O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OLMALIQ KON-METALLURGIYA KOMBINATINI AKSIYADORLAShTIRIShGA OID QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aksiyadorlashtirish jarayonini samarali tashkil etish va rangli hamda qimmatbaho metallar qazib olish va ularni qayta ishlash ishlab chiqarishini boshqarishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini quyidagi ulushlarda dastlabki joylashtirish nazarda tutilsin:
51 foiz — davlat ulushi;
46,5 foiz —tender asosida xorijiy investorlarga sotiladigan ulush;
2,5 foiz — mehnat jamoasi a’zolari ulushi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatini tashkil etishga oid dastlabki hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
3. Tender komissiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining aksiyalashtiriladigan mol-mulkini baholash, sotiladigan aksiyalar narxini belgilash va tayyorlangan tender hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish uchun “Atlantik Galf Assoshieytes” (AQSh), “Independent Mayning Konsaltants. Ink” (AQSh) va “Patton Boggs” (AQSh) kompaniyalari guruhini jalb etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi:
ishlarning bajarilishiga qarab ko‘rsatilgan xizmatlarga uch bosqichda haq to‘lashni nazarda tutgan holda ishlarni bajarish uchun “Atlantik Galf Assoshieytes” (AQSh), “Independent Mayning Konsaltants. Ink” (AQSh) va “Patton Boggs” (AQSh) kompaniyalari guruhi bilan 10 kun muddatda kontrakt tuzsin;
kontrakt imzolangan kundan boshlab ikki oy muddatda kompaniyalar guruhining “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining aksiyalashtiriladigan mol-mulkini baholash, sotiladigan aksiyalar narxini belgilash va tayyorlangan tender hujjatlari ekspertizasi yuzasidan ish natijalariga oid materiallarni tender komissiyasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
8. Vazirlar Mahkamasining “Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini aksionerlik jamiyatiga aylantirish to‘g‘risida” 1997-yil 10-fevraldagi 71-son qarorining 3, 4-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 15-iyun,
251-son