O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XO‘JALIGI VAZIRLIGI, “O‘ZMEVASABZAVOTUZUMSANOAT”, “O‘ZKOOPTAYYORLOVSAVDO” TIZIMLARIDA ShARTNOMAVIY (ERKIN ) NARXLARNI ShAKLLANTIRISh VA QO‘LLAShDAGI JIDDIY QOIDA BUZIShLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikada bozor iqtisodiyoti qoidalarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu chora-tadbirlar orasida narxlarni erkinlashtirish jarayoni asosiy o‘rin tutadi.
Iqtisodiy ishlarning bu sohasida dehqonchilik sanoati majmuiga yetakchi o‘rin ajratiladi, bu tarmoqda paxta va boshoqli don ekinlaridan tashqari barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari shartnomaviy (erkin) narxlar bilan sotilmoqda. Bu majmua xo‘jaliklari va korxonalarining mustaqilligini ta’minlamoqda, ularga iqtisodiy erkinlik va ishbilarmonlikni keng rivojlantirish, ishlab chiqarishga ketadigan xarajatlarni olinadigan foyda bilan muvofiqlashtirish, o‘z mehnat jamoalarining ijtimoiy vazifalarini faollik bilan hal etish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi, Davlat nazorati qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq bosh boshqarmasi tomonidan joylarda ishlarning ahvolini o‘rganish va dehqonchilik sanoati majmuiga qarashli xo‘jaliklar, korxonalar va tashkilotlardan 624 tasini tanlab tekshirish davomida narx belgilash masalalarida bozor iqtisodiyoti qoidalari qo‘pol ravishda buzganligi, tarmoq idoralari shartnomaviy (erkin) narxlar shakllanishi va belgilanishi jarayoniga o‘zboshimchalik bilan aralashganligi hollari aniqlandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat”, “O‘zkooptayyorlovsavdo” hamda ularning respublika va viloyat bo‘linmalari o‘zlarining buyruqlari, yo‘riqnomalari va direktiv ko‘rsatmalari bilan o‘zlariga qarashli korxonalar va tashkilotlarga mahsulotlarning har xil turlariga hech bir narsa bilan asoslanmagan narx darajalarini belgilab berganlar. Masalan, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni 1993-yilda o‘z tasarrufidagi bo‘linmalarda yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining 907 turiga narx belgilashga doir 10 ta me’yoriy tavsifnoma tayyorlab jo‘natgan, holbuki, respublikada bu mahsulotlar shartnoma (erkin) narxlarda sotilmoqda. “O‘zparrandasanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasida, Qashqadaryo va Toshkent viloyati tayyorlash va kooperativ savdo tashkilotlarida, Andijon, Buxoro va Jizzax viloyatlarining ko‘pgina xo‘jaliklari hamda korxonalarida ham ana shunday hollar aniqlandi.
Shu bilan bir vaqtda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hamda qayta ishlangan mahsulotlarni sotish narxlarining shakllanishi ustidan tegishli idoraviy nazoratning yo‘qligi oqibatida ko‘pgina korxona va tashkilotlar narxlarni sun’iy ravishda oshirmoqdalar. Foyda hisobiga qoplanishi lozim bo‘lgan xarajatlar, shu jumladan, chorva mollari, parrandalar nobud bo‘lishi oqibatidagi me’yordan ortiqcha zarar va boshqa zararlar mahsulotning tannarxiga kiritilmoqda. Tayyorlash va savdo ustamalari o‘zboshimchalik bilan belgilanmoqda. Buning natijasida ayrim xo‘jaliklarda sun’iy ravishda yuqori rentabellikka erishilmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlari bo‘yicha esa rentabellik darajasi 400 foizgacha yetmoqda.
Tayyorlanadigan, yetishtiriladigan va sotiladigan mahsulotlarga narxning shakllanishidagi juda ko‘p buzilishlar mazkur tarmoqlarda iqtisodiy ishlar saviyasining yetarli emasligi, respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” va “O‘zkooptayyorlovsavdo”, ularning hududiy bo‘linmalari rahbariyati va kollegial organlari faoliyatida bozor munosabatlari qoidalarini amalda ro‘yobga chiqarishda talabchanlikning yo‘qligi sababli yuz bergan. Bu masalalarda respublika Moliya vazirligi tegishlicha uslubiy ishni ta’minlamayapti. Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari narxlarni erkinlashtirish jarayoniga chuqur kirib bormayaptilar va tahlil qilmayaptilar.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Moliya vazirligi, Davlat nazorati qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq bosh boshqarmasining shartnomaviy (erkin) narxlarning shakllanishi va qo‘llanilishi asoslanganligini tekshirish yakunlariga doir axboroti kechinmalarini tugatish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish uchun vazirliklarga, idoralarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga yuborilsin.
2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (N. Q. Qayumov), “O‘zkooptayyorlovsavdo” (E. Q. Qurbonov), “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” (Sh. M. Mirzayev)da narx belgilash va idoraviy nazorat masalalariga doir ishlarning tashkil etilishi qoniqarsiz deb topilsin.
Narx belgilash sohasida jiddiy buzilishlarga yo‘l qo‘yilganligi uchun Qishloq xo‘jaligi vaziri N. Q. Qayumovga va “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni raisi Sh. M. Mirzayevga hayfsan berilsin, “O‘zkooptayyorlovsavdo” boshqaruvi raisi E. Q. Qurbonov qattiq ogohlantirilsin, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni raisining o‘rinbosari A. D. Ibrohimov va “O‘zkooptayyorlovsavdo” boshqaruvi raisining o‘rinbosari T. K. Umarbekovga qattiq hayfsan berilsin.
3. Yuqorida qayd etilgan kamchiliklar va nuqsonlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zkooptayyorlovsavdo” va “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” tomonidan ko‘rib chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin, Qishloq xo‘jaligi vazirining buyrug‘i, “O‘zkooptayyorlovsavdo” boshqaruvining qarori hamda “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni raisining buyrug‘i bilan “O‘zparrandasanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasi raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari V. I. Kim, G‘ijduvon parrandachilik fabrikasining direktori I. H. Hakimov, “Niyozbotir” ijarachi fabrikasining xo‘jaligi raisi G‘. Xuriboyev, G‘allaorol konserva zavodining direktori B. Botirov, G‘azalkent konserva zavodining direktori A. D. Tojiboyev, Peshku tuman mahsulot tayyorlash va kooperativ savdo birlashmasi raisi R. Asfarov, G‘uzor tuman mahsulot tayyorlash va kooperativ savdo birlashmasi raisi G‘. Po‘latov ishdan olingan. Mazkur idoralarning to‘rt nafar mas’ul mansabdor shaxslariga qattiq hayfsan va o‘n bir nafar mas’ul mansabdor shaxslariga hayfsan berilgan.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining e’tibori o‘z hududlarida joylashgan tayyorlash, qayta ishlash va savdo tashkilotlarida narx belgilash qoidalari buzilganligiga qaratilsin.
Dehqonchilik sanoati majmui tarmoqlaridagi iqtisodiy ishlarda talabchanlik bo‘shashtirib yuborilganligi, shuningdek, shartnomaviy (erkin) narxlar shakllanishi va qo‘llanishi ustidan tegishli nazorat ta’minlanmaganligi uchun Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari hokimlarining o‘rinbosarlari M. O. Olimov, S.Q. Xusenov, A. Soatov, R. N. Nasimov, A. A. Rahimboyevlar ogohlantirilsin.
5. Respublika vazirliklari, idoralari, konsernlari, uyushmalari va korporatsiyalari rahbarlarining e’tibori yetishtiriladigan va sotiladigan mahsulotlarga korxonalar va tashkilotlar tomonidan shartnomaviy (erkin) narxlar to‘g‘ri shakllantirilishi va qo‘llanilishi lozimligiga qaratilsin, narxlarni buyruq bilan belgilash hollariga yo‘l qo‘yilmasin.
Xodimlarning umumiy soni doirasida markaziy apparatlar tarkibida narx belgilash masalalari bilan shug‘ullanuvchi tarkibiy bo‘linmalar tuzilsin, ular malakali mutaxassislar bilan mustahkamlansin, iqtisodiy ishlar va xodimlarga bozor munosabatlarini amalga oshirish qoidalarini o‘rgatish sifati oshirilsin.
6. Mazkur qaror hamda tekshirish o‘tkazgan idoralarning axboroti matbuotda e’lon qilinsin, televideniye va radio orqali eshittirilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. H Jo‘rabekov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 10-dekabr,
594-son