OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMOYISHI
Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish sohasida Birlashgan Arab Amirliklarining ilgʻor tajribasini joriy etish, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini yagona mezonlar asosida baholash tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi ikki tomonlama kelishuvlar doirasida “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirish yuzasidan oʻzaro kelishuvga erishilgani;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan birgalikda Birlashgan Arab Amirliklari tajribasi asosida ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini baholash metodikasini ishlab chiqqanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
(a) Agentlik va Boshqaruv samaradorligi agentligi Dasturni amalga oshirish uchun masʼul organlar hisoblanadi;
(b) 2026-yildan boshlab har ikki yilda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari (vazirlik, qoʻmita, agentlik va inspeksiyalar)ning faoliyati samaradorligini Dastur asosida baholash tizimi joriy etiladi;
(v) Dasturda ishtirok etuvchi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda mukofot nominatsiyalari roʻyxatlari Agentlik va Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan tasdiqlanadi;
(g) Agentlik Birlashgan Arab Amirliklari ekspertlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi faoliyatini tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi hamda Dastur yuzasidan yakuniy hisobotni tayyorlaydi.
3. Boshqaruv samaradorligi agentligi va Agentlik:
(a) bir hafta muddatda Dasturni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni hamda Dastur gʻoliblarini taqdirlash tartibini tasdiqlasin;
(b) Dastur bandlarining bajarilishini tashkil etish, Dasturning yakuniy hisobotlari va tavsiyalari asosida ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirsin;
(v) barcha nominatsiyalar gʻoliblarining ilgʻor tajribasi Dastur doirasida ishtirok etgan qolgan davlat organlari faoliyatiga keng joriy etilishini taʼminlasin.
4. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari birinchi rahbarlari zimmasiga Dasturni amalga oshirish doirasida belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi hamda ilgʻor tajribalarni oʻz faoliyatiga joriy etish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Mazkur farmoyish ijrosi uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 22-may,
F-32-son