Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chirchiq shahrida qarovsiz hayvonlarni tutish va saqlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Qarovsiz hayvonlarni tutish, parvarishlar va saqlash sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, ushbu jarayonda jamoatchilikning faol yordamidan foydalanish, ushbu hayvonlarga nisbatan insonparvar munosabatda boʻlish prinsiplarini keng targʻib etish, hududlarda barcha sharoitlarga ega yangi tipdagi pitomniklarni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Chirchiq shahridagi “Maʼrifat” MFY hududida qarovsiz qolgan hayvonlarni saqlash pitomnigi tashkil etilgani;
2024-yildan boshlab qarovsiz qolgan hayvonlarni saqlash pitomnigi tashqi boshqaruvga berilgani;
qarovsiz qolgan hayvonlarni saqlash pitomnigida asosan koʻngilli ishchilar (volontyorlar) mehnat qilayotgani va doimiy ravishda 600 tadan 1 000 tagacha hayvonlar saqlanayotgani;
bugungi kunda tashqi boshqaruvchining moliyaviy holati barqaror emasligi, homiylik mablagʻlari esa davriyligi sababli pitomnikni saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent viloyati hokimligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining:
Chirchiq shahridagi “Maʼrifat” MFY hududida joylashgan qarovsiz qolgan hayvonlarni saqlash pitomnigi negizida zamonaviy yondashuvlar asosida 4 ming bosh qarovsiz qolgan hayvonlarni saqlash uchun moʻljallangan yangi pitomnikni (keyingi oʻrinlarda — pitomnik) qurish va jihozlash;
pitomnikni loyihalashtirish, qurish va jihozlash ishlari boʻyicha buyurtmachi funksiyasini Chirchiq shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasiga yuklash;
pitomnik hududida veterinariya punktlari, karantin zonalari va izolyatsiya xonalarini tashkil etish;
Chirchiq shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasining Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — hayvonlarni tutish boʻlimi) shtat birliklarini amaldagi 2 nafardan 15 nafargacha oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Hayvonlarni tutish boʻlimiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:
pitomnik faoliyatini yagona boshqaruv tizimi asosida tashkil etish, qarovsiz hayvonlarni tutish, tashish, vaqtincha saqlash hamda ularga veterinariya xizmatlarini koʻrsatish;
jismoniy va yuridik shaxslarning uy hayvonlarini parvarishlash, sterilizatsiya, vaksinatsiya qilish hamda ularni chiplash boʻyicha pulli xizmatlarni koʻrsatish;
pitomnik faoliyatini raqamlashtirish, hayvonlarni hisobga olishning yagona elektron reyestrini yuritish, har bir hayvonga identifikatsiya vositalarini joriy etish;
qarovsiz hayvonlar sonini qisqartirish (krematoriy, sterilizatsiya, kostratsiya va boshqalar) boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish;
nodavlat notijorat tashkilotlari, volontyorlar va xayriya jamgʻarmalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xayriya mablagʻlari va grantlarni jalb etish;
pitomnikning moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlash, daromad va xarajatlarning shaffof hisobini yuritish, pitomnikni bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish.
4. Belgilansinki, quyidagi xarajatlar:
2026-yilda pitomnikni qurish, jihozlash, uning atrofini obodonlashtirish, faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek, hayvonlarni tutish boʻlimiga ajratilgan qoʻshimcha 13 shtat birliklarini saqlash — Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan;
hayvonlarni tutish boʻlimi uchun 2 ta maxsus avtotransport vositalari, kiyim-kechak va zarur tutish anjomlarini xarid qilish — Chirchiq shahri mahalliy budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda pitomnikni qurish, jihozlash, uning atrofini obodonlashtirish, faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek, hayvonlarni tutish boʻlimiga ajratilgan qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan Chirchiq shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasiga 8 milliard soʻm ajratsin.
Toshkent viloyati hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2027-yildan boshlab pitomnikning faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek, hayvonlarni tutish boʻlimiga ajratilgan qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash uchun zarur mablagʻlar Chirchiq shahri mahalliy budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
6. Chirchiq shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qurilish sohasida texnik nazorat qiluvchi malakali mutaxassislarni (konsultantlarni) toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida vaqtinchalik jalb qilishga ruxsat berilsin.
7. Toshkent viloyati hokimligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan birgalikda:
2026-yil 1-noyabrga qadar pitomnikni qurish, jihozlash va uning atrofini obodonlashtirish choralarini koʻrsin. Bunda pitomnik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida uning hududida zootovarlar doʻkoni, veterinariya dorixonasi va oʻquv maydonchalarini tashkil etsin;
pitomnik faoliyatini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritsin hamda hayvonlarni asrab olish madaniyatini targʻib qilsin;
2028-yil yakuniga qadar pitomnikda pulli xizmatlar turlarini koʻpaytirish orqali uni bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Toshkent viloyati hokimi Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-may,
265-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/265/0526-son)