Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq qaror qilaman:
1. 2025-yil 17-noyabrda Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga (Toshkent shahri, 2013-yil 25-noyabr) qoʻshimcha kiritish haqidagi bayonnoma tasdiqlansin.
2. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida Turkmaniston tomoniga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-aprel,
PQ-126-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2026-y., 07/26/126/0321-son)