Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHQI ALOQALARI SOHASIDA KADRLAR TAYYORLASHNI, ULARNI QAYTA TAYYORLASHNI VA ATTESTATSIYADAN OʻTKAZISHNI TAKOMILLASHTIRISHGA OID CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekistonning tashqi siyosiy faoliyati koʻlamining va faolligining oʻsib borayotganligini, uning xalqaro obroʻ-eʼtibori ortayotganligini va turli mamlakatlar, nufuzli xalqaro siyosiy va iqtisodiy tashkilotlar bilan har tomonlama aloqalarning chuqurlashayotganligini eʼtiborga olib, shuningdek, xalqaro ahvol boʻyicha mutaxassislarni jadallik bilan tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni attestatsiyadan oʻtkazish zaruriyatidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
bir oy muddatda tashqi siyosiy faoliyat sohasida mutaxassislarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularni attestatsiyadan oʻtkazishni takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsin;
3 oy muddatda turli davlat tuzilmalarida xalqaro faoliyatni amalga oshirish uchun kadrlar zaxirasini toʻldirishni taʼminlasin;
bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Tashqi ishlar vazirligining yangi tuzilmasini va Nizomini tasdiqlash uchun taqdim etsin, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining hamda uning chet ellardagi muassasalari ishining samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qaror loyihasini koʻrib chiqish uchun kiritsin;
bir oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kompyuter orqali test usulidan foydalangan holda shartnoma asosida ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi tizimida kadrlarni davriy attestatsiyadan oʻtkazish va rotatsiyalash (almashtirish) toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin;
ikki oy muddatda zamonaviy kompyuter texnikasidan foydalangan holda maxsus test dasturlari asosida Tashqi ishlar vazirligi xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazsin va ularning natijalariga koʻra kontrakt asosida yangi mehnat shartnomasi tuzsin. Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga xodimlarning lavozim maoshlariga yuksak malakasi, chet tillarni bilishi va kompyuter texnikasi bilan ishlash malakasiga ega boʻlganligi uchun belgilangan ish haqi fondi doirasida maxsus ustamalar belgilashga ruxsat etilsin;
xalqaro ahvol boʻyicha mutaxassislar tayyorlashda va qayta tayyorlashda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tahliliy ishlarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining, boshqa oʻquv yurtlarining va ilmiy-tadqiqot institutlarining maʼnaviy imkoniyatlaridan faol foydalansin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik kurslarni bitiruvchilarni taqsimlash va ulardan oqilona foydalanish ishlariga rahbarlikni amalga oshirsin;
(1-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro ahvol boʻyicha mutaxassis-kadrlar tayyorlashdagi har yilgi ehtiyojni aniqlasin va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida zarur miqdordagi mutaxassislarni oʻqitish uchun davlat buyurtmalari bersin;
xalqaro ahvol boʻyicha mutaxassis-kadrlar tayyorlash sohasidagi jahon andazalari asosida, shuningdek, ularga boʻlgan ehtiyojlarni hamda Oʻzbekiston Respublikasining tashqi aloqalari istiqbollarini hisobga olib Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidagi taʼlim saviyasi va sifatiga qoʻyiladigan talablarni belgilasin;
chet ellardagi oʻquv va ilmiy markazlar, xalqaro iqtisodiy va siyosiy tashkilotlar hamda muassasalarda Tashqi ishlar vazirligining, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining yosh, istiqbolli mutaxassislarining 1993-1994 oʻquv yilida 15 nafari, 1994-1995 oʻquv yilida 30 nafarining amaliy ish tajribasini oshirishini taʼminlasin. Ularning asosiy eʼtibori chet mamlakatlarning tashqi iqtisodiy idoralari ish tajribalarini oʻrganishga, xalqaro shartnoma tuzish tajribasiga, protokol va konsullik xizmatlari faoliyatiga qaratilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligining buyurtmanomalariga koʻra zarur boʻlgan mablagʻlar, shu jumladan, xalqaro ahvol boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga maqsadli valyuta mablagʻlari ajratsin.
2. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bir oy muddatda jahon tajribasi va tashqi siyosiy faoliyatning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimida lavozimlarni egallash uchun zamonaviy kompyuter texnikasidan foydalanib maxsus testlar va malakali test oʻtkazish uslubiyatini ishlab chiqsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatiga rahbarlik qilish uchun shaxsiy masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri S. Saidqosimov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 11-avgust,
405-son