Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
JURNALISTLIK FAOLIYATINI HIMOYA QILISh TOʻGʻRISIDA
Oldingi tahrirga qarang.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi jurnalistlik faoliyatini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
(1-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Jurnalist
Jurnalist mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni toʻplash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxsdir.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda. Senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarining senzura qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Hech kim jurnalistdan eʼlon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni oʻzgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini (efirga berilmasligini) talab qilish huquqiga ega emas.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
5-modda. Jurnalistning huquqlari
Jurnalist oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida:
Oldingi tahrirga qarang.
axborotni toʻplash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish;
(5-moddaning birinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish;
(5-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
jurnalist tekshiruvi oʻtkazish;
oʻzi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali imzosini yoki taxallusini qoʻyib tarqatish, ularda oʻz fikr-mulohazasini ifodalash;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir boʻlish;
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida boʻlish;
maʼlumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish;
sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir boʻlish;
eʼlon qilishga tayyorlangan maʼlumotlarni tekshirish uchun mutaxassislarga murojaat qilish;
basharti qonunni buzishga olib keladigan boʻlsa, ommaviy axborot vositasi tomonidan berilgan topshiriqni bajarishni rad etish;
oʻzi tayyorlagan xabar yoki materialning mazmuni tahrir jarayonida buzilgan degan fikrga kelsa, unga imzo qoʻymaslik yoxud uni nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab etish;
axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;
taqdim etgan xabarining mazmunini ommaviy axborot vositasi buzib eʼlon qilishi oqibatida oʻziga yetkazilgan maʼnaviy zarar va moddiy ziyon qoplanishini sud orqali talab qilish;
jamoat birlashmalariga, shu jumladan jurnalistlarning xalqaro tashkilotlariga kirish huquqlariga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Jurnalist oʻziga qonunchilik bilan berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Jurnalistning majburiyatlari
Oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida jurnalist:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga rioya etishi;
(6-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
oʻzi tayyorlayotgan materiallarining toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi;
aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi;
Oldingi tahrirga qarang.
jurnalistika sohasining sirini oshkor etmasligi;
jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishi;
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuniga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
shaxsning huquqlari va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.
Jurnalist oʻz kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlarni eʼlon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Jurnalist qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajarishi shart.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Jurnalistika sohasining siri
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar yoki boshqa axborot manbalari tomonidan oʻz nomini oshkor etmaslik sharti bilan ixtiyoriy ravishda maʼlum qilingan maxfiy xabar, shuningdek fakt yoki voqealar jurnalistika sohasining siri hisoblanadi.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Jurnalistning jurnalistika sohasining siri hisoblanadigan maʼlumotlarni bu maʼlumotlar manbaining roziligisiz oshkor etishi, shuningdek ulardan oʻzining gʻarazli manfaatlari yoki uchinchi shaxslarning manfaatlarini koʻzlab foydalanishi taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
71-modda. Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari
Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistning shaxsiga va oʻz kasbiga doir vazifalarni bajarish chogʻida uning xulq-atvoriga qoʻyiladigan talablarni belgilovchi qoidalar majmuidan iboratdir.
Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistlarning va ommaviy axborot vositalarining birlashmalari tomonidan belgilanadi.
(71-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
8-modda. Jurnalistning daxlsizligi
Jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.
Tanqidiy materiallar eʼlon qilganligi uchun jurnalistni taʼqib qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9-modda. Jurnalist tekshiruvi
Jurnalist axborot toʻplash va tekshiruv oʻtkazish huquqiga ega.
Jurnalist oʻz tekshiruvlarining natijalarini ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishga, ularni davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin. Jurnalist tekshiruvi davrida u qoʻlga kiritgan materiallar va hujjatlar olib qoʻyilishi yoki koʻzdan kechirilishi mumkin emas.
10-modda. Jurnalistning kasbiga doir faoliyati kafolatlari
Jurnalistning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan qoʻriqlanadi.
Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini taʼminlaydi.
Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan oʻz kasbiga doir vazifalarni bajarish chogʻida olgan biror bir maʼlumotni talab etish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Jurnalistni akkreditatsiya qilish
Jurnalist davlat organi, jamoat birlashmasi va tashkilot huzurida akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining jurnalisti xorijiy davlatda akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Chet el jurnalisti Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan jurnalist:
boʻlib oʻtadigan ochiq hayʼat majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar toʻgʻrisida oldindan axborot olish;
akkreditatsiya qiluvchi organning binolariga (xonalariga) va boshqa obyektlariga akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan belgilangan tartibda kirish;
ochiq hayʼat majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda hozir boʻlish;
akkreditatsiya qiluvchi organning masʼul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni soʻrash hamda olish, ommaviy tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish hamda ulardan koʻchirma nusxalar olish;
olingan yozuvlardan ommaviy axborot vositalari materiallarini tayyorlashda foydalanish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Akkreditatsiya qilingan jurnalist qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(11-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi jurnalistining chet eldagi va chet el jurnalistining Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyati
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining jurnalisti chet elda jurnalistlik faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining va oʻzi akkreditatsiya qilingan mamlakatning qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilingan chet el jurnalisti axborot toʻplash va tarqatishda Oʻzbekiston Respublikasi jurnalisti bilan teng huquqlarga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el jurnalisti Oʻzbekiston Respublikasi hududida jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga rioya etishi shart.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
13-modda. Chet el jurnalisti akkreditatsiyasining bekor qilinishi
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el jurnalisti ushbu Qonunni, boshqa qonunchilik hujjatlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalarini buzgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditatsiyasini bekor qilishi mumkin.
(13-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Chet el jurnalisti oʻzining Oʻzbekiston Respublikasidagi akkreditatsiyasini bekor qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi chiqargan qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
(14-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari:
senzura qilganlik;
jurnalist oʻz kasbiga doir qonuniy faoliyatni amalga oshirishiga akkreditatsiya qilishni asossiz ravishda rad etish yoki akkreditatsiyani nooʻrin bekor qilish yoʻli bilan toʻsqinlik qilganlik;
jurnalistning soʻrov bilan murojaat qilish va zarur axborotni olish huquqini buzganlik;
jurnalistga tazyiq oʻtkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik;
jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini gʻayriqonuniy ravishda olib qoʻyganlik;
axborot manbaini yoki muallif nomini uning roziligisiz oshkor etganlik uchun javobgarlikka tortiladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Jurnalistning ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning jurnalistlik kasbiga doir faoliyati bilan bogʻliq holda shaʼni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga tahdid, zoʻravonlik yoki tajovuz qilganlik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Jurnalistning javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
Jurnalist oʻzi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy boʻlishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgardir.
(15-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jurnalist ommaviy axborot vositalarida haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar boʻlmaydi:
agar bu maʼlumotlar rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari maʼlumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari orqali, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlaridan olingan boʻlsa;
agar bu maʼlumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud boʻlsa yoki chiqishlarning soʻzma-soʻz takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) boʻlsa.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 24-aprel,
402-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 110-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)