O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish, muddatli harbiy xizmatchilarning jamiyatda mustahkam o‘rin egallashiga har tomonlama ko‘maklashish hamda ularning kasb o‘rganish va ta’lim olishga bo‘lgan qiziqish hamda intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:
I. Muddatli harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga beriladigan imtiyoz va kafolatlar
1. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari (keyingi o‘rinlarda — Qurolli Kuchlar) safiga muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqirilgan fuqarolar uchun quyidagi imtiyoz va kafolatlar beriladi:
(a) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
(i) muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga (keyingi o‘rinlarda — askarlar) xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining masofaviy ta’lim shakliga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kirish imtihonlarida ishtirok etish va natijasiga ko‘ra o‘qishga kirishga ruxsat beriladi. Bunda oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi;
(ii) muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan askarlar oliy ta’lim tashkilotlarining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlarida o‘qigan talabalarga tenglashtiriladi va o‘qishni tamomlagandan so‘ng ularga belgilangan tartibda “zaxiradagi leytenant” harbiy unvoni beriladi;
(iii) muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan, respublika va xalqaro sport musobaqalarida yoki fan olimpiadalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan askarlar orasidan 100 nafari tanlov asosida saralanib, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga dastlabki saralash va maxsus kasbiy tanlov natijalariga ko‘ra test sinovlarisiz yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz belgilangan yillik kvota doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga qabul qilinadi.
Bunda tanlov asosida saralab olinadigan 100 nafar askarlar tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida ular tarkibida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning umumiy soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi hamda o‘zlari muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan (o‘tagan) vazirlik va idoralar tarkibidagi hamda ular uchun ofitserlarni tayyorlovchi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi;
(iv) muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida Olimpiya va Osiyo o‘yinlari dasturlariga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika hamda xalqaro musobaqalarda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan askarlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga (mos yo‘nalishlarga) kirish sinovlarisiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
(v) askarlarning qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, harbiy qismlar (muassasalar)da (keyingi o‘rinlarda — harbiy qism) kasbga o‘qitish bo‘yicha guruhlar shakllantiriladi hamda askarlarni kamida bitta kasbga o‘qitish bo‘yicha olti oygacha bo‘lgan muddatda o‘quv kurslari tashkil etiladi. Bunda o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan askarlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi;
(vi) muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda xizmatdan bo‘shatilgan yilda oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati xarajatlari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
(vii) muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va xususiy sektorda faoliyat yuritish istagini bildirgan yoshlarga kasb-hunarga o‘qish xarajatlari vaucher asosida belgilangan tartibda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
(viii) muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga kredit foizi xarajatlari qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladi;
(b) 2027-yil 1-apreldan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2026-yil may oyidan boshlab askarlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali ularning orasidan kasb egallash va oliy ta’lim tashkilotiga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar aniqlanadi;
(b) askarlarni kasbga o‘qitishni samarali tashkil etish maqsadida harbiy qismlarga yaqin hududdagi texnikumlarga ushbu harbiy qismlar biriktiriladi. Bunda askarlarni kasbga o‘qitishga texnikumlarning pedagog kadrlari jalb qilinadi;
(v) 2026-yil 1-maydan boshlab askarlarni kasbga o‘qitishga jalb etilgan pedagoglarga mashg‘ulotlarni o‘tkazganlik uchun soatbay asosida ish haqi to‘lanadi;
(g) askarlarga oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari umumiy tartibda, har yil O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qarori asosida belgilanadigan muddatlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
II. Tashkiliy mexanizmlar
3. Mudofaa vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) bir oy muddatda askarlar kasbga o‘qitish kurslarida o‘qitiladigan kasblar ro‘yxatini tasdiqlasin;
(b) ikki oy muddatda belgilangan kasblarning o‘quv dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
(v) 2026-yil 1-maydan boshlab askarlarni ular tanlagan kasblar bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘ysin;
(g) askarlarga oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish choralarini ko‘rsin.
4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar buyurtmalari asosida kasbga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan askarlarga davlat namunasidagi sertifikat berilishini ta’minlasin.
5. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2026-yil 1-maydan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarni, shuningdek, askarlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
6. Yoshlar ishlari agentligi 2026-yil 1-iyuldan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati xarajatlarini “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab berish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
(a) bir oy muddatda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar buyurtmalari asosida harbiy qismlarni askarlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha zarur bo‘lgan moddiy-texnik baza bilan;
(b) askarlarni kasbga o‘qitish davrida talab qilinadigan jihozlar, xomashyo va materiallar yetkazib berilishini ta’minlasin.
8. Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar askarlarning keyinchalik doimiy bandligini ta’minlash maqsadida muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida kasbga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini yakunlab, davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan askarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni harbiy xizmat tugashidan kamida bir oy oldin Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Migratsiya agentligiga taqdim etib borsin.
9. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi muddatli harbiy xizmatni tamomlagan hamda davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning doimiy bandligini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
10. Migratsiya agentligi muddatli harbiy xizmatni tamomlagan hamda davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida ularni xususiy bandlik agentliklari orqali xorijiy ish beruvchilarning bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha tanlovlariga jalb qilish choralarini ko‘rsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda o‘qishning birinchi yili uchun Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim krediti ajratilishini;
(b) muddatli harbiy xizmatni tamomlagandan so‘ng bir yil mobaynida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga tadbirkorlikni boshlash uchun tijorat banklarining milliy valyutada Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan oshmagan stavkada ajratiladigan kreditlarining 5 mlrd so‘mgacha qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, biroq 6 foizdan oshmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berilishini ta’minlasin.
Bunda ushbu kompensatsiya kichik tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingi va hudud toifasidan qat’i nazar, uch yil muddatga “2+1” tamoyili asosida dastlabki ikki yilga taqdim etiladi, tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilishdan tushgan yillik tushum avvalgi yilning mos davriga nisbatan 15 foiz va undan ortiq miqdordan oshgan taqdirda, uchinchi yil davomida har oyda to‘lab boriladi.
12. Mudofaa vazirligi ikki oy muddatda:
(a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(b) Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq askarlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan qoplab berish tartibini nazarda tutuvchi idoraviy normativ hujjat ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-aprel,
PQ-134-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2026-y., 07/26/134/0325-son)