O‘zbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi tomonidan
Vazir o‘rinbosari
E.F. GADOYEV
1999-yil 4-avgust, 63-son
“TASDIQLANGAN”
“MUHIMLIK VA AUDITORLIK TAVAKKALChILIGI”
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI AUDIT MILLIY STANDARTI
9-SON aMS
9-SON aMS
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 3-sentabrda 813-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur standart O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Umumiy qoidalar
1. Mazkur standart O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 10-iyundagi 296-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasida qilgan ma’ruzasida bayon etilgan asosiy qoidalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
Standartning maqsadi va vazifalari
2. Mazkur standartning maqsadi xo‘jalik yurituvchi subyektni auditdan o‘tkazish davomida yuzaga keladigan, auditdagi muhimlilik darajasini baholash masalalari bo‘yicha auditorlik tashkilotining harakatlarini belgilash hisoblanadi.
3. Standartning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
3.1. Auditda muhimlilik darajasi tushunchasini aniqlash va uni hisoblash tartibi.
3.2. Auditda risk tushunchasini va uning asosiy tarkibiy qismlarini aniqlash.
3.3. Auditorlik tashkilotlari ushbu tushunchalarni auditni amalga oshirish davomida foydalanib, rioya qilishlari shart bo‘lgan yagona talablarni shakllantirish.
Amal qilish sohasi
4. Mazkur standartning talablari rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni nazarda tutadigan auditni amalga oshirish paytida barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi, bundan ular tavsiya tusida ekanligi bevosita ko‘rsatilgan qoidalar mustasno.
5. Mazkur standart talablari, tekshiruv natijalari asosida rasmiy auditorlik xulosasi tayyorlashni ko‘zda tutmaydigan auditning amalga oshirilishida, shuningdek, auditga turdosh xizmatlar (konsalting xizmatlari) ko‘rsatilishida tavsiyaviy tusga ega bo‘ladi. Aniq topshiriqni bajarish chog‘ida mazkur standartning majburiy talablaridan chetga chiqilgan hollarda auditorlik tashkiloti buni o‘zining ish hujjatlarida hamda audit va (yoki) unga turdosh xizmatlarga buyurtma bergan xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbariyatiga beriladigan yozma hisobotda majburiy tartibda ko‘rsatib o‘tishi lozim.
Muhimlilik tushunchasi
6. Auditda xo‘jalik yurituvchi subyekt moliyaviy hisobotining ishonchliligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan holatlar muhim holatlar deb tan olinadi.
7. Barcha muhim munosabatlarda moliyaviy hisobotning ishonchliligi deganda, moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlari aniqligining shunday bir darajasi tushuniladiki, bunda ushbu hisobotdan malakali foydalanuvchi bu asosida to‘g‘ri xulosalar chiqarishga va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga qodir bo‘ladi. Axborotning muhimliligi — bu uning xususiyati bo‘lib, u mazkur axborotdan oqilona foydalanuvchining qarorlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
8. Muhimlilik darajasi deganda, moliyaviy hisobot buzilishining chegaraviy belgisi tushuniladi, undan boshlab ushbu hisobotning malakali foydalanuvchisi uning asosida to‘g‘ri xulosalar chiqarish va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lmay qoladi.
9. Muhimlilik darajasining mutlaq ahamiyatini aniqlaganda, auditor xo‘jalik yurituvchi subyektning audit qilinadigan hisobotining ishonchliligini tavsiflaydigan eng muhim ko‘rsatkichlarni asos sifatida qabul qilishi kerak, bundan keyin ular moliyaviy hisobotning bazaviy ko‘rsatkichlari deb nomlanadigan xisobotni ishonchligini tavsiflaydigan eng muxim ko‘rsatkichlarni asos sifatida qabul qilishi kerak.
10. Auditor quyidagi holatlarda muhimlilikni ko‘rib chiqishi kerak:
auditorlik tartib-taomillarining tabiati, vaqti va batafsilligini belgilashda;
buzilishlar ta’sirini baholashda.
Auditorlik riski tushunchasi
11. Auditorlik riski — auditorlik tekshiruvi yakunlari bo‘yicha auditor tomonidan subyektiv ravishda aniqlanadigan, moliyaviy hisobotning ishonchliligi tasdiqlanganidan keyin aniqlanmagan muhim buzilishlar bo‘lishi mumkinligini e’tirof etish yoki aslida bunday buzilishlar moliyaviy hisobotda bo‘lmasada, unda muhim buzilishlar mavjud bo‘lishi mumkinligini e’tirof etish ehtimolligidir.
12. Auditorlik riski o‘z ichiga ikkita tarkibiy qismni oladi:
12.1. Ajralmas risk;
12.2. Nazorat riski;
12.3. Moliyaviy hisobotdagi xatolar va buzilishlarni aniqlamaslik riski.
13. Auditor auditni o‘tkazish paytida auditorlik riskini oqilona eng kam darajagacha pasaytirish uchun zaruriy choralarni ko‘rishi kerak.
Ajralmas risk
14. Ajralmas risk balans yoki operatsiyalar toifasining moddiy xaraktyerga ega bo‘lgan buzilishlarga moyilligidan iboratdir. Ajralmas riskka buxgalteriya balansi yoki operatsiyalar toifasining xarakteri ta’sir ko‘rsatadi.
15. Ajralmas riskni baholash auditorning mijoz faoliyati xususiyatlarini, uning tashkiliy tuzilishini va korxonani boshqarish tavsifnomalarini bilishiga asoslanadi.
16. Auditning umumiy rejasini tayyorlashda, auditor o‘z kasbiy malakasidan foydalanib, balans moddalari va moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlariga nisbatan ajralmas riskni baholashi kerak.
17. Ajralmas riskni baholashda auditor o‘tgan yillar auditi materiallaridan foydalanishi mumkin, bunda u ana shu baholangan riskning tekshirilayotgan yil uchun ham to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishi kerak.
18. Ajralmas riskka quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkin:
18.1. Oddiy hisob-kitoblarga qaraganda murakkab hisob-kitoblarda moddiy jihatdan buzib ko‘rsatish ehtimolining darajasi katta bo‘ladi.
18.2. Naqd pullar o‘g‘irlanishga moyil bo‘ladi.
18.3. Nisbatan barqaror haqiqiy ma’lumotlardan iborat bo‘lgan schyotlarga qaraganda smeta taxminlaridan kelib chiqadigan summalardan iborat bo‘lgan schyotlar riskning yuqori darajasini yuzaga keltiradi.
18.4. Texnologik yutuqlar zaxiralarning sezilarli oshishiga sabab bo‘lib, har qanday muayyan mahsulotni eskirgan mahsulotga aylantirishi mumkin.
18.5. Inqiroz holatidagi tarmoqda bo‘lgan va biznesda ko‘pgina muvaffaqiyatsizliklarga uchragan hamda yetarli darajadagi oborot kapitali ega bo‘lmagan mijozning kompaniya rahbariyati moliyaviy hisobotni buzib ko‘rsatishga moyilligi bo‘ladi.
Nazorat riski
19. Nazorat riski xo‘jalik yurituvchi subyektda mavjud bo‘lgan va muntazam ravishda qo‘llanadigan buxgalteriya hisobi tizimi va ichki nazorat tizimi vositalari alohida olingan yoki umumiy holatda jiddiy buzilishlarni o‘z vaqtida aniqlamasligi va ularni tuzatmasligi va (yoki) bunday buzilishlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilaolmaslik ehtimolini ifodalaydi.
20. Nazorat riski xo‘jalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi tizimi va ichki nazorat tizimining ishonchlilik darajasini tavsiflaydi.
21. Auditor o‘z kasb malakasidan foydalanib, audit davomida xo‘jalik yurituvchi subyektning nazorat tizimini, nazorat muhitini va alohida nazorat vositalarini baholashi shart.
22. Nazorat vositalari riskini baholash uchun auditor nazorat vositalarini test sinovidan o‘tkazishi kerak.
23. Nazorat vositalarini test sinovidan o‘tkazish quyidagilardan iborat:
23.1. Moliya-xo‘jalik operatsiyalarini o‘tkazishni aks ettiradigan hujjatlarni tekshirish va shu munosabat bilan auditorlik dalillarini olish nazorat vositalarining yetarli tarzda faoliyat ko‘rsatganligini aniqlash.
23.2. To‘g‘ridan-to‘g‘ri hujjatlar bilan tasdig‘ini olish imkoni bo‘lmagan hollarda, nazorat vositalarining faoliyat ko‘rsatishiga oid auditorlik dalillarini olish maqsadida operatsiyalarni rasmiylashtirish ustidan kuzatuvlar va so‘rovnomalar o‘tkazish.
23.3. Nazorat vositalarining ish qobiliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish uchun boshqa auditorlik tartib-taomillarining natijalaridan foydalanish.
24. Nazorat riskini baholashda auditor, o‘tgan yillar auditining materiallaridan foydalanishi mumkin,
bunda u ana shu tegishli nazorat vositalari uchun o‘tgan yillarda baholangan riskning tekshirilayotgan yil uchun ham to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishi kerak.
25. Nazorat riskini baholash natijalarini auditor auditning umumiy rejasida aks ettirishi kerak.
Aniqlamaslik riski
26. Aniqlamaslik riski auditor tomonidan subyektiv ravishda aniqlanadigan ehtimollik bo‘lib, auditor tekshiruv davomida qo‘llaydigan auditorlik tartib-taomillari buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda haqiqatda mavjud bo‘lgan, alohida olinganda yoki umumiy holatda muhim xaraktyerga ega bo‘lgan xatolar va buzilishlarni aniqlash imkonini bermasligini ifodalaydi.
27. Aniqlamaslik riski auditor ishi sifatining ko‘rsatkichi bo‘lib, auditor malakasiga va o‘tkazilayotgan auditorlik tekshiruvining xususiyatlariga bog‘liqdir.
28. Auditor, ajralmas va nazorat risklarini baholash asosida o‘z ishida yo‘l qo‘yiladigan aniqlamaslik riskini aniqlashi va aniqlamaslik riskini iloji boricha kamaytirishni hisobga olgan holda tegishli auditorlik tartib-taomillarini rejalashtirishi shart.
29. Aniqlamaslik riski bilan ajralmas va nazorat risklarining kombinatsiyalashgan darajasi o‘rtasida teskari aloqa mavjud:
29.1. Agar ajralmas va nazorat risklari yuqori bo‘lsa, u holda auditorlik riskini maqbul darajaga qadar kamaytirish uchun aniqlamaslik riski yetarlicha past bo‘lishi kerak.
29.2. Agar ajralmas va nazorat risklari past bo‘lsa, u holda auditor aniqlamaslik riskini ancha yuqori belgilashi va shu tarzda auditorlik riskini maqbul darajagacha kamaytirishi mumkin.
30. Aniqlamaslik riskini pasaytirish uchun auditor quyidagilarni bajarishi shart:
30.1. Qo‘llanilayotgan auditorlik tartib-taomillarini modifikatsiyalab ularning sonini ko‘paytirishni va (yoki) ularning mohiyatini o‘zgartirishni nazarda tutishi.
30.2. Tekshiruvga sarflanadigan vaqtni ko‘paytirishi.
30.3. Auditorlik tanlovlari hajmlarini oshirishi.
Muhimlilik bilan auditorlik riski o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik
31. Auditni rejalashtirishda auditor qanday harakatlar va operatsiyalar moliyaviy hisobotda muhim buzilishlarga olib kelishini ko‘rib chiqadi. Alohida schyotlar bo‘yicha qoldiqlarga va bitim turlariga nisbatan muhimlilikni auditorlik baholash, auditorga qanday masalalar va qanday moddalarni o‘rganishi, qanday tanlashdan foydalanishi va qanday tahliliy tartib-taomillarni o‘tkazishi bo‘yicha qarorlar qabul qilishiga yordam beradi. Bu hol auditorga umumiy auditorlik riskini maqbul bo‘lgan past darajagacha kamaytirishga yordam beradi.
32. Auditorlik riskining darajasi bilan muhimlilik o‘rtasida teskari aloqa mavjud: muhimlilik darajasi qancha yuqori bo‘lsa, auditorlik riski shuncha past bo‘ladi va aksincha.
33. Agarda auditorlik tartib-taomillari rejalashtirilganidan keyin auditor muhimlilikning maqbul darajasini past deb qaror qabul qilsa, u holda auditorlik riski ko‘tariladi. Auditor buni quyidagi yo‘llar bilan aniqlashi kerak bo‘ladi:
- imkoni bo‘lganda nazoratning chuqurlashtirilgan yoki qo‘shimcha testlarni o‘tkazish yo‘li bilan pasaytirilgan darajani saqlash orqali nazorat riskining baholanayotgan darajasini pasaytirish,;
- mustaqil (asosiy) tartib-taomillar darajasi, vaqti va xarakterini modifikatsiyalash yo‘li bilan aniqlamaslik riskini kamaytirish orqali.
34. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, ajralmas riskning darajasi doimiy bo‘ladi va ular faqat, tekshirishning umumiy rejasini tayyorlash davomida hisobga olinmagan, obyektiv ravishda mavjud faktlar aniqlangan taqdirdagina o‘zgarishi mumkin.
Kuchga kirish sanasi
35. Mazkur Auditning milliy standarti 2000-yilning1-yanvaridan kuchga kiradi.