JIZZAX VILOYATI JIZZAX SHAHAR HOKIMINING
QARORI
Jizzax shahrida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) boʻyicha qamrab olishni tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentyabrdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi OʻRQ-637-sonli Qonuni ijrosini taʼminlash, shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari birinchi sinfiga bolalarni yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinishini tashkil etish, bolalarni birinchi sinfga qabul qilishni yashash joyidagi biriktirilgan maktablarga mikro hududlar doirasida qamrab olish hamda oʻquvchilarning individual ijobiy xususiyatlarini aniqlash, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada sifatli taʼlim va tarbiya olishlari, ijodiy imkoniyatlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida hamda Jizzax shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2025-yil 21-apreldagi 01-01/5-951-son xati, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentyabrdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi OʻRQ-637-sonli Qonuni rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax shahrida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga biriktirilgan mikro hudud boʻyicha qamrab olish jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Jizzax shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (SH.Fazilova)ga:
Jizzax shahridagi maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga qamrab olish shahar hokimining qarori bilan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga biriktirilgan hududlar (mikro hudud) doirasida taʼlim tashkiloti pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) roʻyxatga olish orqali amalga oshirish;
taʼlim oluvchilar bepul asosida umumiy oʻrta taʼlimini olishi va bolalarni 1-sinfga qabul qilish yashash joyidagi mikro hudud asosida davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga qabul qilishi belgilab qoʻyish;
maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga jalb etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan umumiy oʻrta taʼlimning birinchi sinfiga bolalar ular 7 yoshga toʻlganidan soʻng qabul qilish;
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga mikro hududdagi olti yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni bir yil davomida bepul umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashning majburiyligini koʻrsatib oʻtish;
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari maktab yoshidagi bolalarni taʼlim tashkilotlariga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zaruriy choralar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
4. Shahardagi 31 ta umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti rahbarlariga:
Mazkur qaror bilan biriktirilgan hudud boʻyicha maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga oʻqishga jalb qilishga shaxsan masʼul etib belgilansin.
5. Xorijiy fuqarolarni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga oʻqishga qabul qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Umumiy oʻrta taʼlim tashkilot bitiruvchilariga yoʻnalishni ixtiyoriy tanlash asosida taʼlimning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida davom ettirish huquqi berilsin.
7. Shahar hokimi oʻrinbosari (S.Silliyev) ga: Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari rahbarlari va maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bilan hamkorlikda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga toʻliq qamrab olishini monitoringini olib borish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zaruriy choralar koʻrsin.
8. Shahar tashkilot rahbarlari bir hafta muddatda oʻzlari qabul qilgan huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash va nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari S.Silliyev zimmasiga yuklatilsin.
Shahar hokimi K. XOLMURODOV
Jizzax viloyati, Jizzax sh.,
2025-yil 22-may,
101-3-55-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.