Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
GAZLI —- NUKUS MAGISTRAL GAZ QUVURI QURILIShINI JADALLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 1993-yil 3-avgustdagi 389-son qarorida nazarda tutilgan Gazli—Nukus magistral gaz quvuri qurilishini jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasining Gazli—Nukus gaz quvuri qurilishini amalga oshirayotgan “Oʻzbekneftgazqurilish” davlat-aksionerlik birlashmasiga subpudratchi sifatida Rossiya Federatsiyasining “Zangas” davlat birlashmasi va “ZNGS—Prometey” aksionerlik jamiyatini (Moskva shahri) jalb etish hamda ular bilan birgalikda qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Bosh vazirning oʻrinbosari B. S. Hamidov, Moliya vazirligi (Boqiboyev), Markaziy bank (Mullajonov) Gazli—Nukus gaz quvuri qurilishi davrida jalb etilgan tashkilotlarning subhisob-kitob schyotlari ochilishini taʼminlasinlar hamda davlat kreditini qayta taqsimlash hisobiga “Oʻzbekneftgazqurilish” birlashmasiga Gazli—Nukus gaz quvuri qurilishi uchun Rossiya Federatsiyasidan qurilish texnikasini keltirish uchun haq toʻlashga 1 mlrd soʻm ajratsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (Abdugʻaniyev) Oʻzbekiston Respublikasiga qurilish texnikasi, materiallar, asbob-uskunalar toʻsiqsiz va boj toʻlamasdan keltirilishini hamda qurilish tugallangandan keyin vaqtincha keltirilgan asbob-uskunalar va qurilish texnikasining olib ketilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi (Giniyatullin), “Oʻzsuvqurilish” konserni (Rakitin) Gazli—Nukus magistral gaz quvuri qurilishi trassasida tuproq ishlarining “Oʻzbekneftgaz-qurilish” davlat-aksionerlik birlashmasi bilan kelishilgan hajmlarda va muddatlarda bajarilishini taʼminlasinlar.
5. “Oʻzbektransqurilish” davlat uyushmasi (Omelnitskiy) Urganch va Nukus shaharlari chegarasida gaz quvurini Amudaryodan oʻtkazish inshooti qurilishini “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasi bilan kelishilgan jadvalga muvofiq amalga oshirsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi Rossiya Federatsiyasidan kelayotgan qurilish tashkilotlariga joylashish, binolar, uy-joy, oziq-ovqat bilan taʼminlashda yordam koʻrsatsinlar.
7. “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasi bir oy muddatda bu tashkilotlarni respublikada neft va gaz sanoatini rivojlantirishning istiqbolli rejalarini roʻyobga chiqarish uchun jalb etish dasturini ishlab chiqsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari Q. J. Haqqulov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 4-noyabr,
532-son