XALQ DEPUTATLARI SURXONDARYO VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Viloyat hududida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash hamda olib chiqib ketish xizmatlari tariflarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-, 24-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-5-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 95-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish maqsadida, qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash hamda olib chiqib ketish xizmatlari tariflarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi “Toza hudud” DM direktori E.Begimqulov hamda Termiz shahar “BIO TEXNO EKO” masʼulyati cheklangan jamiyati direktori I.Rasulovlarning maʼruzalari tinglanib, deputatlar tomonidan bildirilgan taklif fikr-mulohazalarni inobatga olib, xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari tariflarini oʻzgartirish toʻgʻrisida “Toza hudud” davlat muassasi direktori E.Begimqulov hamda Termiz shahar “BIO TEXNO EKO” masʼulyati cheklangan jamiyati direktori I.Rasulovlarning maʼruzalari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 9-dekabrdagi 22-10-10/3836-son xati bilan bergan xulosasi hamda viloyat hokimligining 2025-yil 18-dekabrdagi 03-03/12432-sonli xatlari inobatga olinsin.
3. Viloyat hududida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmati uchun toʻlovlar tariflari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar:
barcha jismoniy va yuridik shaxslar mazkur qaror bilan belgilangan tariflar asosida chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmati uchun toʻlovlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida oyning oʻninchi sanasidan kechiktirmay amalga oshirish;
qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlov isteʼmolchilar va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan qonunda belgilangan tartibda shartnomalarga muvofiq bevosita xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga 100 (yuz) foiz toʻlash asosida amalga oshirilishi qayd etilsin.
5. Viloyatdagi barcha xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar:
aholi punktlarida joylashgan chiqindi toʻplash shoxobchalari va konteynerlarni zamonaviy talablar asosida oʻrgansin;
qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarning sifatli, oʻz vaqtida va sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilishini taʼminlasin;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan qonunda belgilangan tartibda shartnomalar imzolasin;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar va shartnomalardagi majburiyatlarga toʻliq rioya etish uchun javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.
6. Barcha tuman (shahar) hokimliklariga:
viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasiga qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni toʻlovchi jismoniy va yuridik shaxslarning haqqoniy hisobini yuritishga koʻmaklashish;
Termiz shahar va tumanlar hududidagi xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga hududdagi jismoniy va yuridik shaxslar bilan qonunda belgilangan tartibda shartnomalar tuzishda amaliy yordam koʻrsatish;
aholi punktlari hududidan chiqindi tashishning reja-grafigini tasdiqlash hamda tasdiqlangan reja-grafik asosida chiqindilarni tashish xizmatlari amalga oshirilishini qatʼiy nazoratga olish vazifalari yuklatilsin.
7. Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi (B.Urinov):
tuman (shahar) hokimliklari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni toʻlovchi jismoniy va yuridik shaxslarning haqqoniy hisobi yuritilishini taʼminlasin;
qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi faoliyati uzluksizligini taʼminlasin;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash hamda shartnomada belgilangan tartib asosida olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar 3 (uch) oy davomida toʻlanmagan taqdirda, qarzdorlikni undirish boʻyicha qonunda belgilangan tartiblar asosida sudlarga daʼvo arizalari kiritilishini taʼminlasin;
qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish haqidagi shartnomalar boʻyicha majburiyatlar xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirisin;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyati boʻyicha kelib tushgan maʼlumotlarni tahlil qilib, viloyat hokimligiga har chorakda axborot kiritish hamda xalq deputatlari viloyat Kengashiga har yarim yillik yakunida yozma axborot kiritish vazifalari yuklatilsin.
8. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2025-yil 29-yanvardagi “Viloyat hududida maishiy chiqindilarni toʻplash hamda olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflarini qayta koʻrib chiqish va maʼqullash toʻgʻrisida” VII-3-11-8-0-K/25-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Viloyat teleradiokompaniyasi (B.Mingboyev), “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalari tahririyati (S.Norqobilov)ga sohada amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (I.Yoqubov) zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingandan keyin oʻn besh kun oʻtgach kuchga kiradi.
Kengash raisi CHORIYEV ABDURAIM RAVSHANOVICH
Surxondaryo viloyati,
2026-yil 3-fevral,
VII-17-14-8-0-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.