Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq qaror qilaman:
1. 2025-yil 26-avgust kuni Samarqand shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiya tuzish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ushbu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida Iordaniya tomoniga tegishli bildirishnoma yoʻllasin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-aprel,
PQ-152-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2026-y., 07/26/152/0400-son)