Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Joriy logistika va yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar sharoitida mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida keskin tebranishlarning oldini olish, ichki isteʼmol bozorida mol va qoʻy goʻshti narxlari barqarorligini saqlash hamda toʻliq zanjirda goʻsht mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish uchun vaqtinchalik, shaffof va teng shartlarda qoʻllanadigan choralarni joriy etish maqsadida qaror qilaman:
I. Yangi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining goʻsht mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlashga qaratilgan quyidagi yoʻnalishlarda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
(a) 2026-yil 1-apreldan 2026-yil 1-avgustga qadar tadbirkorlik subyektlariga mol va qoʻy goʻshtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir kilogramm goʻsht uchun 0,8 AQSH dollaridan oshmagan miqdorda;
Keyingi tahrirga qarang.
(b) 2026-yil 1-apreldan 2026-yil 31-dekabrga qadar xorijiy davlatlardan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10 foizi, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 million soʻmdan oshmagan miqdorda.
2. Belgilansinki, mazkur qarorga muvofiq subsidiyalar Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.
II. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorga muvofiq subsidiyalar bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Agrar sohada toʻlovlar agentligining hisob-kitoblariga asosan joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining 2026-yil xarajatlaridan maqbullashtirish belgilangan mablagʻlar hisobidan bosqichma-bosqich 300 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratsin.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Agrar sohada toʻlovlar agentligi bilan birgalikda bir hafta muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) subsidiyalarni ajratish tartiblarini;
(b) qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni.
5. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev hamda qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov belgilansin.
6. Qaror ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-aprel,
PQ-130-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2026-y., 07/26/130/0322-son; 06.08.2026-y., 07/26/293/0822-son)