O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘QUV YuRTLARI KUTUBXONALARI VA OMMAVIY KUTUBXONALARNI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASINING YaNGI NAShRI BILAN TA’MINLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika yoshlarining huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining norma va qoidalarini mamlakatimiz fuqarolari tomonidan chuqur o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (R. Shog‘ulomov) ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi XI sessiyasida Asosiy qonunga kiritilgan tuzatishlar va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi matnini 250,0 ming nusxada (200,0 ming nusxa — o‘zbek tilida, 50,0 ming nusxa — rus tilida) nashr etsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘quv yurtlari kutubxonalari, Madaniyat ishlari vazirligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining ommaviy kutubxonalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi nashri nusxalari bilan ilovaga* muvofiq bepul ta’minlansin.
* Ilova berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (M. Nurmurodov) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ko‘rsatib o‘tilgan kutubxonalarga tekin berish uchun mo‘ljallangan yangi nashrini bosib chiqarish uchun O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining rezerv fondidan 8698842 so‘m miqdorida mablag‘ ajratsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (R. Jo‘rayev), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (S. G‘ulomov), Madaniyat ishlari vazirligi (B. Qurbonov) hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi (D. Jahongirova) mazkur qarorda ko‘rsatib o‘tilgan kutubxonalarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi nashri belgilangan nusxalarda o‘z vaqtida berilishini ta’minlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 5-avgust,
342-son