Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 31-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 9-iyulda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 9-iyulda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtidorli yoshlar va mutaxassislarning xorijdagi nufuzli taʼlim tashkilotlarida, ilmiy va boshqa tashkilotlarda taʼlim olishini tashkil etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek zargarlik sanoatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga, tashqi savdoni erkinlashtirishga va norma ijodkorligi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan stipendiatlar uchun sarflangan oʻqitish xarajatlarini undirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlarini huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlarini qayta koʻrib chiqish zaruriyati mavjud.
Bundan tashqari yarim tayyor zargarlik buyumlarini realizatsiya qilish bilan bogʻliq jarayonlarni takomillashtirish, eksportga doir qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish, shuningdek huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsir etmaydigan yoki oʻz ahamiyatini yoʻqotgan va harakatsiz normalarni “tartibga solish gilotinasi” usuli orqali bekor qilish yoʻli bilan qonunchilik bazasini ixchamlashtirish talab etilmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiat uchun sarflagan oʻqitish xarajatlarini undirish yuzasidan sudlarga kiritgan daʼvolari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishini, shuningdek “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlari qisqartirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilishga doir ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinishini nazarda tutuvchi, shuningdek qimmatbaho metallardan yasalgan yarim tayyor zargarlik buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasi olinishini belgilovchi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilmoqda.
Bundan tashqari bugungi kunga qadar amalda boʻlib kelgan, biroq amaliy ahamiyatini yoʻqotgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilmoqda.
Ushbu Qonun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan sarflangan mablagʻlarni oʻz vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga qaytarish mexanizmlarini, shuningdek norma ijodkorligi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlashga, bunday mahsulotlarning eksport hajmini oshirishga va qonunchilik bazasini ixchamlashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda; 2024-yil, № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819, 823, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076, 1079-moddalar, № 11, 1191-modda, № 12, 1279, 1280, 1285-moddalar; 2025-yil, № 1, 4, 6-moddalar, № 2, 188, 189, 195, 197-moddalar, № 4, 519, 520-moddalar, № 5, 648-modda, № 7, 828-modda, № 8, 968, 971-moddalar, № 10, 1153-modda, № 11, 1237-modda, № 12, 1322, 1328-moddalar; 2026-yil, № 1, 2, 4-moddalar, № 2, 132-modda) 8-moddasining birinchi qismi quyidagi mazmundagi 48-band bilan toʻldirilsin:
“48) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi — shartnoma shartlarini bajarmagan stipendiatni xorijda oʻqitish boʻyicha xarajatlarni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-682-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 288-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda, № 8, 788-modda, № 10, 983-modda; 2023-yil, № 8, 629-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 109-modda, № 9, 955-modda, № 10, 1075, 1076-moddalar; 2025-yil, № 4, 516-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 24-modda:
uchinchi qismi “kam boʻlmasligi kerak” degan soʻzlardan keyin “bundan ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari loyihalarining jamoatchilik muhokamasi muddati ular portalda joylashtirilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kam boʻlmasligi kerak. Bunda, agar buyruqlar va qarorlar loyihalari yuzasidan dastlabki besh kun ichida fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar kelib tushmasa, vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatni huquqiy ekspertizadan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga belgilangan tartibda kiritishi mumkin”;
toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlari tegishincha beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlar deb hisoblansin;
2) 28-moddaning:
ikkinchi qismidagi “oʻttiz” degan soʻz “yigirma” degan soʻz bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi “oʻn besh” degan soʻzlar “oʻn” degan soʻz bilan almashtirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-701-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-moddalar; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819-modda, № 9, 957, 958-moddalar; 2025-yil, № 1, 3, 6-moddalar, № 2, 189, 197-moddalar, № 3, 376-modda, № 4, 519, 520, 521-moddalar, № 5, 644, 645-moddalar, № 10, 1155-modda, № 11, 1237-modda, № 12, 1322-modda; 2026-yil, № 1, 2, 4-moddalar, № 2, 133-modda) quyidagi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 2-ilova:
22-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 128-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“ | |||
128. | Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumning yarim tayyor zargarlik buyumiga mansubligi toʻgʻrisida xulosa | Qimmatbaho metallardan yasalgan yarim tayyor zargarlik buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqish. | Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi |
”; |
2) 4-ilova II boʻlimining 22-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
4-modda. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1990-yil 31-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida xalq deputatlarining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 155-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1990-yil, № 31 — 33, 374-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 15-fevralda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini kuchga kiritish tartibi haqida”gi 206-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 4, 85-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Ekologik huquqbuzarlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 440-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 2, 85-modda);
4) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga konstitutsiyaviy maqom berish haqida”gi 530-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 4, 181-modda);
5) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 629-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 10, 396-modda);
6) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida Xalq deputatlarining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi 635-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 341-modda);
7) Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 7-mayda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar hamda qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 858-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 6, 242-modda);
8) Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-mayda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 1082-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 5, 158-modda);
9) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 67-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 4, 115-modda);
10) Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 118-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda) II boʻlimi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 9-aprelda qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-87-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 160-modda);
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 7-aprelda qabul qilingan “Bojxona imtiyozlarining qoʻllanilish tartibini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-143-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 4, 179-modda);
13) Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Soliq va budjet siyosatining 2013-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi, shuningdek soliq hisobotini taqdim etish davriyligi qisqartirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-343-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 334-modda).
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
7-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-noyabr,
OʻRQ-1190-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2026-y., 03/26/1190/1130-son)