriy tartib-taomillarning aniqligi va shaffofligini taʼminlash, diskretsion vakolatlarni qisqartirish, manfaatlar toʻqnashuviga olib keluvchi hamda turlicha talqin qilinishi mumkin boʻlgan normalarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;
huquqiy xizmatlar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish uchun masʼul xodimlarning korrupsiyaga qarshi ekspertiza sohasidagi bilim va amaliy koʻnikmalarini muntazam oshirib borsin;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning huquqni qoʻllash amaliyotini muntazam tahlil qilib, amaliyotda korrupsiyaviy xavflarni keltirib chiqarayotgan normalarni qayta koʻrib chiqish yuzasidan Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga takliflar kiritib borsin.
8. “Oʻzsuvqurilish” AJ, “Toshkent invest kompaniyasi” AJ, “Oʻzbekekspertiza” AJ, “UzAssets investitsiya kompaniyasi” AJ, “Koʻprikqurilish” AJ, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Fargʻona viloyat hokimligi va Toshkent viloyat hokimligi oʻz tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan loyihalariga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan grantlar ajratish va ijtimoiy buyurtmalar berish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
9. Masʼul vazirlik va idoralar mazkur Qaror ijrosi yuzasidan belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritsin.
10. Ushbu Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi A. Eshmuratov zimmasiga yuklansin.
11. Mazkur Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 8-avgust,
SQ-341-V-son