Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XOʻJALIGI MAHSULOTLARI YETIShTIRUVChILARNI DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLAShNI KUChAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishini davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 3-apreldagi PF—1416-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi 1996-yilda avans berish uchun qorakoʻlchilik mahsulotlariga — 150 mln soʻm, pilla yetishtirishga — 200 mln. soʻm va urugʻlik kartoshka sotib olishga — 1,2 mlrd. soʻm miqdorida maqsadli kredit ajratish masalasini bir oy muddatda koʻrib chiqsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
yangi tashkil etilayotgan mashina-traktor parklariga 1996-yilda 560 mln. soʻm miqdorida aylanma mablagʻlar bersin;
1997-yilgi budjetni tuzishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga zarur boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikasi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni hamda yetkazib berishni tashkil etish yuzasidan “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi bilan buyurtmalarni rasmiylashtirish uchun “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasiga imtiyozli maqsadli kredit ajratishni nazarda tutsin.
3. Markaziy bank, “Paxta-bank” va “Mevasabzavotbank”ka belgilangan tartibda:
zarar koʻrib ishlayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalaridan ularning kreditdan foydalanganlik uchun toʻlaydigan 131,5 mln. soʻm miqdoridagi ustama foizlarni chegirib tashlash va bank ssudalari boʻyicha toʻlov muddati oʻtib ketgan hamda ilgari toʻlov muddati kechiktirilgan 250,5 mln. soʻm miqdoridagi qarzlarni toʻlash muddatini 2000-yilgacha kechiktirish;
past rentabelli qishloq xoʻjaligi korxonalariga 769,5 mln. soʻm miqdoridagi toʻlov muddati oʻtib ketgan va ilgari toʻlov muddati kechiktirilgan (toʻlov muddati 1996-yilning 25-apreligacha boʻlgan) kreditlar boʻyicha hamda ular boʻyicha ustama foizlarni toʻlash muddatini 2000-yilgacha kechiktirish tavsiya etilsin.
4. “Mevasabzavotbank” va “Oʻzsanoatqurilishbank” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 31-oktabrdagi 421-f-son farmoyishiga muvofiq Polshadan kartoshka sotib olish uchun “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasiga ilgari berilgan 146,1 mln. soʻm miqdoridagi kredit boʻyicha toʻlovlarni 1997-yilning 1-yanvarigacha kechiktirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” va “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmalari, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksionerlik korporatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda 1996-yil hosilidan sholi va meva-sabzavotlar uchun — shu yil 15-aprelgacha va paxta xomashyosi uchun — 1-maygacha qishloq xoʻjaligi korxonalariga avans toʻlash yuzasidan ular bilan toʻliq hisob-kitoblarni amalga oshirsinlar.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, “Oʻzgeodezkadastr” 1996-yil 1-avgustgacha yerlarni bonitet ballari asosida mintaqa va tumanlar boʻyicha baholashni tugallasinlar hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasdiqlangan bonitet ballari asosida aniqlangan qishloq xoʻjaligi mintaqalari boʻyicha yer soligʻining tabaqalashtirilgan stavkalarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida 1996-yil 1-oktabrgacha takliflar kiritsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi, Mehnat vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda 1996-yil 1-noyabrgacha ekinlar turlari hamda qishloq xoʻjaligi mintaqalari boʻyicha 1 gektar ekinzor hisobiga xodimlarning cheklangan soni va moddiy-xomashyo xarajatlari normativlarini ishlab chiqsinlar va ularni Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagandan keyin qishloq xoʻjaligi korxonalariga yetkazsinlar.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzgeodezkadastr”, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi:
davlat yer kadastrini yuritish tartibi va mexanizmi toʻgʻrisidagi Nizomni, uni viloyatlar va tumanlar boʻyicha joriy etish jadvalini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va koʻrib chiqish uchun taqdim etsinlar;
1996—1997-yillarda qishloq xoʻjaligi yerlarini va shahar hududlarini bonitet ballari boʻyicha kadastrli baholashni amalga oshirsinlar.
Moliya vazirligi yer kadastrini tuzish va joriy etish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzgeodezkadastr” hisob-kitoblariga binoan zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzgeodezkadastr” Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Davlat oʻrmon qoʻmitasi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar va tashkilotlar ishtirokida Sanoat rivojlanishi boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YuNIDO) bilan birgalikda respublikada yer kadastri va ularni roʻyxatdan oʻtkazishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish ishlarini davom ettirsinlar.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” va “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmalari, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, “Paxta-bank” va “Mevasabzavotbank” qishloq xoʻjaligi korxonalarining boʻlinmas fondini tashkil etish tartibini hamda uni toʻldirish uchun foydadan ajratmalar normativlarini ishlab chiqsinlar, ushbu fond mablagʻlarini hisobga olish uchun banklarda maxsus schyotlar ochsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun majburiy boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun biznes-reja shaklini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Biznes-rejada ekin maydoni yoki yetishtiriladigan mahsulot birligi hisobiga ishlovchilar cheklangan sonining va moddiy-xomashyo xarajatlarining tasdiqlangan normativlari belgilanishi nazarda tutilsin.
Davlat matbuot qoʻmitasi biznes-rejalar blanklarini nashr etishda koʻmaklashsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Moliya vazirligi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda dastlabki hisobga olish va hisobot tizimini tashkil etishda qatʼiy tartib oʻrnatsinlar, xarajatlarni hisobga olish va oʻzaro hisob-kitoblarning chek shaklini hamma joyda joriy etsinlar, qishloq xoʻjaligi korxonalari huzurida, har bir tarkibiy boʻlinmaga subschetlar ochgan holda, moliya-hisob-kitob markazlari tashkil qilish ishlarini davom ettirsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, vazirlikning agrar siyosatni amalga oshirish masalalarini hal etishdagi masʼuliyatini kuchaytirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishni muvofiqlashtirib borishni taʼminlash vazifalaridan kelib chiqqan holda, bir oy muddatda vazirlikning nizomini va tuzilmasini qayta koʻrib chiqsin hamda tasdiqlash uchun kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, tijorat banklari banklar va xoʻjaliklar huzurida qishloq xoʻjaligi texnikasi, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallari va boshqa mahsulotlar sotib olish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari hamda kontraktlar tuzishda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha yuridik konsalting xizmatlari tashkil etsinlar.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari R.A. Giniyatullin zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-aprel,
146-son