XALQ DEPUTATLARI KASBI TUMANI KENGASHINING
qarori
Kasbi tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari viloyat Kengashining 2024-yil 29-dekabrdagi VII-20-218-4-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimining 2025-yil 29-dekabrdagi 01-20-237/10-01-01-38-/396-sonli xatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalari asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-20-218-4-0-K/25-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Kasbi tuman budjetining 2026-yilgi daromadlari 120 mlrd. 818 mln. 929 ming soʻm va xarajatlari 120 mlrd. 818 mln. 929 ming soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi, inobatga olinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq:
Soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi; jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq; aylanmadan olinadigan soliq;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining 40 foizi (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar.
4. Quyidagilar:
Kasbi tumanining mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga;
Kasbi tumaning mahalliy budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga;
2026-yil uchun mahalliy budjetga tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari 3-ilovaga;
Kasbi tumani mahalliy budjetining 2026-yil daromadlari va xarajatlarining chegaraviy hajmi 4-ilovaga;
Kasbi tuman mahalliy budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining 2026-yilda yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 877 mln 688 ming soʻm etib hamda tuman budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 5-ilovaga muvofiq belgilansin.
5. Kasbi tumanida 2026-yil uchun, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yerga belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 6-ilovaga;
Jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga;
2026-yil uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 8-ilovaga;
2026-yil uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Kasbi tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi J. Arslonov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻining yuirinchi oʻrinbosari (Gʻ. Salomov), tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi (J. Choʻliyev) tuman hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Tuman hokimligi hamda barcha masʼul tashkilotlar 2026-yil uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
8. Tuman soliq inspeksiyasi (J. Choʻliyev) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
9. Majburiy ijro byurosi Kasbi tuman boʻlimi (R. Abdiyev), tuman soliq inspeksiyasi (J. Choʻliyev) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
10. Kasbi tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (F. Raxmatov) va tuman soliq inspeksiyasi (J. Choʻliyev) masʼul tashkilotlar bilan birgalikda tumanda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy budjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
11. Tuman soliq inspeksiyasi (J. Choʻliyev), tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (I. Qurbonov) va tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (J. Arslonov) bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 709-sonli qaroriga asosan qishloq xoʻjaligi yerlarini ijaraga berishda hisoblangan ijara va qoʻshimcha toʻlov summalarini belgilangan grafiklarga muvofiq mahalliy budjetga undirish choralarini koʻrsinlar.
12. Xalq deputatlari tuman Kengashi, tuman hokimligi hamda maʼsul tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksining 27 va 28-moddalarida belgilangan budjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi hamda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
13. Tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (Gʻ. Salomov) budjetdan ajratilgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalarida hisobot berib borish vazifalari yuklatilsin.
14. Tuman hokimligi Axborot xizmati (L. Temirov), tuman davlat soliq inspeksiyasi (J. Choʻliyev), Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (Gʻ. Salomov) bilan birgalikda hokimlik muassisligidagi “Sadoqat” gazetasida qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilinishi hamda hokimlikning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishini tashkil etsin.
15. Mazkur qaror tegishli tartibda “Sadoqat” gazetasida va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
16. Xalq deputatlari tuman Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi “Kasbi tumanining 2025-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-3-020-4-61-K/24-sonli qarori 2026-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
17. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari doimiy komissiyasi raisi B. Sattorov hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman Iqtisodiyot va moliya boʻkimi boshligʻ J. Arslonov zimmasiga yuklatilsin.
18. Mazkur qaror 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiritilsin.
Kengash raisi T. MEYLIYEV
Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-11-108-4-61-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.