Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi tomonidan
Vazir oʻrinbosari
E.F. GADOYEV
1999-yil 27-iyul, 60-son
“TASDIQLANGAN”
“Ekspert ishidan foydalanish”
Oʻzbekiston Respublikasi Auditning milliy standarti 16-sonli AMS
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 3-sentabrda roʻyxatidan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 816]
Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 10-iyundagi 296-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasida qilgan maʼruzasida bayon etilgan asosiy qoidalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
2. Ekspert — auditorlik tashkiloti shtatida turmaydigan, buxgalteriya hisobi va auditdan farq qiluvchi sohalarda yetarlicha bilim, tajriba va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassisdir.
STANDARTNING MAQSADI VA VAZIFALARI
3. Standartning maqsadi auditorlik tashkilotining auditorlik tekshiruviga ekspertni jalb etish va uning ish natijalaridan foydalanishga doir harakatlarini belgilash hisoblanadi.
4. Standartning vazifalari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
4.1. Ekspertni tayinlash tartibini tavsiflash.
4.2. Ekspert ishi natijalarini rasmiylashtirishga doir talablarning mohiyatini aniqlash.
4.3. Ekspert ishi natijalaridan foydalanish tartibini tavsiflash.
AMAL QILISh SOHASI
5. Mazkur standart talablari rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni koʻzda tutadigan auditni amalga oshirish chogʻida barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi, bundan tavsiya tusiga ekanligi bevosita koʻrsatilgan qoidalar mustasno.
6. Mazkur standart talablari, natijalari boʻyicha rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni koʻzda tutmaydigan auditni oʻtkazish chogʻida, shuningdek, auditga turdosh xizmatlarni (konsalting xizmatlarni) koʻrsatish chogʻida tavsiyaviy xususiyatga ega boʻladi. Aniq topshiriqni bajarish chogʻida mazkur standartning majburiy talablaridan chetga chiqilgan hollarda auditorlik tashkiloti bu haqda oʻzining ish hujjatlarida va auditga va (yoki) unga turdosh boʻlgan xizmatlarga buyurtma bergan xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariyatiga topshiradigan yozma hisobotida albatta koʻrsatishi kerak.
EKSPERTNI TAYINLASh
7. Ekspert sifatida auditorlik tashkiloti yuridik shaxs hisoblangan maxsus ixtisoslashtirilgan tashkilot ishidan foydalanishi mumkin*.
* Bundan buyon ekspertlar-jismoniy shaxslar va ekspertlar-yuridik shaxslar “ekspertlar” deb ataladi, ular uchun turli tartiblar belgilangan holatlardan tashqari.
8. Audit oʻtkazayotganda auditorlik tashkiloti baholovchi, muhandis, geolog, texnolog va boshqa ekspert ishidan foydalanishi mumkin.
9. Audit oʻtkazayotgan auditorlik tashkiloti ekspert ishidan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorni tadqiq qilinishi lozim boʻlgan sharoitlar xususiyatidan va murakkabligidan, ularning muhimlilik darajasidan, shuningdek boshqa auditorlik tartib-taomillarning ushbu sharoitlarga nisbatan maqsadga muvofiqligi, mumkinligi va ishonchliligidan kelib chiqib qabul qiladi.
10. Auditorlik tashkiloti auditni oʻtkazish chogʻida ishidan foydalanadigan ekspert quyidagilarga ega boʻlishi shart:
10.1. Tegishli hujjatlar (diplom, litsenziya va hokazolar) bilan tasdiqlangan tegishli malakaga.
10.2. Auditorlik tashkiloti xulosasini olishni koʻzda tutayotgan sohada tegishli taqrizlar, tavsiyalar, maʼlumotnomalar va hokazolar bilan tasdiqlangan tegishli tajriba va obroʻga ega boʻlishi.
11. Auditorlik tashkiloti auditni oʻtkazish chogʻida ekspert ishidan quyidagi hollarda foydalanmasligi kerak:
11.1. Agar ekspert-jismoniy shaxs, audit oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy yoki ustun turuvchi taʼsischisi yoxud rahbari boʻlsa yoki koʻrsatilgan shaxslar bilan yaqin qarindosh yoxud quda-anda boʻlsa yoki unga nisbatan auditorlik tashkiloti audit oʻtkazayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning boshqa mansabdor shaxsi yoxud shtatdagi xodimi boʻlsa.
11.2. Agar ekspert-yuridik shaxs audit oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy yoki ustun turuvchi taʼsischisi (ishtirokchisi), kreditori, sugʻurtalovchisi boʻlsa yoxud xoʻjalik yurituvchi subyekt ekspert-yuridik shaxsning asosiy yoki ustun turuvchi taʼsischisi (ishtirokchisi) boʻlsa.
Agar ekspert tayinlanganidan keyin yuqorida koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelsa yoki maʼlum boʻlib qolsa, auditorlik tashkiloti ekspert xulosasining obyektivligi tasdigʻini taʼminlaydigan qoʻshimcha auditorlik tartib-taomillarini amalga oshirishi yoki boshqa ekspertni tayinlashi kerak.
13. Ekspert xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida umum qabul qilingan shartlardan tashqari quyidagilar koʻzda tutilishi kerak:
13.1. Ishning maqsadi va hajmi.
13.2. Aniq savollar tavsifi.
13.3. Agar talab etilsa, xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan ekspertning oʻzaro munosabatlari tavsifi.
13.4. Xoʻjalik yurituvchi subyekt axborotining maxfiyligi.
13.5. Ekspert oʻz ishida qoʻllash niyatida boʻlgan taxminlar va usullar haqidagi hamda ularning auditorlik tashkiloti ekspert ishidan foydalangan oldingi davrlardagi taxminlar va usullarga muvofiqligi xususidami maʼlumotlar.
13.6. Ekspert xulosasining shakli va mazmuni.
EKSPERT IShI NATIJALARINI RASMIYLAShTIRISh
14. Ekspert oʻz ishi natijalarini yozma shakldagi xulosa (hisobot, hisob-kitob va hokazolar) koʻrinishida taqdim etadi.
15. Ekspert xulosasi yetarli darajada toʻla va batafsil boʻlishi kerak, toki u bilan tanishgan tajribali auditor yoki boshqa ekspert, ekspert tomonidan oʻtkazilgan ish toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlsin. Xususan, ekspert xulosasida quyidagilar aks ettirilishi kerak:
15.1. Audit qilishda ekspert oʻz ishini bajargan xoʻjalik yurituvchi subyektning nomi.
15.2. Oʻtkazilgan ish obyekti va ekspertning javobgarlik chegarasi.
15.3. Qoʻllangan ish usullari, shu jumladan, ularning avvalgi davrlarda foydalanilgan usullarga muvofiqligi.
15.4. Oʻtkazilgan ish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday hal etilmagan muhim shubhalar.
15.5. Oʻtkazilgan ishlar natijalari.
16. Ekspert xulosasi uch qismdan: kirish, tadqiq qilish va xulosa qismlaridan iborat boʻlishi kerak.
17. Ekspert xulosasiga kiritilgan maʼlumotlar ochiq va shunday tarzda ifodalanishi kerakki, ularning mazmuni va shakli aniq koʻrinib tursin hamda turli sharhlashning imkoniyati boʻlmasin.
18. Ekspert xulosasi auditorlik tashkiloti bilan kelishilgan tartibda qogʻoz, mashina yoki boshqa vositalarda, ulardagi maʼlumotlarning auditorlik tashkiloti ish hujjatlarini arxivda saqlashning belgilangan muddat davomida saqlanishini taʼminlaydigan holda tayyorlanishi shart.
19. Ekspert xulosasida quyidagi majburiy rekvizitlar boʻlishi shart:
19.1. Hujjatning nomi.
19.2. Hujjat sanasi.
19.3. Ekspertning imzosi va uning rasshifrovkasi.
Ekspert-yuridik shaxs xulosasi uning muhri bilan tasdiqlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Ekspert oʻz xulosasini kamida ikki nusxada tayyorlaydi, ulardan biri auditorlik tashkiloti audit oʻtkazayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektiga, ikkinchisi auditorlik tashkilotiga taqdim etiladi.
EKSPERT IShI NATIJALARIDAN FOYDALANISh
21. Ekspert ishi natijalari auditorlik tashkiloti tomonidan quyidagilarga nisbatan koʻrib chiqilishi kerak:
21.1. Ekspert xulosasi asoslanadigan axborotlar.
21.2. Ekspert tomonidan oʻz xulosasini tayyorlashda foydalanilgan taxminlar va usullar, shu jumladan, ularning oldingi davrlarda foydalanilgan taxminlar va usullarga muvofiqligi.
21.3. Oʻtkazilgan auditning umumiy natijalari.
22. Agar auditorlik tashkiloti tomonidan ekspert ishi natijalari koʻrib chiqilayotganda ekspert xulosasi bilan xoʻjalik yurituvchi subyekt axboroti (hujjatlari) oʻrtasida jiddiy nomuvofiqliklar aniqlansa yoxud auditorlik tashkiloti ekspert ishi natijalari asoslanmagan deb hisoblasa, auditorlik tashkiloti ekspert xulosasining asoslanganligini tekshirishni taʼminlaydigan qoʻshimcha auditorlik tartib-taomillarini bajarishi yoki boshqa ekspertni tayinlashi kerak.
23. Ekspert xulosasi auditorlik tashkilotining ish hujjatlariga kiritilishi kerak.
24. Agar istisno tariqasida ekspert ogʻzaki tushuntirishlar bersa, bunday tushuntirishlarni auditorlik tashkiloti oʻzining ish hujjatlarida aks ettirishi shart.
25. Auditorlik xulosasida auditni oʻtkazishda auditorlik tashkiloti ekspert ishi va ekspert xulosasidan foydalangani toʻgʻrisida koʻrsatmalar boʻlmasligi lozim.
26. Ekspert xulosasini olish imkoniyati boʻlmasa, bironta tekshirilgan holatlarni baholashda ekspert jiddiy ishonchsizlikka duch kelsa, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan ekspert yoki auditorlik tashkiloti bilan ekspert oʻrtasida hal etilmagan kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan hollarda auditorlik tashkiloti oʻtkazilgan audit natijalari boʻyicha, shubhasiz, ijobiy xulosadan farq qiladigan auditorlik xulosasini tayyorlash masalasini koʻrib chiqishi mumkin.
27. Audit oʻtkazish chogʻida ekspert ishidan foydalanish, shu jumladan, bunday ishga auditorlik xulosasining asoslanishi auditorlik xulosasini tayyorlagan auditorlik tashkiloti zimmasidan xulosa uchun javobgarlikni soqit qilmaydi.
KUChGA KIRISh SANASI
28. Mazkur Auditning milliy standarti 2000-yilning 1-yanvaridan kuchga kiritiladi.