Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq qaror qilaman:
1. 2025-yil 28-oktabr kuni Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Serbiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida taʼlim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Madaniyat vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilgani hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar toʻgʻrisida Serbiya tomoniga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-aprel,
PQ-160-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2026-y., 07/26/160/0434-son)