OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMOYISHI
Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, Birlashgan Arab Amirliklari tajribasi asosida yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish, ularning mutolaa savodxonligini oshirish va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish maqsadida qaror qilaman:
1. 2026-yildan boshlab har yili umumtaʼlim maktablarida tahsil olayotgan yoshlarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishga qaratilgan milliy kitobxonlik harakati (keyingi oʻrinlarda — Dastur)ni oʻtkazib borish amaliyoti joriy qilinsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) jamiyatda kitobxonlikni ommalashtirish hamda maktablardagi oʻquvchi yoshlarning kitobga qiziqishini tizimli kuchaytirib borish;
(b) respublikaning olis hududlarida aholining kitobxonlik darajasi va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
(v) kutubxonalar va taʼlim dargohlarini badiiy, kasbiy va sohaviy adabiyotlar bilan taʼminlash va aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatilishini jadallashtirish;
(g) yoshlarning tanqidiy va kreativ fikrlashini rivojlantirish hamda kitobxonlikka qiziqishini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish.
2. Belgilansinki:
(a) Dastur har yili umummilliy tanlov shaklida 3 bosqichda amalga oshiriladi.
Bunda dastlabki bosqich “kitobxonlikharakati.uz” elektron platformasida (keyingi oʻrinlarda — platforma) roʻyxatdan oʻtgan holda onlayn, ikkinchi va uchinchi bosqichlar esa bevosita ishtirok etish formatida viloyat va respublika darajasida oʻtkaziladi;
(b) Dasturda ishtirokchilar 3 ta yosh toifasida ishtirok etib, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda saralanadi hamda yuqori sinf toifalari (6 — 8-sinf, 9 — 11-sinf) boʻyicha gʻolib va sovrindorlar pul mukofoti va sertifikatlar bilan taqdirlanadi. Bunda:
(i) birinchi oʻrinni egallagan jami ikki nafar gʻolibning har biri 50 ming AQSH dollari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va diplom bilan;
(ii) ikkinchi oʻrinni egallagan jami ikki nafar sovrindorning har biri 30 ming AQSH dollari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va diplom bilan;
(iii) uchinchi oʻrinni egallagan jami ikki nafar sovrindorning har biri 15 ming AQSH dollari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va diplom bilan;
(iv) beshta qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlarning har biri 10 ming AQSH dollari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi.
(v) Dastur doirasida barcha oʻquvchi-yoshlarning ishtirokini taʼminlash va ularga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika bolalar kutubxonasi hamda barcha axborot-kutubxona markazlari va maktab kutubxonalari zarur oʻquv resurslari bilan taʼminlanadi;
(g) Dasturni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga rivojlanish dasturlari uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
3. Yoshlar ishlari agentligi:
(a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda milliy kitobxonlik harakatini tashkil etish va oʻtkazish jarayonlarini tartibga solish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda tanlovni oʻtkazish, ishtirokchilarni baholash va saralash, shuningdek, gʻoliblarni mukofotlash va ragʻbatlantirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilsin;
(b) bir oy muddatda platformani sinov tarzida ishga tushirsin hamda platformada ishtirokchilarning roʻyxatdan oʻtishi va ularning ishtiroki tizimli tashkil etilishini taʼminlasin, shuningdek, tizimda elektron va audiokitoblardan foydalanish uchun sharoitlarni yaratsin;
(v) Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” DM bilan birgalikda uch oy muddatda ishlab chiqilgan platformani belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
(g) keng aholi qamrovini oshirish maqsadida Dastur boʻyicha axborot kampaniyasini ishga tushirsin va mahallalar kesimida targʻibot ishlarini olib borsin;
(d) Dasturni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
(j) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda tanlovning baholash jarayonlariga adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar va taʼlim sohasi vakillaridan iborat mustaqil ekspertlik komissiyalarini tashkil etsin.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
(a) ikki hafta muddatda dastur doirasida tanlangan kitoblarning roʻyxatini ishlab chiqsin;
(b) Dasturda oʻquvchi va oʻqituvchilarning faol ishtirokini taʼminlasin hamda ularning viloyat va respublika bosqichlarida ishtiroki uchun zarur sharoitlarni yaratib borsin;
(v) mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Dasturning hududiy bosqichlarini samarali oʻtkazilishini tashkil etsin;
(g) yil yakuniga qadar respublikadagi maktab kutubxonalarini badiiy adabiyotlarning mavjud holatini oʻrganish maqsadida inventarizatsiyadan oʻtkazsin va ularni zarur adabiyotlar bilan taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Dastur doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida, jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminlasin.
6. Mazkur farmoyish ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari I.T. Siradjev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 22-may,
F-33-son