XALQ DEPUTATLARI NAVBAHOR TUMANI KENGASHINING
Qarori
Tuman hududida ogʻir yuk koʻtaruvchi avtotransport vositalarining gabarit oʻlchovini cheklovchi temir toʻsinlar oʻrnatish toʻgʻrisida
Navbahor tuman hududidan oʻtuvchi, davlat ahamiyatiga molik boʻlgan D-067 “Zarafshon trakti”, D-189 “Kogon.sh-Quyimozor suv ombori-Qiziltepa.sh-Toshrabot.q-Arabxona.q-Yangiqoʻrgʻon.q” avtomobil yoʻllari oxirgi yillarda respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼmirlangan. Mazkur avtomobil yoʻllari belgilangan meʼyor talablari asosida yakka oʻqqa tushadigan ogʻirlik 6-8 tonnaga moʻljallab qurilgan.
Hozirgi kunda ushbu avtomobil yoʻllari orqali, yakka oʻqqa tushadigan ogʻirlik belgilangan meʼyor talablaridan yuqori boʻlgan ogʻir yuk koʻtaruvchi avtotransport vositalari (ushbu avtotransport vositalarining yakka oʻqqa tushadigan ogʻirligi 13 tonnadan yuqori) doimiy harakatlanib kelmoqda. Buning natijasida taʼmirlangan avtomobil yoʻllarining qisqa fursatlarda yaroqsiz holatga kelib va bu orqali byudjetdan ajratilayotgan milliardlab mablagʻlarning isrof boʻlishiga sabab boʻlib kelmoqda.
Mazkur salbiy holatni oldini olish borasida Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktyabrdagi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi 117-sonli Qonunining “Yoʻl tashkilotlarining huquqa majburiyatlari toʻgʻrisida”gi 16-moddasida (noqulay ob-havo iqlim sharoitlarida, tabiiy ofatlar, yogʻinlar yuz berganda, avtomobil yoʻli koʻtarish qobiliyatini yoʻqotayotganda va boshqa shunga oʻxshash hollarda, shuningdek, yoʻl taʼmirlash qurilish ishlari olib borilayotganda yoʻl tashkilotlari mahalliy davlat hokimiyati organlariga bu haqda bildirgan, avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish bilan xabardor qilgan hamda tegishli belgilar oʻrnatgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlinmalari bilan birgalikda transport vositalari harakatini cheklash yoki taqiqlash huquqiga ega) deb koʻrsatib oʻtilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, tuman yoʻllardan foydalanish davlat unitar korxonasi boshligʻining 2026-yil 18-martdagi 01-14/112-sonli xati hamda Xalq deputatlari tuman Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2026-yil 17-iyundagi DKQ 03-02/64-26-sonli qarori hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktyabrdagi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi 117-sonli Qonunining 16-moddasi, Navbahor tuman yoʻllardan foydalanish davlat unitar korxonasi boshligʻi A.Xujayevning 2026-yil 18-martdagi 01-14/112-sonli xati hamda tegishli tashkilotlarning xulosalari maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman hududidan oʻtuvchi davlat ahamiyatiga molik boʻlgan D-067 “Zarafshon trakti”, D-189 “Kogon.sh-Quyimozor suv ombori-Qiziltepa.sh-Toshrabot.q-Arabxona.q-Yangiqoʻrgʻon.q” avtomobil yoʻllari kirish joylarida ogʻir yuk koʻtaruvchi avtotransport vositalarining gabarit oʻlchovini cheklovchi temir toʻsinlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Tuman hokimi oʻrinbosari (J.Sobirov), Navbahor tuman yoʻllardan foydalanish davlat unitar korxonasi boshligʻi (A.Xujayev) hamda tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga:
tegishli yoʻl belgilari oʻrnatilishi, avtomobil yoʻlida harakat xavfsizligini taʼminlash, doimiy ravishda nazorat qilib borish hamda harakatlanishga ruxsat etilgan avtotransport vositalarining koʻrgazmalari oʻrnatilishi choralari koʻrilsin.
4. Yoʻl harakati qatnashchilari “Yoʻl harakati havfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va “Yoʻl harakati qoidalari”ga muvofiq oʻrnatilgan yoʻl belgilari va yoʻl chiziqlari amal qilishlari shuningdek, berilgan vakolat doirasida yoʻllarda harakatni tartibga soluvchilarning koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarishi doimiy nazoratga olinsin.
5. Tuman hokimli axborot xizmati (E.Bobonazarov) hamda “Navbahor tongi” gazetasi tahririyati (U.Ochilov)ga sohada amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida va internet tarmoqlarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qaror ijrosini taʼminlashni tuman hokimining o`rinbosari (J.Sobirov), qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi (V.Allayorov) zimmasiga yuklansin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi ABDIYEV TOSHQUL SHAMSIYEVICH
Navoiy viloyati, Navbahor tumani,
2026-yil 26-iyun,
VII-25-75-5-73-K/26-son