O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OLTIN QAZIB OLISh SANOATI KORXONALARINI KIMYoVIY REAGENTLAR BILAN TA’MINLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni korxonalarini texnologik ehtiyojlar uchun kimyoviy reagentlar bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konsernining 1993—1995-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ionli almashinuvchan AM-2B markali smolani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasida tsianli natriyni ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yishni va uning quvvatini yiliga 4,8 ming tonnadan 7 ming tonnaga yetkazish hamda 500 tonna poli-akrilamid ishlab chiqaradigan qurilmani barpo etish bo‘yicha takliflariga rozilik berilsin. “Navoiyazot” birlashmasi xo‘jalik yo‘li bilan ushbu obyektlarda qurilish-montaj ishlari bajarilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Markaziy bankiga 1993—1995-yillarda barpo etiladigan obyektlarda foydalaniladigan asbob-uskunalarni, ehtiyot qismlar va materiallarni respublika tashqarisidan sotib olish uchun “Navoiyazot” birlashmasiga zarur bo‘lgan 500 mln so‘m miqdoridagi kredit resurslarini foydadan yiliga 5 foizli to‘lov bilan kreditni obyektlar ishga tushirilgandan keyin uch yil mobaynida to‘lagan holda “O‘zsanoatqurilishbank”ka berish tavsiya etilsin.
“O‘zsanoatqurilishbank” ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni bajarganlik uchun hamda asbob-uskunalar va materiallarni sotib olishga ketgan sarflar to‘lovlarini, istisno tariqasida, haqiqatda qilingan sarflar bo‘yicha amalga oshirsin.
2. “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasiga birlashma ehtiyojlari uchun qoldiriladigan mahsulotlar hajmlari hisobidan 1993-yilda jahon bozorida 15 ming tonna ammiakli selitrani, 5 ming tonna ammoniy sulfatni, 1 ming tonna nitron tolasini hamda 2 ming tonna sirka kislotasini sotishga, olingan mablag‘larni ilg‘or texnologiyalarni va zamonaviy asbob-uskunalarni sotib olishga yo‘naltirishga ruxsat etilsin.
3. O‘zbekiston shartnomalar va savdo bo‘yicha davlat-aksionerlik uyushmasi hamda respublikaning boshqa ta’minot-sotish tashkilotlari “Navoiyazot” birlashmasiga ko‘rsatib o‘tilgan obyektlar qurilishi uchun ajratilgan kapital mablag‘lap hajmi doirasida birkitilgan nomenklatura bo‘yicha kvotalangan mahsulot ajratishni amalga oshirsinlar, shuningdek, shartnomaviy asosda mahsulot yetkazib beruvchilar bilan xo‘jalik aloqalarini o‘rnatishda ko‘maklashsinlar.
4. “O‘zdavkimyo” konserni (o‘rtoq Mirxo‘jayev) 1993-yilning IV choragida 500 tonna poliakrilamid hamda 1995-yilning IV choragida 7 ming tonna tsianli natriy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni ta’minlasin.
5. Sianli natriy ishlab chiqarishni 15 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha quvvatlarni ishga tushirish va 2 ming tonna tiomochevina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun O‘zbekiston Davlat kimyo konserni va “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni uch oy muddatda quyidagilarni amalga oshirsinlar:
sinil kislotasi va tsian tuzlari ishlab chiqarish sexining texnikaviy-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni ta’minlash, qurilish uchun joy tanlash va mablag‘ bilan ta’minlash manbalarini belgilash;
tiomochevina ishlab chiqarish quvvatlarini qurish to‘g‘risida takliflar tayyorlash.
6. Sanoat asosida ishlab chiqarishni loyihalash uchun dastlabki ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasi tajriba qurilmasida rodanli ammoniydan tiomochevina olish texnologiyasini o‘zlashtirish ishlarini davom ettirsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari o‘rtoq A. N. Voznenko zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 9-iyul.,
342-son