O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QO‘MITASINING SOLIQ KOLLEJINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-iyundagi 377-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut va soliq texnikumlari faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Soliq ishi mutaxassislarini ixtisosli tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmatini malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Soliq kolledji tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
kollej o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ta’lim muassasasi hisoblanadi;
(1-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
kollejda o‘qish davlat grantlari asosida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi;
kollejda o‘qish muddati 3 yil va 1 yil soliq xizmati organlarida amaliy ishda sinov. 11 yillik umumiy o‘rta ta’limga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun (to‘qqiz yillik umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartlari joriy etilguncha) o‘qish muddati tegishlicha — 2 va 1 yil;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning oltinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori bilan chiqarib tashlangan— O‘R QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq kollejining ma’muriy va o‘qituvchilar tarkibiga Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari tegishli toifalari uchun xizmatni o‘tash shartlari tatbiq etiladi.
(1-bandning yettinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
2. Quyidagilar Soliq kollejining asosiy vazifalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmatining malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish;
ta’lim oluvchilarning kasb-hunar malaka va ko‘nikmalarini chuqur rivojlantirish, ular tomonidan iqtisodiy va huquqiy bilimlar, soliq haqidagi qonunlar, soliq xizmati organlarining nazorat funksiyalarini amalga oshirish uslubiyati chuqur o‘zlashtirilishini ta’minlash;
davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim oluvchilarning intellektual rivojlanishini, amaliy faoliyat ko‘nikmalari va ijodiy qobiliyatlari shakllanishini ta’minlovchi umumta’lim va kasb-hunar dasturlarini amalga oshirish;
O‘zbekiston soliq xizmatining an’analarini mustahkamlash va rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va tarbiyalashda xorijiy ijobiy tajribani o‘rganish va o‘zlashtirish;
abituriyentlarning sifatli kontingentini shakllantirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan doimiy aloqani ta’minlash;
respublika soliq xizmati xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish, davlat soliq xizmati organlari uchun kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Soliq kolleji ma’muriy va o‘qituvchilar tarkibining shtatlar soni qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda kollej to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
1998-yil 1-sentabrdan boshlab kollejda mashg‘ulotlar boshlanishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 1998-yil 1-sentabrgacha kollejga professor-o‘qituvchilar tarkibini tanlab olish va ularni tayyorlash tizimini ishlab chiqsin;
Davlat test markazi bilan birgalikda test sinovlari natijalari bo‘yicha abituriyentlarni belgilangan tartibda 1998/99 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitish uchun belgilangan davlat grantlari doirasida xolisona, sifatli tanlab olsin;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 1998-yil 1-sentabrgacha Soliq kolleji o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlasin, ularni 1998/99 o‘quv yilida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazsin;
darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, didaktik materiallar ishlab chiqish bo‘yicha tanlov asosida mualliflar jamoalarini tashkil etsin.
6. Davlat soliq qo‘mitasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda tajriba sinovi natijalari bo‘yicha 1999-yil 1-avgustgacha:
soliq ishi sohasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat ta’lim standartini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsin, bunda:
bitiruvchilarga malaka talablarini belgilashni;
tayyorlash sifatiga hamda ta’lim va kasb-hunar dasturlarni mazmuniga talablarni belgilashni;
o‘quv fanlarini, ta’lim dasturlarini va maxsus dasturlarni shakllantirishni;
kadrlarni sifatli tayyorlash uchun zarur bo‘lgan o‘quv soatlari hajmlarini belgilashni nazarda tutsin;
o‘quv rejalari va dasturlariga zarur tuzatishlar kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1999-yildan boshlab Soliq kolleji xarajatlariga belgilangan tartibda zarur budjetdan ajratiladigan mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin.
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
1998-yilda kollejning joriy xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnika ta’minoti jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshirilsin.
Belgilansinki, kollej binolari va inshootlari qurilishi, ularni rekonstruksiya qilish va tuzatish ko‘rsatib o‘tilgan jamg‘arma mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi 1998/99 o‘quv yili boshlanishiga qadar kollej binolari va inshootlari tuzatilishini, professor-o‘qituvchilar tarkibi butlanishini, kollej xodimlari va kursantlari uchun zarur moddiy va sanitariya-maishiy shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasin.
9. Soliq kollejini joylashtirish uchun “O‘zbeksavdo” kompaniyasi “O‘zbilimsavdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatning Toshkent shahar, Akmal Ikromov tumani, Sobir Yusupov ko‘chasi, 3-uydagi binosi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi balansiga berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, binoni mukammal tuzatish bo‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan qarzdorlikni hisobga olgan holda, berilayotgan mol-mulk qiymatini “O‘zbilimsavdo” jamiyatiga belgilangan tartibda to‘lasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqib kiritiladigan o‘zgartirishlar to‘g‘risida takliflar tayyorlasinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish o‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 14-iyul,
298-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘R QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘R QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)