O‘zbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT MUKOFOTLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-apreldagi O‘RQ-473-sonli “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari mehnat va jangovar xizmatlari, samarali davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlanishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi uchun xizmat ko‘rsatgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishlari mumkin.
2-modda.
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari, faxriy unvonlari va Faxriy yorlig‘i davlat mukofotlari hisoblanadi.
3-modda.
Davlat mukofotlari Oliy Majlis tomonidan ta’sis etiladi.
Davlat mukofotlariga doir nizomlar va ularning tavsiflari Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadi.
4-modda.
Davlat mukofotlari bilan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti taqdirlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash Oliy Majlis tomonidan amalga oshiriladi.
5-modda.
Davlat mukofotlari guvohnomalarining namunalari, davlat mukofotlariga taqdim etish va ularni topshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
6-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Spikeri, Oliy Majlisning Senati Raisi, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud Raisi, Oliy sud Raisi, Bosh prokuror, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalari respublika organlarining rahbarlari tomonidan kiritiladi. Chet el fuqarolarini taqdirlashga doir taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda kiritiladi.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
7-modda.
Bir shaxs ayni bir orden, medal yoki Faxriy yorliq bilan, qoida tariqasida, bir marta taqdirlanadi.
Faxriy unvonlar takroran berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin.
8-modda.
Fuqarolar navbatdagi mukofotga avval mukofot bilan taqdirlangan vaqtidan keyin kamida uch yil o‘tgach taqdim etiladilar. Favqulodda hollarda fuqarolar navbatdagi mukofotga avval taqdirlangan vaqtidan qat’i nazar taqdim etilishlari mumkin.
9-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
10-modda.
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofot bo‘lib, faqat bir marta beriladi.
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxslarga “Oltin Yulduz” medali va unvon berilganligi to‘g‘risidagi hujjat topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda.
O‘zbekiston Respublikasi ordenlari quyidagilardan iborat:
“Mustaqillik” ordeni;
“Amir Temur” ordeni;
“Jaloliddin Manguberdi” ordeni;
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni;
“El-yurt hurmati” ordeni;
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni;
“Mehnat shuhrati” ordeni;
I va II darajali “Sog‘lom avlod uchun”ordeni;
I va II darajali “Shon-sharaf” ordeni;
“Do‘stlik” ordeni”.
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“Mardlik” ordeni.
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 11-sentabrdagi O‘RQ-332-sonli Qonuniga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 37-son, 422-modda)
12-modda.
O‘zbekiston Respublikasining medallari quyidagilardan iborat:
“Oltin Yulduz” medali;
“Jasorat” medali;
Oldingi tahrirga qarang.
“Sodiq xizmatlari uchun” medali;
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 6-iyuldagi O‘RQ-98-sonli Qonuni bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2007-y., 27-28-son, 279-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“Kelajak bunyodkori” medali;
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 28-dekabrdagi O‘RQ-451-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 03/17/451/0473-son)
“Shuhrat” medali.
13-modda.
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari berilgan shaxslarga belgilangan namunadagi ko‘krak nishoni va unvon berilganligi to‘g‘risidagi hujjat topshiriladi.
14-modda.
Ordenlar, medallar va boshqa mukofotlarning nishonlarini taqib yurish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
15-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mukofotlari bilan fuqarolar bilan bir qatorda ayrim hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy bo‘linmalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari ham mukofotlanishi mumkin.
(15-modda O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 29-avgustdagi 255-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9 -son, 120-modda)
16-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mukofotlari (“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va Faxriy yorlig‘i) bilan taqdirlangan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlardan foydalanadilar hamda bir marta beriladigan pul mukofoti yoki shu qiymatdagi esdalik sovg‘asini oladilar. O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari bilan taqdirlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda va tartibda har oyda pul nafaqalari oladilar.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 28-apreldagi O‘RQ-157-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 18-son, 143-modda)
17-modda.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar mukofotlar saqlanishini ta’minlashlari lozim.
Davlat mukofotlari, shuningdek ularga doir hujjatlar yo‘qolgan taqdirda, taqdirlanganlar mukofotlarga nisbatan o‘z huquqlarini saqlab qoladilar.
Davlat mukofotlari tang ahvolga tushish natijasida yo‘qotilgan taqdirda istisno tariqasida ordenlar, medallar va ko‘krak nishonlarining asliga teng nusxalari berilishi mumkin.
Mukofot bilan taqdirlanganlik to‘g‘risidagi hujjatlar, shuningdek Faxriy yorliq yo‘qolgan taqdirda ularning asliga teng nusxalari belgilangan tartibda beriladi.
18-modda.
Davlat mukofotlaridan:
shaxs og‘ir jinoyat sodir etgani uchun hukm qilinganida — sudning qonun hujjatlarida belgilangan asoslar va tartibdagi taqdimnomasiga binoan;
shaxs o‘z sha’nini badnom etuvchi xatti-harakatlar sodir etganida — taqdirlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritish huquqiga ega bo‘lgan organning taqdimnomasiga binoan mahrum etiladi.
Davlat mukofotlaridan mahrum bo‘lganlik, belgilangan imtiyozlardan ham mahrum qilinishiga sabab bo‘ladi.
Davlat mukofotlaridan mahrum etilgan shaxsga qarashli davlat mukofoti va mukofotga doir hujjat qaytarilishi lozim.
19-modda.
Noqonuniy hukm qilingan va to‘la oqlangan fuqarolarning davlat mukofotlariga nisbatan huquqlari tegishli organlarning iltimosnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan tiklanishi mumkin.
20-modda.
O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlariga qarashli bo‘lgan davlat mukofotlari va ularga doir hujjatlarni o‘zlari bilan olib ketish huquqiga egadirlar.
Tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan davlat mukofotlarini olib chiqib ketish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab beriladi.
21-modda.
Orden, medal, faxriy unvonga doir ko‘krak nishonini noqonuniy ravishda taqib yurish, sotib olish, sotish, almashish yoki o‘zga tarzda haq evaziga birovga berish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
22-modda.
Tashqi ko‘rinishi davlat mukofotlariga o‘xshash bo‘lgan ko‘krak nishonlarini ta’sis etish va tayyorlash taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 22-dekabr,
176-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 266-modda; 1996-y., 5-6-son, 63-modda, 9-son, 120-modda; 1998-y., 9-son, 163-modda; 2000-y., 7-8-son, 202-modda; 2003-y., 9-10-son, 140, 149-moddalar; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2007-y., 27-28-son, 279-modda; 2008-y., 18-son, 143-modda; 2012-y., 37-son, 422-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 03/17/451/0473-son)