OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY SUDINiNG
QARORI
“Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi — raislik qiluvchi M. Abdusalomov, sudyalar K. Kamilov, J. Balkibayeva, K. Davletova, R. Ismaylov, A. Raximov va A. Raxmanovdan iborat tarkibda, Sh. Majidov kotibligida, taraf vakillari — Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori oʻrinbosari M. Tillaboyev, boʻlim boshligʻi O. Norboyev ishtirokida, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi murojaati boʻyicha ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Konstitutsiyaviy sud sudya A. Raximovning maʼruzasini, taraflar — Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakillarining tushuntirishlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari va boshqa ishtirokchilarning fikrlarini eshitib, ish materiallarini oʻrganib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi (bundan buyon matnda — Milliy markaz) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilib, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini koʻra, advokat shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida faoliyat bilan shugʻullanishi mumkinligini, biroq mazkur normada advokatning tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlarida shartnomaviy-huquqiy asosda yuridik xizmat xodimi sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutilmaganligi, ularning Konstitutsiyada belgilangan yuridik yordam olishga boʻlgan huquqlari buzilayotganligini bayon etgan va “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqligini aniqlashni soʻragan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasiga asosan Milliy markaz Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Konstitutsiyaviy sud mazkur masalani oʻrganib chiqib, ish materiallarini tahlil qilib, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqligini aniqlash lozim, degan xulosaga keldi.
“Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga koʻra, advokat: ilmiy va pedagogik faoliyat; Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat; patent vakili va mediator sifatidagi faoliyat; shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyat; hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatidagi faoliyat; sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyat (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish boʻyicha advokatlik faoliyati uchun litsenziya olgan advokatlar uchun)dan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga haqli emas.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 16-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish yuzasidan qabul qilinadi. Birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid boʻlishi mumkin emasligini alohida taʼkidlaydi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi (29-moddasining birinchi qismi), Oʻzbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanishi (65-moddasining ikkinchi qismi) belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 141-moddasiga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam koʻrsatish uchun advokatura faoliyat koʻrsatadi, advokaturani tashkil etish hamda uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
“Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 1-moddasiga koʻra, advokatura — huquqiy institut boʻlib, u advokatlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar hamda xususiy advokatlik amaliyoti bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslarning mustaqil, koʻngilli, kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga oladi. Advokatura Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yuridik yordam koʻrsatadi.
Mazkur Qonunning 5-moddasiga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam koʻrsatish maqsadida advokat: huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonunchilik yuzasidan ogʻzaki va yozma maʼlumotnomalar beradi; huquqiy xususiyatdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzadi; fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi; jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv, dastlabki tergov bosqichida va sudda himoyachi, jabrlanuvchining vakili, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etadi; tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat koʻrsatadi.
Shuningdek, ushbu Qonunning 6-moddasiga asosan advokat tegishli masalalarni hal etishga vakolatli boʻlgan barcha organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning topshirigʻiga muvofiq ularning manfaatlarini ifoda etish va huquqlarini himoya qilish huquqiga ega.
“Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 91-moddasiga muvofiq, advokatlik faoliyati advokat va ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) oʻrtasida tuziladigan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi. Yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi bitim (shartnoma) ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) bilan advokat oʻrtasida ishonch bildiruvchi shaxsning (himoya ostidagi shaxsning) oʻziga yoki u tayinlagan shaxsga yuridik yordam koʻrsatish uchun oddiy yozma shaklda tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomadan iboratdir.
Binobarin, advokatning shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati boshqa tadbirkorlik subyektlariga, jismoniy va yuridik shaxslarga, nodavlat notijorat tashkilotlariga yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi bitim (shartnoma) asosida advokatlik xizmati koʻrsatishini, yaʼni ularning malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlarini cheklamaydi.
Shuningdek, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini matni mazmunidan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida faoliyat yurituvchi advokat mazkur tashkilotning xodimi yoki davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanmasligini tushunish lozim. Shu maʼnoda Qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi koʻrib chiqilayotgan bandi advokatning boshqa mulk shakliga asoslangan tuzilmalar bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar tuzishga monelik qilmaydi.
Bundan koʻrinadiki, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisiga asosan advokatning shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi (29-modda) va barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanishi (65-modda) toʻgʻrisidagi normalariga mos keladi.
Koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha sud majlisida ishtirok etgan tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillarining fikrlariga koʻra, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqdir.
Konstitutsiyaviy sud majlisida ishtirok etgan Adliya vazirligi vakilining fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasidagi har kimga malakali yuridik yordam olish huquqining kafolatlari “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida mustahkamlangan.
Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlanayotgan Qonunning 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisida advokatning shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida faoliyat yuritishi mumkinligi qayd etilgan. Bunda, advokatning asosiy kasbiy faoliyati hisoblangan advokatlik faoliyati bilan birga shartnomaviy-huquqiy asosda yuridik xizmat faoliyatiga jalb etilishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Qonunning 91-moddasi birinchi qismiga muvofiq, advokatlik faoliyati advokat va ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) oʻrtasida tuziladigan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi. Shunga koʻra, advokatning shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlariga yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida advokatlik xizmati koʻrsatish faoliyatini cheklamaydi.
Advokatlar palatasining fikricha, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisidagi norma advokatlar tomonidan advokatlik faoliyati doirasida fuqarolarga va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar yuridik shaxslarga, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlariga shartnomaviy asosda malakali yuridik yordam koʻrsatilishini inkor etmaydi. Advokatlar tomonidan shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, hech qanday cheklovlarsiz malakali yuridik yordam koʻrsatilmoqda. Mazkur normani huquqni qoʻllash amaliyotida biror-bir jismoniy yoki yuridik shaxsning huquqlari amalda buzilganligi maʼlum emas.
Milliy markaz murojaatida “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasining oltinchi qismida belgilangan advokatning davlat xizmatida turishi mumkin emasligi haqidagi vaj keltirilgan. Vaholanki, Qonunning ushbu normasi advokatga davlat tashkilotlarida shtat birliklarida belgilangan lavozimda faoliyat yuritishni taqiqlaydi.
Eʼtibor qaratish lozimki, davlat xizmati deganda faqat davlat fuqarolik xizmatidagi faoliyatni tushunmaslik kerak. Chunki “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmati — davlat xizmatining bir turi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlashga doir haq toʻlanadigan kasbiy faoliyat hisoblanadi. Bunda asosiy jihat davlat fuqarolik xizmati — bu davlat xizmatining alohida turlaridan biri ekanligidir. Davlat xizmati deganda davlat tashkiloti maqomidagi barcha yuridik shaxslardagi, shu jumladan, davlat muassasalaridagi faoliyat tushuniladi. “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasining oltinchi qismida advokatning bunday tashkilotlardagi shtat birliklarida faoliyat yuritishiga taqiq qoʻyilgan.
Yuqoridagilardan koʻrinadiki, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisida belgilangan advokatning shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati advokatning davlat xizmatida turishi tarzida talqin etilmasligi kerak.
Chunki advokat davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyatini mehnat shartnomasi asosida emas, balki shartnomaviy-huquqiy asosda olib borishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 103-moddasiga asosan mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi taraflarning oʻzaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv boʻlib, unga muvofiq xodim ish beruvchining manfaatini koʻzlab, ushbu kelishuvda belgilangan mehnat vazifasini uning rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish, ichki mehnat qoidalariga rioya etish, ish beruvchi esa xodimga shartlashilgan mehnat vazifasi boʻyicha ish berish, xodimga ish haqini oʻz vaqtida hamda toʻliq miqdorda toʻlash, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va ushbu kelishuvda nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflari hisoblanadi.
Mehnat kodeksining 11-moddasiga koʻra, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlarni bajarayotgan (xizmatlar koʻrsatayotgan) shaxslarga tatbiq etilmaydi.
“Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasining oltinchi qismida qoʻyilgan taqiq ushbu Qonunning 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisida belgilangan normaga taalluqli emas. Chunki advokat davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida shartnomaviy-huquqiy asosda jalb etiladi. Bunda ish beruvchi va advokat oʻrtasida mehnat munosabatlari yuzaga kelmaydi. Bunday munosabatlar faqat fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega boʻlgan shartnoma asosida kelib chiqadi. Taraflar oʻrtasida mehnat shartnomasi tuzilmaydi. Binobarin, yollangan shaxs xodim maqomiga ega boʻlmaydi.
Konstitutsiyaviy sud koʻrsatib oʻtilgan holatlarni inobatga olib, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq degan xulosaga keladi.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 133-moddasi birinchi qismining 1-bandiga, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 4-moddasi birinchi qismi 1-bandi, 69, 72 va 82-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
1. “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiq deb topilsin.
2. Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasi, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
3. Mazkur qaror qatʼiy, uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas va u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2026-yil 12-iyun,
KSQ-4-son