JIZZAX VILOYATI PAXTAKOR TUMANI HOKIMINING
QARORI
Maktab yoshidaga bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga hududlar (mikrohudud)ni biriktirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 25-moddalari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi Nizomning 39-bandiga asosan tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2026-yil 2-apreldagi 502-sonli xati maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Paxtakor tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining oʻrinbosari F.Qoʻldoshev, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (M.Turgʻunova), tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
4. Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalar rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi (D.Toshpoʻlatov), mahalla fuqarolar yigʻini raislariga maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jarayonida tuman xalq taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalarga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qaror “Paxtakor hayoti” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2025-yil 1-iyuldagi “Maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga hududlar (mikrohudud)ni biriktirish toʻgʻrisida”gi 143-3-52-Q/25-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari F.Qoʻldoshev zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi Х. ABDUVOXIDOV
Jizzax viloyati, Paxtakor tumani,
2026-yil 6-may,
160-3-52-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.