O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 431 hamda 432-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 12-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 31-oktabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2025-yil 31-oktabrda ma’qullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari bo‘yicha qarzdorliklarni soddalashtirilgan tartibda undirish ko‘lamini kengaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta va (yoki) videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlikni, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi 258-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 169-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 8, 367-modda, № 12, 598-modda; 2008-yil, № 4, 184, 187-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda; 2010-yil, № 9, 337, 340-moddalar; 2012-yil, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 7, 389-modda, № 8, 469-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar; 2022-yil, № 4, 337-modda, № 6, 570-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 8, 827-modda, № 10, 1073-modda; 2025-yil, № 4, 522-modda, № 6, 729-modda) quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin:
1) 431-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi qarzdor jismoniy shaxslardan ma’muriy jarimalarni, soliq qarzini, davlat bojini, pochta va (yoki) videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlikni, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga nisbatan tatbiq etiladi, bundan jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish to‘g‘risidagi va darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlari mustasno”;
2) 432-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida qayd etilgan majburiy ijro etish chorasi videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlikni, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga nisbatan qo‘llanilmaydi”;
ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha uchinchi va to‘rtinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-aprel,
O‘RQ-1134-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 03/26/1134/0389-son)