XALQ DEPUTATLARI ZARAFSHON SHAHAR KENGASHINING
Qarori
Zarafshon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan markaziy koʻchalar boʻyida joylashgan tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-son qarorining 8-bandiga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tuman (shahar) markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlariga chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatlarini shartnoma asosida koʻrsatishga ruxsat berilganligi, mazkur xizmatlar uchun tariflar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.
Shunga koʻra, shahar hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi X. Oripovning 2026-yil 3-iyuldagi 03-03/720-sonli xati hamda xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2026-yil 3-iyuldagi DKQ 03-01/76-26-sonli qarorini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddasiga asosan, xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Zarafshon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan shahar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha toʻlov tariflari yuzasidan shahar hokimi oʻrinbosari X. Oripovning 2026-yil 3-iyuldagi 03-03/720-sonli xati hamda taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Shaharda obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan shahar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan (ixtiyoriy) tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha tariflar taklifi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
3. Shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari (A. Babayev)ga markaziy koʻchalarda joylashgan tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida chiqindilarni oʻz vaqtida va sifatli olib chiqish, hududlarni sanitariya va ekologik talablarga muvofiq obodonlashtirish, belgilangan tariflar asosida xizmatlarni uzluksiz tashkil etish, shartnoma majburiyatlarini qatʼiy bajarish tavsiya etilsin.
4. Shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimi (N. Suvonov)ga mazkur xizmatlar uchun belgilangan tariflarning iqtisodiy asoslanganligini doimiy ravishda tahlil qilib borish, xizmatlar tannarxi va moliyaviy samaradorligini oʻrganish, budjet intizomiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash hamda ushbu sohada ortiqcha xarajatlarning oldini olish boʻyicha aniq choralar koʻrib borish tavsiya etilsin.
5. Shahar soliq inspeksiyasi (R. Baxronov)ga xizmatlar boʻyicha shakllanadigan barcha tushumlarning toʻliq va shaffof hisobga olinishini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlari bilan hisob-kitoblarning toʻgʻri yuritilishini nazorat qilish, yashirin iqtisodiyotning oldini olish hamda soliq bazasini kengaytirish yuzasidan qatʼiy nazorat choralarini amalga oshirish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash shahar hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi (X. Oripov), qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi (R. Nurnazаrov) zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 (uch) oydan soʻng kuchga kiradi.
Kengash raisi H. ERNAFASOV
Navoiy viloyati, Zarafshon shahri,
2026-yil 4-avgust,
VII-32-104-5-78-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.