Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING “BUXORO, NAVOIY, NAMANGAN, SAMARQAND VA FARGʻONA SHAHARLARINING TUMAN MAʼMURIY-HUDUDIY TUZILMALARINI TUGATISH VA NAVOIY VILOYATINING NAVOIY TUMANI CHEGARALARINI KENGAYTIRISH VA NOMINI OʻZGARTIRISH TOʻGʻRISIDA”GI QARORINI BAJARISH CHORA-TADBIRLARI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand va Fargʻona shaharlarining tuman maʼmuriy-hududiy tuzilmalarini tugatish va Navoiy viloyatining Navoiy tumani chegaralarini kengaytirish va nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2003-yil 12-dekabrdagi 569-II-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tasdiqlangan chegaralar hisobga olingan holda Buxoro shahridagi Fayzulla Xoʻjayev va Toʻqimachi tumanlarini, Navoiy shahridagi Karmana tumanini, Namangan shahridagi Davlatobod tumanini, Samarqand shahridagi Siyob, Bogʻishamol va Temir yoʻl tumanlarini hamda Fargʻona shahridagi Qirguli tumanini tugatish hamda Navoiy viloyatining Navoiy tumani nomini Karmana tumani deb qayta nomlash bilan bogʻliq tashkiliy-texnik tadbirlarni hal etish boʻyicha respublika komissiyasi ilovaga* muvofiq tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
Shahar tumanlari hokimliklari tugatilishi natijasida boshqaruv xodimlari soni 111 nafarga qisqarishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Buxoro, Namangan, Samarqand va Fargʻona shaharlarida tugatilayotgan tumanlarning ichki ishlar organlari xodimlarining mavjud sonini saqlab qolsin, ularni militsiyaning tayanch boʻlimlariga aylantirsin, zaruriyat boʻlganda esa tugatilayotgan tumanlar tuzilmalarining shtat birliklari negizida shahar tuzilmalarini tashkil etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi koʻrsatib oʻtilgan shaharlarning tugatilayotgan tumanlaridagi ishlab turgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari (FHDY organlari) va notarial idoralarni saqlab qolsin, ular tegishli viloyat adliya boshqarmalariga boʻysundirilsin va ularga tartib raqamlari berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi Navoiy shahrining tugatilayotgan Karmana tumani ichki ishlar organlari va FHDY organlari xodimlarining mavjud sonini Navoiy viloyatining Karmana tumaniga bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Moliya vazirligi bilan birgalikda tugatilayotgan tuman tuzilmalarining prokuraturasi hamda Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boʻlimlari xodimlarining shtatdagi xodimlari doirasida Buxoro shahrida tegishli shahar boʻlimini, Samarqand, Namangan va Fargʻona shaharlarida, Navoiy viloyatining Karmana tumanida esa tuman boʻlimlarining qisqartirilayotgan shtatlari hisobiga ularni mustahkamlashni hisobga olgan holda shtat jadvallarini qayta tasdiqlash tavsiya qilinsin.
Tugatilayotgan tuzilmalarning mol-mulki va binosi prokuraturaning tegishli organlari balansida qoldirilsin.
6. Respublika komissiyasi:
bir oy muddatda Buxoro shahridagi Fayzulla Xoʻjayev va Toʻqimachi tumanlari, Navoiy shahridagi Karmana tumani, Namangan shahridagi Davlatobod tumani, Samarqand shahridagi Siyob, Bogʻishamol va Temir yoʻl tumanlari hamda Fargʻona shahridagi Qirguli tumani tugatilishi, shuningdek tasdiqlangan chegaralar hisobga olingan holda Navoiy viloyatining Navoiy tumani Karmana tumani deb qayta nomlanishi bilan bogʻliq barcha zarur tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin, ularning funksiyalari yuqori turuvchi shahar hokimliklariga, tegishli funksional va tarmoq boshqaruv organlariga berilsin;
ikki hafta muddatda Samarqand, Buxoro, Fargʻona, Namangan va Navoiy viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining “Boshqaruv xodimlari sonini tartibga solish va sarflanadigan xarajatlarni maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 22-avgustdagi 363-son qarori talablariga qatʼiy muvofiq ravishda Buxoro, Samarqand, Navoiy, Namangan, Fargʻona shaharlari va Navoiy viloyatining Karmana tumani davlat boshqaruv organlari xodimlarining cheklangan umumiy sonini, tuzilmasi va mehnatga haq toʻlash fondlarini aniqlashga doir tashkiliy masalalarni belgilangan tartibda hal etsin;
ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Buxoro, Samarqand, Navoiy, Namangan, Fargʻona shaharlari va Navoiy viloyatining Karmana tumanining 2004-yil uchun budjet va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognoz parametrlarini belgilasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan shahar tumanlarining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tugatilishi natijasida boʻshab qolayotgan shaxslarni ishga joylashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oʻzgartirish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
7. Navoiy viloyatining Karmana tumani hokimligi apparati, shuningdek mustaqil boʻlimlar rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnatga haq toʻlash boʻyicha I guruhga oʻtkazilsin.
8. Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hokimliklari shahar xoʻjaligining tashkiliy davrda uzluksiz va bir maromda ishlashini, ijtimoiy masalalar oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda shahar tumanlari tugatilishini va Navoiy viloyatidagi Karmana tumanining maʼmuriy hududi kengaytirilishini hisobga olgan holda statistika koʻrsatkichlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Navoiy shahri tarkibida Karmana tumanini tashkil etish va Navoiy tumanining yangi markazini qurish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 22-iyundagi 308-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev hamda Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hokimlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 26-dekabr,
570-son